“Kasblar festivali – 2026
2026-05-04 12:15:00 / Yangiliklar
“Kasblar festivali – 2026”
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Kasbiy taʼlim tizimida islohotlarni amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” qaroriga ko‘ra, 2026-yildan boshlab
5-may “Kasb va mehnat kuni” sifatida har yili keng nishonlanishi hamda uning doirasida jamoatchilik, ayniqsa, yoshlar orasida kasblar jozibadorligini oshirish va kasbiy taʼlimni ommalashtirishga qaratilgan tadbirlar tizimli ravishda amalga oshirilishi belgilangan. Shu maqsadda 5-may sanasida Toshkent shahridagi “Alpomish” muz saroyida mamlakatimiz bo‘ylab ilk bor keng ko‘lamda “Kasblar festivali” bo‘lib o‘tadi.
Ochilish marosimi 10:00 da boshlanadi va tadbir kun davomida 19:00 ga qadar davom etadi.
Festivalning asosiy maqsadi — aholining, ayniqsa yoshlarning kasb-hunarga bo‘lgan qiziqishini oshirish, kasbiy ta’limni keng targ‘ib qilish hamda ularni zamonaviy va talab yuqori bo‘lgan sohalarga yo‘naltirishdan iborat. Festival respublikaning barcha hududlarida 30-mayga qadar davom etadi.
Asosiy tadbirda:
- “Kasblar ko‘rgazmasi” pavilionlarida o‘quvchi-yoshlar va ota-onalar turli sohalarga oid kasblar bilan yaqindan tanishadi, zamonaviy VR texnologiyalar bilan kasblarni sinab ko‘rish imkoniga ega bo‘ladi;
- “Xorijdaish.uz” pavilionida xorijda mehnat qilish tartiblari, suhbatdan o‘tish ko‘nikmalari va huquqiy maslahatlar taqdim etiladi;
- “Psixolog maslahati” maydonida esa yoshlar kasb tanlash bo‘yicha mutaxassislardan foydali tavsiyalar oladi;
- “Muhandislar” pavilionida yoshlar zamonaviy muhandislik yo‘nalishlaridagi innovatsion ishlanmalar, texnologik yechimlar hamda istiqbolli loyihalar bilan yaqindan tanishish, muhandislik kasblarining amaliy jihatlari haqida batafsil ma’lumot olish imkoniyatiga ega bo‘ladi;
- “O‘zbek sanoati” pavilionida yoshlar mamlakatimiz sanoat korxonalari tomonidan ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar, ilg‘or ishlab chiqarish texnologiyalari hamda ishlab chiqarish jarayonlarining bosqichlari bilan yaqindan tanishib, sanoat sohasining bugungi rivojlanish tendensiyalari haqida tasavvurga ega bo‘ladi;
- “Inklyuziv ta’lim” pavilionida nogironligi bo‘lgan yoshlar va ularning ota-onalari uchun kasbiy ta’lim olish bo‘yicha yaratilgan imkoniyatlar, mavjud shart-sharoitlar va qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari bilan yaqindan tanishish imkoniyati yaratiladi.
- Festivalda “UNDP”, “British Council”, “Knauf”, “Koica”, “Ex-Im Bank”, “EFEKTA” kabi xalqaro va “Aloqa Ventures”, “Green University”, “Bo‘sh ish o‘rinlari yarmarkasi”, “Mehmonxona servisi”, “School 21”, “Blitz” nemis tili markazi, “Kulolchilik”, “Ustoz AI”, “Ibrat farzandlari”, “Mutolaa”, “Qizlar akademiyasi”, “UzChess”, “WorldSkills Uzbekistan” kabi korxona va tashkilotlarning pavilionlari tashkil qilinadi.
- Shuningdek, festival davomida ochiq muloqotlar, startap va innovatsiyalar taqdimotlari, ijtimoiy videoroliklar tanlovi hamda #KasbFest2026 xeshtegi ostida foto va video chellenjlar o‘tkaziladi.
Prezident sovrini uchun “Yangi O‘zbekiston bunyodkorlari” ko‘rik tanlovining mahalliy bosqichlari festival doirasida bo‘lib o‘tadi. Kasblar festivali davomida Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi yozgi tadbirlar maydonida osh chempionati, Gyote institutining yozgi maydonida xalqaro hamkor tashkilotlar ishtirokida alohida ko‘rgazma tashkil etiladi. Ushbu tadbir kasblar bayramining muhim va ajralmas qismi boʻlib, kasbiy taʼlim sohasidagi xalqaro tajriba va hamkorlikni namoyon etadi. Bundan tashqari, shu kuni Bektemir tumanida “BuildEX” qurilish kasblariga o‘qitish markazining ochilish marosimi bo‘lib o‘tadi.
Festival yakunida eng faol korxonalar, tashkilotchilar va iqtidorli yoshlar turli nominatsiyalar, bir qator jamoat faollari, pedagoglar “O‘rta maxsus va professional ta’lim a’lochisi” ko‘krak nishoni bilan hamda “Kasbiy ta’limda ilg‘or xalqaro tajribalar asosida kadrlar tayyorlashni sifat jihatdan yangi bosqichga ko‘tarishning dolzarb muammolari, yechimlari va istiqbollari” mavzusida Respublika ilmiy-amaliy konferensiyasiga kelib tushgan eng yaxshi 10 ta maqola egasi taqdirlanadi.
Kasblar festivali oyligi davomida “Ustoz-shogird” an’anasi aksiyasi tashkil etilib, yoshlar bir kun davomida korxonada mutaxassislardan ish o‘rganish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Bundan tashqari, “Bir kasb – bir yaxshilik” ijtimoiy loyihasi o‘tkaziladi. Ushbu loyiha doirasida texnikum o‘quvchilari va ustalar ehtiyojmand oilalarga bepul amaliy yordam ko‘rsatadi.
“Kasblar festivali” — bu nafaqat kasb tanlash, balki kelajakni belgilash imkoniyatidir.
Manzil: “Alpomish” muz saroyi
Kasbiy ta’lim agentligi
Axborot xizmati
Murojaat uchun raqamlar:
+998775502112 – Gulsanam Isoqjonova
+ 998997633507 – Sadoqat Samandarova
Telegram: https://t.me/isaqjonova_11
Qo‘shimcha ma’lumot: https://api-portal.gov.uz/uploads/365/2026/05/04/20e00928-4540-2550-d010-7800f75f06ef_media_.doc
