Togʻ-kon sanoati va geologiya sohasini nazorat qilish inspeksiyasida 2025-yil davomida korrupsiyaga qarshi kurashish tizimining amal qilish holati haqida UMUMIY HISOBOT
2025-12-30 17:20:00 / Hisobotlar
Togʻ-kon sanoati va geologiya sohasini nazorat qilish inspeksiyasida 2025-yil davomida korrupsiyaga qarshi kurashish tizimining amal qilish holati haqida UMUMIY HISOBOT
1. Inspeksiyaning Korrupsiyaga qarshi chora-tadbirlar dasturi bajarilgani toʻgʻrisida umumiy axborot.
Togʻ-kon sanoati va geologiya sohasini nazorat qilish inspeksiyasining Korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha bosh mutaxassisi tomonidan korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida 2025-yil davomida belgilangan vazifalar doirasida tegishli tadbirlar amalga oshirildi.
Jumladan, hisobot davrida korrupsiyaga qarshi chora-tadbirlar Togʻ-kon sanoati va geologiya sohasini nazorat qilish inspeksiyasining markaziy apparati, 5 ta hududiy boshqarmalari, 3 ta kon-texnika inspeksiyalari hamda harbiylashtirilgan kon-qutqaruv qismida olib borildi. Korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha amalga oshirilgan ishlar Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi, Togʻ-kon va geologiya vazirligi, Hisob palatasining topshiriqlari hamda Inspeksiyaning sohaga oid chora-tadbirlar dasturi, korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha masʼul xodimning ish rejasiga asosan olib borildi. Shuni taʼkidlab oʻtish lozimki Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti rahbarligida joriy yilning 5-mart kuni oʻtkazilgan Korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha Milliy kengashning kengaytirilgan yigʻilishida qoʻyilgan topshiriq va vazifalardan kelib chiqib, Togʻ-kon sanoati va geologiya sohasini nazorat qilish inspeksiyasining Korrupsiyaga qarshi kurashish Dasturi Togʻ- kon sanoati va geologiya vazirligi rahbariyati tomonidan qayta tasdiqlandi. Ushbu dasturda koʻrsatib oʻtilgan vazifalar ijrosi oʻz muddatida, toʻliq va bosqichma-bosqich amalga oshirildi.
2025-yilda Inspeksiyaning Korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi tasdiqlangan chora-tadbirlar dasturidagi barcha reja qilingan vazifalar va topshiriqlarning ijrosi bajarildi.
2. Siyosat va tartib-taomillar
Togʻ-kon sanoati va geologiya sohasini nazorat qilish inspeksiyasida korrupsiyaga qarshi kurashish va uning oldini olishga doir 15 dan ortiq ichki meʼyoriy hujjatlar ishlab chiqilib, tegishli ichki buyruqlar bilan tasdiqlangan. Xususan, Inspeksiyada “Korrupsiyaga qarshi kurashish siyosati”, “Manfaatlar toʻqnashuvini boshqarish” nizomi, “Odob-axloq qoidalari”, “Sovgʻalar olish va berish siyosati”, “Kontragentlarni tekshirishga oid yoʻriqnoma”, “Ichki xizmat tekshiruvlarini oʻtkazish reglamenti” “Korrupsiyaviy xavflarni baholash uslubiyoti” kabi sohani tartibga oluvchi hujjatlar ishlab chiqilib, mazkur hujjatlar talablari amaliyotga tatbiq etilmoqda.
Hisobot davrida, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 28-fevraldagi “Oʻzbekiston Respublikasi Togʻ-kon sanoati va geologiya vazirligi huzuridagi Togʻ-kon sanoati va geologiya sohasini nazorat qilish inspeksiyasi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” gi qaroriga muvofiq, Togʻ-kon sanoati va geologiya sohasini nazorat qilish inspeksiyasi boshligʻining 2025-yil 12-martdagi 55-son buyrugʻiga asosan korrupsiyaga qarshi kurashish sohasiga oid ichki meʼyoriy hujjatlarga oʻzgartirishlar kiritildi.
Inspeksiya boshligʻi tomonidan 24-yanvar 2025-yilda 9-son buyruq bilan tasdiqlangan “Korrupsiyaga oid huquqbuzarlik haqida xabar bergan yoki korrupsiyaga qarshi kurashishga boshqa tarzda koʻmaklashgan shaxslarni ragʻbatlantirish tartibi” qabul qilinib, barcha xodimlar tanishtirildi hamda doimiy ravishda elektron tarzda axborot olish uchun Inspeksiyaning rasmiy-veb saytiga joylashtirildi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 11.05.2022-yildagi “Davlat boshqaruvi sohasida korupsiyaviy xavf-xatarlarni bartaraf etish mexanizmlarini takomillashtirish va ushbu sohada jamoatchilik ishtirokini kengaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 240-son Qarori ijrosini taʼminlash maqsadida 12.03.2025-yilda Inspeksiyaning 54-son buyrugʻi qabul qilindi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Davlat organlari va tashkilotlari faoliyatining ochiqlik darajasini oshirish va baholash tizimini joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” gi 2022-yil 14-iyundagi PF-154-son Farmoni ijrosini taʼminlash maqsadida Inspeksiyaning 56-son buyrugʻi qabul qilinib, Inspeksiya va uning hududiy boshqarmalaridagi Ochiq maʼlumotlar sifatida joylashtirilishi kerak boʻlgan 19 turdagi ijtimoiy ahamiyatga molik maʼlumotlar rasmiy veb saytga joylashtirildi.
Shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 12.01.2022-yildagi “Korrupsiyaga qarshi kurashish ishlarining samaradorligini reyting baholash tizimini joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Qaroriga muvofiq Inspeksiyada korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida amalga oshirilayotgan ishlarni yagona mezon asosida baholash tizimi joriy etilib, mazkur baholash tizimiga 5 ta yoʻnalishda 29 ta maxsus indikatorlar boʻyicha “E-Anticor.uz” elektron platformasiga sohada qilingan ishlar boʻyicha tegishli maʼlumotlar shakllantirilib biriktirildi.
3. Xavf-xatarlarni baholash.
Hisobot davrida, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 11.05.2022-yildagi “Davlat boshqaruvi sohasida korupsiyaviy xavf-xatarlarni bartaraf etish mexanizmlarini takomillashtirish va ushbu sohada jamoatchilik ishtirokini kengaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 240-son Qarori asosida Togʻ-kon sanoati va geologiya sohasini nazorat qilish inspeksiyasida Korrupsiyaviy xavf-xatarlarni baholash ishlari amalga oshirilib, eng yuqori korrupsion xavf-xatarlarga moyil boʻlgan lavozimlar va funksiyalar roʻyxati shakllantirilgan holda ushbu xavflarni minimallashtirish boʻyicha chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqilib tasdiqlandi.
