“Kasblar festivali – 2026”
2026-04-29 14:45:00 / Yangiliklar
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Kasbiy taʼlim tizimida islohotlarni amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” qaroriga ko‘ra 2026-yildan boshlab 5-may kuni “Kasb va mehnat kuni” sifatida har yili keng nishonlanishi hamda uning doirasida jamoatchilik, ayniqsa, yoshlar orasida kasblar jozibadorligini oshirish va kasbiy taʼlimni ommalashtirishga qaratilgan tadbirlar tizimli ravishda amalga oshirilish belgilangan. Shu maqsadda 5-may kuni Toshkent shahridagi “Alpomish” muz saroyida mamlakatimiz bo‘ylab ilk bor keng ko‘lamda “Kasblar festivali” bo‘lib o‘tadi.
Ochilish marosimi 10:00 da boshlanadi va tadbir kun davomida 18:00 ga qadar davom etadi.
Festivalning asosiy maqsadi — aholining, ayniqsa yoshlarning kasb-hunarga bo‘lgan qiziqishini oshirish, kasbiy ta’limni keng targ‘ib qilish hamda ularni zamonaviy va talab yuqori bo‘lgan yo‘nalishlarga yo‘naltirishdan iborat.
Festival doirasida respublikaning barcha hududlarida keng qamrovli tadbirlar tashkil etiladi. Jumladan:
— “Kasblar ko‘rgazmasi” pavilionlarida o‘quvchi-yoshlar va ota-onalar turli sohalarga oid kasblar bilan yaqindan tanishadi, zamonaviy VR texnologiyalar bilan kasblarni sinab ko‘rish imkoniga ega bo‘ladi.
— “Bo‘sh ish o‘rinlari yarmarkasi” orqali fuqarolar mavjud vakansiyalar bilan tanishadi, ishga qabul qilish shartnomalari tuziladi.
— “Xorijda ish” pavilionida xorijda mehnat qilish tartiblari, suhbatdan o‘tish ko‘nikmalari va huquqiy maslahatlar taqdim etiladi.
— “Psixolog maslahati” maydonida esa yoshlar kasb tanlash bo‘yicha mutaxassislarning bepul testlaran o’tkaziladi, foydali tavsiyalar oladi.
Shuningdek, festival davomida ochiq muloqotlar, startap va innovatsiyalar taqdimotlari, ijtimoiy videoroliklar tanlovi hamda #KasbFest2026 xeshtegi ostida foto va video chellenjlar o‘tkaziladi.
Alohida e’tibor “Bir kasb – bir yaxshilik” ijtimoiy loyihasiga qaratiladi. Ushbu loyiha doirasida texnikum o‘quvchilari va ustalar ehtiyojmand oilalarga bepul amaliy yordam ko‘rsatadi.
Festivalda “UNDP”, “British Council”, “Knauf”, “Koica”, “Ex-Im Bank”, “EFEKTA” kabi xalqaro va “Aloqa Ventures”, “Green University”, “Bo‘sh ish o‘rinlari yarmarkasi”, “Xorijdaish.uz”, “Mehmonxona servisi”, “Psixolog maslahati”, “School 21”, “Inklyuziv ta’lim”, “O‘zbek sanoati”, Turin universiteti, “Muhandislar”, “Blitz” nemis tili, “Kulolchilik”, “Ustoz AI”, “Ibrat farzandlari”, “Mutolaa”, “Qizlar akademiyasi”, “UzChess”, “WorldSkills Uzbekistan” kabi mahalliy kompaniyalarning pavilionlari tashkil qilinadi.
Shuningdek, kasb va mehnat kuni doirasida “Kasbiy ta’limda ilg‘or xalqaro tajribalar asosida kadrlar tayyorlashni sifat jihatdan yangi bosqichga ko‘tarishning dolzarb muammolari, yechimlari va istiqbollari” mavzusida Respublika ilmiy-amaliy konferensiyasiga kelib tushgan eng yaxshi 10 ta maqola egasini taqdirlash marosimi o‘tkaziladi.
Festival yakunida eng faol korxonalar, tashkilotchilar va iqtidorli yoshlar taqdirlanadi. Mazkur keng ko‘lamli tadbirlarning markaziy qismi Toshkent shahrida o‘tkazilib, hududlarda ham yuqori saviyada tashkil etiladi. Festival jarayonlari ommaviy axborot vositalari orqali keng yoritilishi rejalashtirilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, 5-may – “Kasb va mehnat kuni” munosabati bilan barcha fuqarolarga maxsus tabrik SMS xabarlari yuboriladi. Tadbir o‘tkaziladigan asosiy majmuada mehmonlar uchun kofe-break tashkil qilinadi.
“Kasblar festivali” — bu nafaqat kasb tanlash, balki kelajakni belgilash imkoniyatidir.
Manzil: “Alpomish” muz saroyi
Kasbiy ta’lim agentligi
Axborot xizmati
