Chiqindilarni boshqarish: suvning ifloslanishini oldini olish va xavfsizlikni ta’minlash choralari
2025-11-27 10:05:00 / Yangiliklar

Yig‘ilishda atrof-muhitni muhofaza qilish, suv resurslarini boshqarish, sog‘liqni saqlash va sanitariya, tog‘-kon va geologiya, sanoat xavfsizligi, favqulodda vaziyatlarni boshqarish, gidrometeorologiya sohalari bo‘yicha mas’ul davlat organlari vakillari, shuningdek operatorlar, ilmiy doira va xalqaro hamkor tashkilotlar ishtirok etdi.
Tadbir chog‘ida Ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisalar to‘g‘risidagi Xalqaro mexnat tashkilotining Konvensiyasi hamda Suv va sog‘liqni saqlash to‘g‘risidagi protokol (YEXK/VOZ) doirasida olib borilayotgan ishlar bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar va erishilgan natijalar muhokama qilindi. Shu bilan birga, 2026 yil uchun ish rejasini shakllantirish borasidagi keyingi amaliy qadamlar kelishib olindi.
Yig‘ilish ishtirokchilari turli sohalardagi milliy sheriklar tomonidan tayyorlangan dastlabki ma’lumotlar tahlilining yakunlovchi natijalarini ko‘rib chiqdilar. Ushbu ma’lumotlar suv xavfsizligi va chiqindilarni boshqarish yo‘nalishida yangi milliy maqsad va vazifalarni belgilash uchun muhim asos bo‘lib xizmat qiladi. Inklyuziv, ko‘p manfaatdor tomonlar ishtirokini nazarda tutuvchi jarayon doirasida ishlab chiqilayotgan maqsadlar loyihasi, shu jumladan indikatorlar, muddatlar va majburiyatlar yuzasidan fikr-mulohazalar almashildi.
O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan ushbu tashabbus 2025-2027 yillarga mo‘ljallangan keng qamrovli ish dasturining muhim qismi hisoblanadi. Mazkur ish dasturi 2024 yil noyabr oyida Budapesht shahrida bo‘lib o‘tgan Suv va sog‘liqni saqlash protokoli tomonlarining VIII yig‘ilishida qabul qilingan.
Bu sa’y-harakatlar mamlakatning iqlim o‘zgarishi sharoitidagi barqarorligini oshirish, shuningdek, xavfsiz ichimlik suvi va sanitariya xizmatlaridan barcha foydalanuvchilar uchun teng imkoniyatlarni ta’minlashga qaratilgan.