Jumladan, Inspeksiya faoliyatida yuqori korrupsiyaviy xavf-xatarlarga ega boʻlgan 20 ta, xavf-xatari oʻrta boʻlgan 25 ta va korrupsion omillari past boʻlgan 15 ta funksiyalar baholanib, ularni bartaraf etish boʻyicha korrupsiyaviy xavf-xatarlar xaritasi ishlab chiqildi.
Shu bilan birga, ISO 37001:2016 xalqaro standart talablari asosida Inspeksiyada yuqori korrupsion xavf-xatarlarga ega boʻlgan lavozimlar roʻyxati shakllantirilib, xavflarni kamaytirish boʻyicha chora-tadbirlar ishlab chiqilib, amaliyotga tatbiq qilish ishlari olib borilmoqda.
Bundan tashqari, 05.03.2022-yildagi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti raisligida boʻlib oʻtgan Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashining kengaytirilgan yigʻilishida berilgan topshiriqlardan kelib chiqib, Vazirlar Mahkamasining 07.03.2025-yildagi VM 21/25-45-sonli bayonnomasining 10-bandi ijrosini taʼminlash maqsadida Inspeksiyada Korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha olib boriladigan ishlar samaradorligini oshirish yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri huzurida himoya qilish uchun taqdimot materiallari va maʼlumotnoma tayyorlanib, Vazirlar Mahkamasiga yuborildi. Taqdimotda Inspeksiyada korrupsiyaga qarshi kurashish samaradorligini yanada oshirish maqsadida, sohadagi korrupsion omillarni barvaqt aniqlash, ularga qarshi preventiv choralarni qoʻllash hamda yuqori korrupsion xavf-xatarga ega boʻlgan funksiyalarni raqamlashtirish va avtomatlashtirish orqali inson omiliga chek qoʻyish boʻyicha qilinadigan ishlar yoritib berildi. Shuning bilan birga, joriy yilning iyun oyida Inspeksiyaning korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida amalga oshirgan ishlari samaradorligi Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurori oʻrinbosari D.S.Kasimovga taqdimot qilindi. Taqdimotda tashkilotning sohada olib borgan ishlari ijobiy yutuqlari bilan birga uning kamchiliklari va kelgusida qilinishi lozim boʻlgan ishlariga alohida toʻxtalib oʻtildi.
Bundan tashqari, joriy yilning oktyabr oyida Inspeksiyaning maishiy korrupsiyaga qarshi kurashish va uning oldini olish chora-tadbirlari” yuzasidan amalga oshirgan ishlari Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurori N.T.Yoʻldoshev va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining davlat maslahatchisi R.Q.Davletov hamda Oliy majlis palatalarining masʼul xodimlari ishtirokida muhokama qilindi, ular tomonidan sohada illatga qarshi keskin kurashish va murosasizlikni shakllantirish yuzasidan tegishli koʻrsatmalar va topshiriqlar berildi.
Amalga oshiriladigan korrupsiyaga qarshi kurashish tartib-taomillar
4.1. Manfaatlar toʻqnashuvini tartibga solish
Oʻzbekiston Respublikasining “Manfaatlar toʻqnashuvi toʻgʻrisida”gi Qonuni ijrosini taʼminlash maqsadida, joriy yilda 102 nafar xodimlar tomonidan manfaatlar toʻqnashuvi mavjudligi yoki mavjud emasligi xususida deklaratsiyalar toʻldirildi. Mazkur deklaratsiyalar tahlil qilinganda Vazirlikning tizim korxonalarida bevosita oʻzlarining faoliyatlari jarayonida turli yoʻnalishlar boʻyicha tekshiruv obyekti boʻlish ehtimoli yuqori boʻlgan yaqin qarindoshlari ishlab kelayotgan 13 nafar xodimda ehtimoliy manfaatlar toʻqnashuvi aniqlanib, ularning 9 nafarining lavozim majburiyatlari qayta koʻrib chiqilib cheklovlar kiritilishi orqali holatlar bartaraf etildi. Shuningdek, Inspeksiyaning 2 ta xodimi tadbirkorlik subyektlarida taʼsisichi yoki rahbar lavozimlarida ishlayotganligi aniqlanib, ularning Vazirlik tizimosti tashkilotlari bilan hech qanday shartnomaviy munosabatlarga kirishmaganligini inobatga olgan holda, tushuntirish ishlari olib borilib, ushbu xodimlarning oʻz ulushlaridan voz kechishlari, tadbirkorlik subyektining tugatilishi orqali ehtimoliy manfaatlar toʻqnashuvi holatlariga chek qoʻyildi. Koʻrsatib oʻtilgan holatlar Inspeksiyaning Odob-axloq komissiyasida komissiya aʼzolari tomonidan muhokama qilinib, ularni bartaraf etish yuzasidan tashkilot rahbarining 38-son buyrugʻi qabul qilindi. Ehtimoliy manfaatlar toʻqnashuvi holati aniqlangan 13 nafar xodimlar bilan “Korrupsiyaga qarshi kurashish siyosati”, “Manfaatlar toʻqnashuvini boshqarish buyicha Nizom”, “Odob-axloq Kodeksi” talablari buyicha qoʻshimcha tushintirish va profilaktik suhbatlar oʻtkazildi. Inspeksiyaning 1 ta xodimiga nisbatan toʻplangan hujjatlar huquqiy baho berish uchun Toshkent viloyati prokuraturasiga yuborildi.
4.2. Korrupsiyaga qarshi qoidalarni Inspeksiyada tuzilgan shartnomalarga kiritish, kontragentlarni tekshirish.
Hisobot davrida Inspeksiyada jami 98 ta shartnoma tuzilgan boʻlib, barcha shartnomalarga Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 14-sentyabrdagi “Shartnomaviy munosabatlarni tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-6313-son farmoni 3-bandi talablari asosida korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha qoʻshimcha bandlar kiritilishi taʼminlangan. Xususan, hisobot davrida 3,3 mlrd.soʻmlik 98 ta shartnoma imzolangan boʻlib, shundan 45 ta 777,3 mln.soʻmlik shartnomalar toʻgʻridan- toʻgʻri tuzilgan boʻlib, 2,5 mlrd. soʻmlik 53 ta shartnoma elektron doʻkon orqali tuzilgan. 2025-yilning hisobot davrida Inspeksiyada amalga oshirilgan 53 ta shartnomalar boʻyicha kontragentlar tekshirilib, ularning ishonchliligi, moliyaviy barqarorligi, manfaatlar toʻqnashuvi holatlarining mavjudligi yuzasidan oʻrganishlar oʻtkazildi.
4.3. Ishga nomzodlarni tekshirish.
2025-yilning hisobot davrida Togʻ-kon sanoati va geologiya sohasini nazorat qilish inspeksiyasining markaziy apparatiga, hududiy boshqarmalari va kon-texnika inspeksiyalariga jami 18 ta xodim ishga qabul qilingan boʻlib, barcha nomzodlar boʻyicha Inspeksiyada tasdiqlangan “Ishga qabul qilinayotgan nomzodlarni tekshirish boʻyicha yoʻriqnoma” talablari asosida oʻrganishlar oʻtkazildi. Shulardan 13 tasi boshqaruv xodimlari boʻlib, qolgan 5 ta xodim texnik va yordamchi xizmat koʻrsatish xodimlari hisoblanadi. Hisobot davrida jami boʻlib, 36 ta ishga qabul qilinayotgan nomzodlarga nisbatan tekshiruvlar oʻtkazilib, komissiya aʼzolari tomonidan tegishli xulosalar berildi.
Shuning bilan birga, Inspeksiyada faoliyat yuritayotgan 83 nafar xodimlarning mehnat shartnomalariga korrupsiyaga qarshi kurashish bandlari kiritildi hamda ularning lavozim yoʻriqnomalari qayta koʻrib chiqilib korrupsiyaga qarshi kurashish shartlari majburiyat sifatida kiritilishi taʼminlandi.
5. Taʼlim va kommunikatsiya.
Togʻ-kon sanoati va geologiya sohasini nazorat qilish inspeksiyasida korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha tasdiqlangan “Dastur”ga muvofiq barcha xodimlar bilan “Jamiyatning Korrupsiyaga qarshi kurashish siyosati”, “Odob-Axloq kodeksi”, “Manfatlar toʻqnashuvini boshqarish” Nizomi , “Sovgʻalarni olish va berish” siyosati, “Ichki xizmat tekshiruvlarini oʻtkazish reglamenti” va boshqa ichki idoraviy meʼyoriy hujjatlar talablari yuzasidan tushuntirish-profilaktik tadbirlar, seminar va treninglar oʻtkazildi.
Shu bilan birga 58 nafar xodim pora olish va berish bilan kurashish menejmenti ISO 37001:2016 xalqaro standarti talablari asosida oʻqitilib, maxsus sertifikatlar olindi, audit va konsalting jarayoni ishlari muvaafaqqiyatli amalga oshirilib, joriy yilning iyul oyida ISO 37001:2016 xalqaro sertifikati qoʻlga kiritildi.
Shuningdek, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan tashkillashtirilgan “Davlat organlari va tashkilotlarida korrupsiyaga qarshi kurashish ishlarining samaradorligini reyting baholash tizimini joriy etish” mavzusida oʻtkazilgan seminarda masʼul xodimning ishtiroki taʼminlanib, sohadagi bilim va koʻnikmalari oshirildi.
Taʼkidlash joizki, Inspeksiyaning rasmiy veb saytida oʻzbek (lotin) va rus tillarida korrutsiyaga qarshi kurashish sahifasi ochilgan boʻlib, ushbu sahifaga Inspeksiya tomonidan ishlab chiqib tasdiqlangan ichki meʼyoriy hujjatlarning elektron shakli joylashtirib borildi. Korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar va hisobotlar yoritib borilishi taʼminlandi. Jumladan, hisobot davrida ommaviy axborot vositalari va rasmiy veb-saytlarda 14 ta sohaga oid maʼlumotlar joylashtirilgan.
Inspeksiya va uning hududiy boshqarmalarida aniqlangan korrupsiya holatlari haqida xabar berish uchun “Antikorrupsion nazorat” nomli
@kontexnazorat_murojaat_bot “Telegram-bot” kanali ishga tushirildi. Mazkur telegram-bot orqali korrupsion holat boʻyicha murojaat yuborish va aloqa maʼlumotlarini olish imkoniyati yaratilgan boʻlib, har bir yuborilgan murojaat roʻyxatga olinib, bot orqali murojaatchini xabardor qilib turish imkoniyati yaratildi.
Aholi va xodimlar orasida korrupsiyaga qarshi murosasiz munosabatni shakllantirish maqsadida Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan “Mening qahramonim” nomli qisqa metrajli film oʻtkazilgan targʻibot-tashviqot ishlari doirasida namoyish qilindi.
Shu bilan birga, Inspeksiyada korrupsion xavf-xatarlarni aniqlash, ularning oldini olish va chek qoʻyish, uning kelib chiqish sabablari va oqibatlarini bartaraf etish maqsadida barcha xodimlar ishtirokida 14 ta seminar tadbirlari amalga oshirildi.
6. Korrupsiyaviy xatti-xarakatlar va huquqbuzarliklar toʻrisidagi xabarlar.
2025-yilning hisobot davrida Inspeksiyaga 29 ta korrupsiyaga oid huquqbuzarliklar haqida murojaatlar kelib tushgan. Ushbu murojaatlarning 26 tasi ishonch telefoni orqali 1 tasi, Yer qaʼridan foydalanish markazi "E-GEOLOGIYA AT" Axborot tizimiga kelib tushgan, 1 tasi prokuratura organlari tomonidan yuborilgan, 1 tasi telegramm botga kelib orqali qabul qilingan. Murojaatlar hududlar kesimida tahlil qilinganda, Toshkent viloyati 6 ta, Xorazm viloyatidan 3 ta, Qoraqalpogʻiston Respublikasi 1 ta , Navoiy 5 ta, Buxoro viloyatida 2 ta, Samarqand viloyati 3 ta, Surxondaryodan 3 ta, Namangan viloyati 1 ta, Fargʻona viloyatidan 1 ta, Qashqadaryo viloyatidan 6 ta murojaat yuborilgan.
Barcha murojaatlar tegishliligi boʻyicha Korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha masʼul xodim tomonidan tegishli mutaxassislar bilan hamkorlikda oʻrganib chiqildi.
Aloqa kanallari orqali kelib tushgan murojaatlarni oʻrganish natijasida 13 ta holatda noqonuniy qazish ishlari bilan bogʻliq holatlar huquqiy baho berish uchun huquqni muhofaza qiluvchi idoralarga yuborilgan.
Yuqorida taʼkidlab oʻtilgan korrupsion va boshka qonunbuzilish holatlarining kelib chiqish sabab va omillari tahlil qilinib, mavjud korrupsion xaf-xatarlarni minimallashtirish boʻyicha chora tadbirlar 2025-yilgi tasdiqlangan rejaga kiritildi. Shuningdek, kelib tushgan murojaatlarni oʻrganish natijasida aniqlangan holatlarning salbiy oqibatlarini bartaraf etish, kelgusida ularning oldini olish haqida Inspeksiya boshligʻi rahbarligida shaxsiy tarkib ishtirokida profilaktik suhbat oʻtkazildi.
7. Monitoring va nazorat.
Davlat xaridlarinining shaffofligi va ochiqligini taʼminlash, ularni “Davlat xaridlari qonuni” talablariga muvofiqligini oʻrganish maqsadida oʻtkazilgan monitoring natijasida jami boʻlib 522 mln.soʻmlik pul mablagʻlarining asossiz ishlatilishini oldi olinib iqtisod qilindi.
Xususan, pora olish berishga qarshi menejment tizimi ISO 37001:2016 xalqaro standarti talablari boʻyicha sertifikatni qoʻlga kiritish uchun “Smart Menejment” MCHJ bilan, xodimlarni oʻqitish, konsalting va audit xizmati hamda sertifikatlash jarayonlarini oʻz ichiga olgan jami 180 mln.soʻmlik shartnoma tuzilishi bekor qilindi.
Shuning bilan birga, Davlat dasturi doirasida xarid qilingan asbob-uskunalar va dasturiy taʼminotlar yaʼni skaner funksiyali taxeometr, uchuvchisiz uchish apparati LIDAR uskunasi, topogeodezik va marksheyderlik maʼlumotlarni tahlil qilish va infrastrukturalarni loyihalash va uch oʻlchamlik modellarni yaratish uchun dasturiy taʼminot kabi xaridlardan jami boʻlib 292 mln.soʻmlik pul mablagʻlarining asossiz ishlatilishini oldi olindi.
Bundan tashqari, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 18-oktyabrdagi “Oʻrindoshlik asosida hamda bir necha kasbda va lavozimda ishlash tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi 297-son Qaror ijrosi monitoring qilinganda Inspeksiya boshligʻining ayrim buyruqlari mazkur qaror talablariga zid ravishda ishlab chiqilganligi aniqlanib, 50 mln.soʻmlik ish haqlarining toʻlanishini oldi olinib, iqtisod qilindi.
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri oʻrinbosari (Maxsus komissiya raisi) va Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurori tomonidan 2025-yil 20-martda oʻtkazilgan yashirin iqtisodiyotni qisqartirish boʻyicha Maxsus komissiyaning navbatdagi 2-son bayoni, Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri oʻrinbosarining 14.04.2025-yildagi 03/1-3480-sonli “Davlat byudjetiga jalb etiladigan qoʻshimcha daromadlarni taʼminlash boʻyicha chora-tadbirlar rejasi”, 03/1-3480/2-sonli “2025-yilda Davlat byudjetiga jalb etiladigan qoʻshimcha daromadlarni taʼminlash boʻyicha yoʻl xaritasi”, Togʻ-kon sanoati va geologiya vazirining 29.04.2025-yilda 1099-sonli “Yer qaʼridan foydalanish va uni muhofaza qilish boʻyicha” 30.04.2025-yildagi 01-26-30042025-sonli “Togʻ-kon sanoati va geologiya sohasida korrupsiyaviy omillarni aniqlash va bartaraf qilish hamda “korrupsiyadan holi” muhitni yaratish borasidagi aniq chora-tadbirlarni amalga oshirish boʻyicha” Yoʻl xaritasi, Togʻ-kon sanoati va geologiya vazirligining 14.04.2025-yildagi 13-25-sonli va 14-25-sonli, Togʻ kon sanoati va geologiya sohasini nazorat qilish inspeksiyasining 2025-yildagi korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha chora-tadbirlar Dasturi hamda yoʻl xaritasida berilgan topshiriqlar va vazifalar ijrosini bajarilish holati Sharqiy hududiy boshqarma (Fargʻona, Andijon, Namangan viloyatlari) va Markaziy hududiy boshqarma (Toshkent, Sirdaryo, Jizzax viloyatlari) hamda Shimoliy- gʻarbiy hududiy boshqarma (Samarqand, Navoiy, Buxoro viloyatlari) Shimoliy hududiy boshqarma (Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Xorazm viloyati, ) Janubiy hududiy boshqarmalarida (Surxondaryo va Qashqadaryo viloyatlari) Ishchi guruh tuzgan holda bevosita hududlarga joyiga chiqqan holda oʻrganildi va oʻrganish natijalari boʻyicha aniqlangan qonunbuzilish holatlari yuzasidan mazkur boshqarmalarning xodimlariga nisbatan ichki xizmat tekshiruvi oʻtkazildi. Mazkur xizmat tekshiruvlari natijalariga koʻra toʻplangan hujjatlar huquqiy baho berish va aybdorlarga nisbatan qonuniy chora koʻrish uchun Oʻzbekiston Rsepublikasi Bosh prokuraturasiga yuborildi.
8. Aniqlangan qoidabuzarliklar va ularga taʼsir choralari.
Joriy yilda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va Vazirlar Mahkamasining korrupsiyaga va yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashish borasidagi topshiriqlari ijrosini taʼminlash maqsadida, 13 ta viloyatda joyiga chiqqan holda Inspeksiyaning hududiy boshqarmalari faoliyatini oʻrganish ishlari amalga oshirildi.
Xizmat tekshiruvlari jarayonida olingan birlamchi maʼlumotlarga koʻra, Inspeksiya xodimlari tomonidan oʻtkazilgan nazorat tadbirlari davomida ular tomonidan tegishli choralar koʻrilmaganligi, xizmat vazifalarini lozim darajada bajarmaganliklari, mansab vakolatlarini suisteʼmol qilishlari oqibatida jami 102,1 mlrd.soʻmlik foydali qazilmalarning noqonuniy qazib olinganligi holatlari toʻliq oʻrganilmasdan yashirilganligi, dalolatnomalarda rasmiylashtirilmaganligi aniqlandi.
Xususan:
6 ta tadbirkorlik subyekti tomonidan yetkazilgan zarar togʻ jinslari bilan toʻldirish orqali qoplangan deb topilib, soxta xulosalar berilishi natijasida 12,2 mlrd soʻmlik zarar amalda qoplanmaganligi.
77 ta xoʻjalik yurituvchi subyektlar tomonidan foydali qazilmalarni noqonuniy qazib olishlari natijasida Inspeksiyaning tekshirish dalolatnomalarida aks ettirilmagan 3,1 mln.kub metr hajm aniqlanib, 89,9 mlrd soʻm yetkazilgan zarar hisoblandi.
Natijada, Inspeksiya xodimlarining maʼsuliyatsizligi oqibatida, davlat byudjetiga 20,5 mlrd.soʻmlik tushumlar tushishi taʼminlanmagan.
Xizmat tekshiruvlari xulosasiga koʻra:
hududiy boshqarmalarning 8 nafar xodimlari bilan tuzilgan mehnat shartnomalari bekor qilindi, 42 nafar xodimlarga nisbatan turli intizomiy jazolar qoʻllanildi. Toʻplangan hujjatlar qonuniy chora koʻrish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasiga yuborildi.
Natijada prokuratura organlari tomonidan:
15 ta tadbirkorlik subyektlari tomonidan jamiyat va davlat manfaatlariga juda koʻp miqdorda yetkazilgan 28,2 mlrd.soʻm zarar aniqlanib, ularga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 184-modda 3-qismi, 229-modda 3-qismi, 196-modda 3-qismi “a” bandlari asosida jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Shuningdek, Inspeksiyaning 7 nafar masʼul mansabdor xodimlariga nisbatan Jinoyat kodeksining 205-modda 2-qismi “a” bandi, 207-modda 1-qismi, 209-modda 2-qismi “a” bandi boʻyicha jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harkatlari olib borilmoqda.
Xususan, tahlil qilish jarayonida, Inspeksiya tomonidan 2024-yilda oʻtkazilgan tekshirishda “Xoʻjaobod trans lider” MCHJning mansabdor shaxslari 137 ming m3 noruda foydali qazilmalar noqonuniy ravishda qazib olinganligi aniqlanib, yetkazilgan zarar miqdori 2,6 mlrd.soʻmni tashkil etganligi, 05.02.2024-yil 30-1/161-sonli xat bilan toʻplangan hujjatlar Andijon viloyat prokuraturasiga yuborilganligi maʼlum boʻldi. Oʻz navbatida, viloyat prokuraturasi materiallarni Xoʻjaobod tuman IIBga yuborganligi va IIB tomonidan esa 25.02.2024-yilda JPKning 83-moddasi, 2-bandiga asosan jinoyat ishini qoʻzgʻatish rad etilganligi aniqlandi.
Mazkur holat yuzasidan oʻtkazilgan xizmat tekshiruvi natijasida “Xoʻjaobod trans lider”MCHJda qayta tekshirish oʻtkazilganda, haqiqatda amalga oshirilgan noqonuniy qazish ishlari hajmi 644,5 ming m3 ekanligi dalolatnomada rasmiylashtirilib, davlat va jamiyat manfaatlariga juda koʻp miqdorda 12,2 mlrd.soʻmlik zarar yetkazilganligi qayd qilindi. Natijada, jinoyat ishini rad qilish toʻgʻrisidagi IIB qarori bekor qilinib, Xoʻjaobod tuman prokuraturasi tomonidan 17.09.2025 yilda “Xoʻjaobod trans lider”MCHJning rahbari hamda Inspeksiyaning Sharqiy hududiy boshqarmasining 2 ta masʼul xodimlariga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi JKning 184-modda 3-qismi, 229-modda 3-qismi, 1961-modda 3-qismi “a” bandlari, 205 va 207 moddalari bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib tergov harakatlari olib borilmoqda.
Shuning bilan birga, Andijon viloyati Jalaquduq tumanidagi “GOLD ROAD-2019» MCHJ rahbari M.Begaliyev va boshqalar “Akbura-5” koni hududidan tashqarisidan 113 ming m3 hajmda noqonuniy qazish ishlarini amalga oshirganliklari natijasida jami 2,5 mlrd. soʻm miqdorida zarar yetkazilganlingi holati boʻyicha JKning tegishli moddalariga asosan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, , tergov harakatlari olib borilmoqda.
Shuningdek, Jizzax viloyati Sharof Rashidov tumanida joylashgan “Barakali Jizzax zamini gʻishti” MCHJning masʼul shaxslari Inspeksiyaning markaziy mintaqaviy boshqarmasining mansabdor shaxslari bilan oʻzaro jinoiy til biriktirib, mansab vakolatlarini qasddan suisteʼmol qilgan holda, gʻarazgoʻylik va boshqa manfaatlarni koʻzlab, rasmiy hujjatlarga bila turib soxta maʼlumotlar va yozuvlar kiritish, hujjatlarni qalbakilashtirish va taqdim etish kabi jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topilib, ushbu hududda 971.mln.soʻmlik foydali qazilmalarni noqonuniy qazib olib, davlat manfaatlariga juda koʻp miqdorda zarar yetkazganliklari aniqlandi. Natijada, Jizzax viloyati prokuraturasi tomonidan, Oʻzbekiston Respublikasi JKning 1961-modda 3-qismi “a” bandi, 205- moddasi 2-qismi “a” bandi va 209-moddasi 2-qismi “a” bandlari bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib tergov harakatlari olib borilmoqda.
Shuningdek, Namangan viloyati Yangiqoʻrgʻon tumanida joylashgan "Iskovot Yuksalish Bunyodkori" MCHJga qarashli Yangikurganskoye (1975) lyossimon jinslar koni chegarasi tashqarisidan 16,0 ming m3 hajmda noqonuniy lyossimon jinslar aralashmasi qazib olinib, 320 mln.soʻmlik zarar yetkazilganligi aniqlanib, tegishli tartibda dalolatnoma orqali rasmiylashtirildi. Ushbu holatda Inspeksiyaning Sharqiy hududiy boshqarmasi bosh mutaxassisi va boshqa mansabdor shaxslari mansab vakolatini suisteʼmol qilib, konning tashqi hududida olib borilayotgan qazish ishlarini aniqlashgan boʻlsada, aybdor shaxslarga nisbatan chora koʻrilishini yoi bu haqida huquqni muhofaza qiluvchi organlarga xabar berilishi taʼminlamasdan, davlat manfaatlariga zaraa yetkazilishiga sababchi boʻlishgan. Holat yuzasidan taqdim qilingan materiallarga asosan, 05.07.2025 yilda Namangan viloyati prokuraturasi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi JKning 1961-modda 3-qismi “a” bandi, 205- moddasi 2-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib tergov harakatlari olib borilmoqda.
Shuning bilan birga, xizmat tekshiruvi jarayonida Namangan viloyati Kosonsoy tumanida joylashgan "Yunusobod Kosoniy" MCHJga qarashli Yunusobod qum shagʻal aralashmasi koni chegarasi tashqarisidan 14,7 ming m3 hajmda noqonuniy lyossimon jinslar aralashmasi qazib olinib, 439 mln.soʻmlik zarar yetkazilganligi hamda Namangan viloyati Toʻraqoʻrgʻon tumanida joylashgan "Nam avto qurilish MCHJ” ga qarashli Toʻraqoʻrgʻon qum shagʻal aralashmasi koni chegarasi tashqarisidan 12,4 ming m3 hajmda noqonuniy lyossimon jinslar aralashmasi qazib olinib, 372 mln.soʻmlik zarar yetkazilganligi aniqlanib Namangan viloyati prokuraturasiga taqdim etilgan. Mazkur holatlar boʻyicha toʻplangan hujjatlarga asosan viloyat prokuraturasi tomonidan MCHJlar rahbarlari va Sharqiy hududiy boshqarmaning boshligʻiga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi JKning 1961-modda 3-qismi “a” bandi, 205- moddasi 2-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib tergov harakatlari olib borilmoqda.
Bundan tashqari, xizmat tekshiruvida Fargʻona viloyati Oʻzbekiston tumanida joylashgan “HAMRAQULOV” MCHJga tegishli Qirgʻiz-4 qum shagʻal aralashmasi koni chegarasi tashqarisidan 12,8 ming m3 hajmda noqonuniy qum-shagʻal aralashmasi qazib olinib, 1,4 mlrd.soʻmlik zarar yetkazilganligi aniqlanib tegishli dalolatnomada rasmiylashtirilgan.
Xuddi shunday holatlar Fargʻona viloyatidagi “AKBARALI KELAJAK ORZUSI” MCHJ, “ALMAZ KOMPANII LIMITET” MCHJ, KAMRON KOMPANII LIMITET” MCHJlarida takrorlangan boʻlib, yaʼni ushbu subyektlarda noqonuniy qazish ishlari olib borilgan boʻlsada, Inspeksiyaning Sharqiy mintaqaviy boshqarmasi boshligʻi va boshqa masʼul shaxslari tomonidan oʻz xizmat vazifalariga vijdonsizlarcha munosabatda boʻlib, yuqoridagi tadbirkorlik subyektlarida olib borilgan nazorat tadbirlarida, “Oʻzbekkosmos” agentligi tomonidan taqdim etilgan noqonuniy holatlarni oʻrganish choralarini koʻrmasdan, foydali qazilmalarni juda koʻp miqdorda talon-taroj boʻlishiga sharoit yaratib berganligi oqibatida davlat manfaatlariga 6,3 mlrd.soʻmlik zarar yetkazilganligi aniqlangan. Mazkur holatlar yuzasidan toʻplangan hujjatlarga asosan, Fargʻona viloyat prokuraturasi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi JKning 1961-modda 3-qismi “a” bandi, 207- moddasi 1-qismi va 229-moddasi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib tergov harakatlari olib borilmoqda.
Bundan tashqari, ishchi guruh tomonidan Shimoliy-gʻarbiy boshqarmada ichki xizmat tekshiruvi oʻtkazish jarayonida davomida "NAVBAXOR TUMAN YOʻLLARDAN FOYDALANISH" DMga qarashli “Toshrabot-1” qum shagʻal aralashmasi koni tashqarisidan noqonuniy ravishda 177,8 ming m3 hajmda noqonuniy qum-shagʻal aralashmasi qazib olinib, 2,3 mlrd.soʻmlik zarar yetkazilganligi aniqlanib, tegishli tartibda dalolatnoma orqali rasmiylashtirildi. Natijada, Navoiy viloyat prokuraturasi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi JKning 229-moddasi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib tergov harakatlari olib borilmoqda.
Ishchi guruh tomonidan Markaziy boshqarmada ichki xizmat tekshiruvi oʻtkazish jarayonida “ZOMIN TUMAN YOʻLLARDAN FOYDALANISH" MCHJga qarashli Zomin-3 qum-shagʻal aralashmasi koni chegarasi tashqarisidan 35,3 ming m3 hajmda noqonuniy qum-shagʻal aralashmasi qazib olinib, 1,9 mlrd.soʻmlik zarar yetkazilganligi aniqlanib, tegishli tartibda dalolatnoma orqali rasmiylashtirildi. Mazkur holat boʻyicha toʻplangan Jizzax viloyati prokuraturasiga yuborildi.
Shuningdek, “ZOMIN SILVER KON" MCHJga qarashli Zomin-4 qum-shagʻal aralashmasi koni chegarasi tashqarisidan 98 ming m3 hajmda noqonuniy qum-shagʻal aralashmasi qazib olinib, 5,2 mlrd.soʻmlik zarar yetkazilganligi aniqlanib, tegishli tartibda dalolatnoma orqali rasmiylashtirildi. Mazkur holat boʻyicha toʻplangan Jizzax viloyati prokuraturasiga yuborildi.
Shuning bilan birga, baʼzi inspektorlar tomonidan huquqni muhofaza qiluvchi organlarning yetkazilgan zararni bartaraf etilganligi, qoplanganligini tasdiqlash uchun qayta oʻlchov ishlari oʻtkazish orqali xulosa berish toʻgʻrisidagi topshiriqlarini tadbirkorlar bilan jinoiy til biriktirgan holda haqiqatda oʻrni toʻldirilmagan (qoplanmagan) zarar miqdorini toʻliq qoplanmaganligi haqidagi soxta va qalbaki dalolatnomalar, xulosalar orqali yopib yuborganliklari va boshqa holatlar maʼlum boʻldi.
Jumladan, Sharqiy hududiy boshqarma bosh mutaxassisi tomonidan Fargʻona viloyati Oʻzbekiston tumanida joylashgan “AʼZAMJON DILAZIZ” XKda oʻtkazilgan tekshiruvda, tadbirkor tomonidan 20.5 ming m3 hajmdagi noqonuniy qum-shagʻal aralashmasi qazib olinganligi xususida dalolatnoma rasmiylashtirilgan. Mazkur holat boʻyicha “AʼZAMJON DILAZIZ” XK ga 20.5 ming m3 hajmdagi yetkazilgan zarar oʻrnini qum-shagʻal aralashmasi bilan qoplash orqali bartaraf qilish toʻgʻrisida Fargʻona viloyati Oʻzbekiston tumani IIB TB tomonidan koʻrsatma berilgan. Lekin, “AʼZAMJON DILAZIZ” XK tomonidan qum-shagʻal aralashmasi oʻrni haqiqatdan qoplanmagan boʻlsada Sharqiy hududiy boshqarma bosh mutaxassisi tomonidan yetkazilgan zarar butunlay qoplanganligi boʻyicha soxta dalolatnoma tuzilib imzolab berilgan.
Ushbu dalolatnomaga asosan, 20.04.2024-yilda Oʻzbekiston tuman IIB tomonidan JPKning 84-moddasi 1-qismiga 1-bandiga asosan (shaxsning jinoyat sodir etilishida aybliligi toʻgʻrisidagi masala uning javobgarlikka tortish muddati oʻtganligi sababli hal qilmay turib tugatish) “AʼZAMJON DILAZIZ” XKga nisbatan oʻtkazilgan tekshirish natijasida toʻplangan hujjatlar harakatdan tugatilgan.
Xizmat tekshiruvi jarayonida Inspeksiyaning masʼul xodimi tadbirkorlik subyekti tomonidan yetkazilgan zarar butunlay qoplanib zarar oʻrni qoʻm-shagʻal aralashmasi bilan toʻldirilganligi haqida soxta dalolatnoma tuzilganligi aniqlandi. Shuningdek, xodim ushbu dalolatnomani Oʻzbekiston tumani IIB TB xodimi bilan birga imzolanganligi, mazkur dalolatnomani joyiga chiqmasdan, qayta marksheyderlik oʻlchov ishlarini olib bormasdan, (topoxarita) tadbirkorning vaʼdasiga ishonib amalga oshirganligini maʼlum boʻldi.
Oʻrganish davomida Ishchi guruh aʼzolari tomonidan bevosita voqea joyi koʻzdan kechirilganda, haqiqatdan ham yetkazilgan zarar oʻrni qoplanmaganligi oʻz tasdigʻini topdi hamda bu xususda tegishli tartibda dalolatnoma tuzildi.
Xuddi shunaqa holat Inspeksiyaning Sharqiy boshqarmasi masʼul xodimi tomonidan Dangʻara tumanidagi “ERKIN KARIM KON” MCHJda ham takrorlanganligi, yetkazilgan zarar toʻliq qoplanganligi xususida Dangʻara tumani IIB TB xodimi bilan birga soxta dalolatnoma tuzilganligi aniqlandi.
Holatlar boʻyicha oʻtkazilgan xizmat tekshiruvi materiallari Fargʻona viloyat prokuraturasiga yuborildi. Oʻz navbatida, viloyat prokuraturasi tomonidan “ERKIN KARIM KON” va “AʼZAMJON DILAZIZ” XK larning rahbarlariga hamda Sharqiy hududiy boshqarmaning masʼul xodimiga nisbatan JKning 1961-modda 3-qismi “a” bandi, 207- moddasi 1-qismi va 229-moddasi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Shuning bilan birga, Markaziy hududiy boshqarma bosh mutaxassislari tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 10.09.2018-yildagi 720-sonli qarori ijrosi boʻyicha Jizzax viloyati Sh.Rashidov tumanida joylashgan “EKO BROKER LYUKS” MCHJga qarashli “Qorasoy-1” dolomit konida tekshiruv oʻtkazilgan. Oʻtkazilgan tekshirishda marksheyderlik oʻlchov ishlari olib borilib ushbu kon ajratmasini ajratish loyihasi chegarasidan tashqarida 4,5 ming m3 hajmda, 4,1 mlrd.soʻmlik noqonuniy dolomit qazib olinganligi aniqlanib, dalolatnoma rasmiylashtirilgan. Tekshiruv natijalari boʻyicha toʻplangan hujjatlar 29-3/3-sonli xat bilan Jizzax viloyati prokuraturasiga 03.01.2024-yilda yuborilgan. Tuman prokuraturasi tomonidan holat yuzasidan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, mazkur jinoyat ishi doirasida “EKO BROKER LYUKS” MCHJning yetkazilgan zararlarni bartaraf qilganligi va qaytadan hisob-kitob qilishni soʻrab kiritgan iltimosnomasiga asosan, Inspeksiyaning markaziy mintaqaviy boshqarmasiga qayta oʻlchov ishlarini amalga oshirish uchun 2024-yil 30-martda 080002/2024-22ME-sonli xat yuborilgan. Xatga asosan, “EKO BROKER LYUKS” MCHJda qayta oʻlchov ishlari N.Suyunov tomonidan amalga oshirilib, “EKO BROKER LYUKS” MCHJga tegishli kon chegarasi tashqarisida qazilgan hudud uchun yetkazilgan 4,5 ming m3 hajmdagi 4,1 mlrd.soʻmlik zarar toʻliq toʻldirilganligi (qoplanganligi) haqida 2024-yil 2-apreldagi 29-3/446-sonli maʼlumotnoma orqali ijobiy xulosa berilgan. Yaʼni, Markaziy mintaqaviy boshqarmaning 4,1 mlrd.soʻmlik zarar toʻliq qoplanganligi xususidagi xulosasi sud tomonidan inobatga olinib, aybdorlarga nisbatan hukm chiqarilgan. Lekin, ishchi guruh aʼzolari tomonidan, holat bevosita joyiga chiqib oʻrganilganda, yetkazilgan zarar toʻliq miqdorda qoplanmaganligi hamda dolomit oʻrniga togʻ jinslari (vskrыsha, dolomit qoldiqlari) bilan qisman toʻldirilganligi maʼlum boʻldi va tegishli tartibda dalolatnoma tuzish orqali rasmiylashtirildi.
Xuddi shunaqa holat, Markaziy boshqarma inspektorlari tomonidan Jizzax viloyati Sh.Rashidov tumanida joylashgan “JALOLBEK-KAMOLBEK AVTOTRANS” MCHJga tegishli “Kulan-Kuli” ohaktosh konida tekshiruv oʻtkazilgan. Oʻtkazilgan tekshirishda marksheyderlik oʻlchov ishlari olib borilib, ushbu kon ajratmasini ajratish loyihasi chegarasidan tashqarida jami 18,9 ming m3 hajmda, 5,4 mlrd.soʻmlik noqonuniy ohaktosh qazib olinganligi aniqlangan. Tuman prokuraturasi tomonidan holat yuzasidan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, mazkur jinoyat ishi doirasida “JALOLBEK-KAMOLBEK AVTOTRANS” MCHJning yetkazilgan zararlarni bartaraf qilganligi va qaytadan hisob-kitob qilishni soʻrab kiritgan iltimosnomasiga asosan, “JALOLBEK-KAMOLBEK AVTOTRANS” MCHJda qayta oʻlchov ishlari inspektor tomonidan amalga oshirilib, kon chegarasi tashqarisida qazilgan hududdagi 18,9 ming m3 hajmdan hajmi ohaktosh bilan toʻldirilganligi (qoplanganligi) haqida 2024-yil 3-apreldagi 29-3/446-sonli maʼlumotnoma orqali xulosa taqdim qilingan. Yaʼni, Markaziy mintaqaviy boshqarmaning “JALOLBEK-KAMOLBEK AVTOTRANS” MCHJ tomonidan yetkazilgan 5,4 mlrd.soʻmlik zararning, bir qismi 1,2 ming m3 hajmi 355,4 mln.soʻmi qoplanganligi xususidagi xulosasi sud tomonidan inobatga olinib, aybdorlarga nisbatan hukm chiqarilgan. Lekin, ishchi guruh aʼzolari tomonidan, holat bevosita joyiga chiqib oʻrganilganda, yetkazilgan zararning 1,2 ming m3 hajmi 355,4 mln.soʻmi ohaktosh oʻrniga togʻ-jinslari bilan toʻldirilganligi, qoplanganligi maʼlum boʻldi va tegishli tartibda dalolatnoma tuzish orqali rasmiylashtirildi. Markaziy boshqarma xodimi oʻzining tushuntirishida, haqiqatan ham ohaktosh oʻrniga togʻ-jinslar bilan toʻldirilgan (qoplangan) hududga soxta xulosa berganligiga iqror boʻldi.
Shu bilan bir qatorda, Markaziy hududiy boshqarma bosh mutaxassislari tomonidan Jizzax viloyati Sh.Rashidov tumanida joylashgan “ASIA CERAMICA INVEST” MCHJga qarashli “Gandumtosh” lyossimon jinslar konida tekshiruv oʻtkazilgan. Oʻtkazilgan tekshirishda marksheyderlik oʻlchov ishlari olib borilib ushbu kon ajratmasini ajratish loyihasi chegarasidan tashqarida 12,3 ming m3 hajmda, 6,6 mlrd.soʻmlik noqonuniy lyossimon jinslar qazib olinganligi aniqlanib, dalolatnoma rasmiylashtirilgan. Tuman prokuraturasi tomonidan holat yuzasidan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, mazkur jinoyat ishi doirasida “ASIA CERAMICA INVEST” MCHJning yetkazilgan zararlarni bartaraf qilganligi va qaytadan hisob-kitob qilishni soʻrab kiritgan iltimosnomasiga asosan, “ASIA CERAMICA INVEST” MCHJning lyossimon jinslar konida qayta oʻlchov ishlari inspektor tomonidan amalga oshirilib, kon chegarasi tashqarisida qazilgan hududda yetkazilgan 12,3 ming m3 hajmda, 6,6 mlrd.soʻmlik zarar toʻliq toʻldirilganligi (qoplanganligi) haqida 2024-yil 2-apreldagi 29-3/449-sonli maʼlumotnoma orqali ijobiy xulosa taqdim qilingan. Yaʼni, Markaziy mintaqaviy boshqarmaning 6,6 mlrd.soʻmlik zarar toʻliq qoplanganligi xususidagi xulosasi sud tomonidan inobatga olinib, aybdorlarga nisbatan hukm chiqarilgan. Lekin, ishchi guruh aʼzolari tomonidan, holat bevosita joyiga chiqib oʻrganilganda, yetkazilgan zarar toʻliq miqdorda toʻldirilmaganligi, qoplanmaganligi, balki qisman toʻldirilganligi maʼlum boʻldi va tegishli tartibda dalolatnoma tuzish orqali rasmiylashtirildi.
Bundan tashqari, ichki xizmat tekshiruvi xulosasi bilan yuborilgan hujjatlar asosida Toshkent viloyati prokuraturasi tomonidan Ohangaron tumanidagi “Radius RGR” MCHJning mansabdor shaxslari 31,8 ming m3 hajmda, 462 mln.soʻmlik noqonuniy qazish ishlarini amalga oshirganliklari holati boʻyicha, “SANOAT TARAQQIYOT BUNYOD” MCHJning masʼul xodimlari 29,5 ming m3 hajmda, 422 mln.soʻmlik foydali qazilmalarni talon- taroj qilganliklari, Yuqorichirchiq tumanidagi “HQ BRIK” MCHJ da 16,8 ming m3 hajmda, 244 mln.soʻmlik noqonuniy qazish ishlari olib borilganligi holatlari yuzasidan JKning 19611-modda 2-qismi “a” bandi, 207-moddalari bilan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib tergov harakatlari olib borilmoqda.
9.Korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini yanada rivojlantirish boʻyicha takliflar va tadbirlar rejasi.
Inspeksiyada korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarni aniqlash, ularning oldini olish va chek qoʻyish, oqibatlariga qarshi kurashish shuningdek, ushbu illatlarga imkon beruvchi sabablar va shart-sharoitlarni bartaraf etish maqsadida quyidagi preventiv chora-tadbirlarni ishlab chiqish taklif etiladi:
1. Inspeksiyada korrupsion xavf-xatarlar yuqori boʻlgan lavozim va funksiyalarni har chorakda tahlil qilib borish, aniqlangan holatlarni minimallashtirish boʻyicha chora tadbirlar ishlab chiqish. Inspeksiyaning vakolatlaridan kelib chiqib nazorat organi ekanligi, nazorat tadbirlari (tekshirish)ni oʻtkazish, maʼmuriy jarimalar tayinlash, ruxsatnomalar va litsenziyalar berish, tadbirkorlik subyektlari bilan bevosita aloqada boʻlish kabi yuqori korrupsion omillarni inobatga olgan holda, korrupsion moyilligi bor boʻlgan lavozimlardagi masʼul xodimlarni ichki rotatsiya qilish yuzasidan Inspeksiya boshligʻiga takliflar kirtish.
2. Inspeksiya xodimlarining korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi bilim va koʻnikamalarini oshirish, ularning huquqiy ongi va savodxonligi darajasini aniqlash maqsadida test sinovlarini oʻtkazish;
3. Inspeksiyada tasdiqlangan ichki meʼyoriy hujjatlarni doimiy ravishda tahlil qilib borish, ularda belgilangan normalarga jamiyat xodimlarining amal qilishi holatlarini monitoring qilish va mavjud normalarni qonunchilikka muvofiqlashtirib borish.
4. Tizimda korrupsiyaga qarshi kurashish holati va amalga oshirilgan ishlar boʻyicha maʼlumotlarni doimiy ravishda ommaviy axborot vositalari orqali keng yoritib borilishini tashkil etish;
5. Inspeksiyada mavjud korrupsion jinoyatlarni sabablari va tendensiyalarini aniqlash, korrupsiyaga qarshi kurashish choralarining holati, koʻrilgan choralar samaradorligi toʻgʻrisida jamoatchilik fikrini oʻrganish boʻyicha anonim soʻrovnomalar oʻtkazish.
6. Inspeksiyada korrupsiyaga qarshi kurashish samaradorligini yanada oshirish maqsadida, sohadagi korrupsion omillarni barvaqt aniqlash, ularga qarshi preventiv choralarni qoʻllash hamda yuqori korrupsion xavf-xatarga ega boʻlgan funksiyalarni raqamlashtirish va avtomatlashtirish orqali inson omiliga chek qoʻyish. Xususan, korrupsiyaning barvaqt oldini olish uchun chora-tadbirlar dasturiga asosan, tekshirish jarayonida har bitta davlat inspektorni bodi kameralar bilan taʼminlash va nazorat uchun Inspeksiyaning masʼul rahbariga integratsiya qilgan holda real vaqt rejimida onlayn kuzatib borish. Shuningdek, inspektorlarni davlat nazorat tadbirlari olib borayotgan vaqtda, statistik va boshqa holatlarni bevosita kiritgan holda planshetlar orqali nazoratini olib borish.
7.Inspeksiyaning barcha hududiy boshqarmalari xodimlarining malakalarini baholash maqsadida ikki oy muddatda “Togʻ-kon sanoati va geologiya sohasini nazorat qilish inspeksiyasi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2025-yil 28-fevraldagi 131-sonli qaroriga asosan asosan attestatsiyadan oʻtkazish.
8. Sanoat xavfsizligi yoʻnalishida ehtimoliy korrupsion omillarni bartaraf etish uchun, sohaning masʼul xodimlari amalga oshirgan ishlarini mavjud qonunlar talablariga mosligini maxsus ishchi guruh tuzgan holda oʻrganish.
9. Ichki xizmat tekshiruvi jarayonida aniqlangan qonunbuzilish holatlarini qayta takrorlanmasligi uchun, korrupsiyaga qarshi murosasizlik muhitini yaratish maqsadida huquq-tartibot idoralari xodimlari ishtirokida profilaktik tadbirlar va seminarlar oʻtkazishni jadallashtirish.
Korrupsiyaga qarshi kurashish
boʻyicha bosh mutaxassis J.T.Zikirov
25.12.2025-yil
