Faoliyati yuzasidan hisobotlar
O‘zbekiston Respublikasi Millatlararo munosabatlar va xorijdagi vatandoshlar masalalari bo‘yicha qo‘mitasining 2025 yil davomida gi faoliyati yuzasidan
HISOBOTI
2025 yil davomida Qo‘mita tomonidan jami 13 ta normativ-huquqiy hujjat va Hukumat farmoyishlari loyihalari ishlab chiqildi hamda belgilangan tartibda kiritildi.
3 tasi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni, 1 tasi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori, 4 tasi Vazirlar Mahkamasining qarori va 5 tasi Vazirlar Mahkamasining farmoyishi loyihalari.
2025 yilda Qo‘mita tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 11 ta farmoni, 6 ta qarori, 4 ta bayoni, Vazirlar Mahkamasining 1 ta qarori, 6 ta bayoni, 15 ta farmoyishida belgilangan jami 103 ta topshiriq ijrosi to‘liq ta’minlandi.
Jumladan, “O‘zbekiston–2030” strategiyasini “Atrof-muhitni asrash va “yashil iqtisodiyot” yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi to‘g‘risida” PF–16-son Farmonida Qo‘mitaga yuklangan vazifalar to‘liq bajarildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024 yil 13 martdagi PF–49-son Farmoni ijrosini ta’minlash maqsadida Qo‘mita raisi va uning o‘rinbosarlarining 2025 yil uchun muhim samaradorlik ko‘rsatkichlari tasdiqlangan. Qo‘mita raisi va uning o‘rinbosarlarining tasdiqlangan samaradorlik ko‘rsatkichlari to‘liq bajarilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining PQ–115-son qarori bilan tasdiqlangan “Yo‘l xaritasi”da belgilangan 128 ta topshiriqning 106 ta bandi ijrosi to‘liq ta’minlandi. 22 ta band ijrosi bo‘yicha ishlar yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, joriy 2026 yilda ham davom ettirish rejalashtirilgan.
2025 yil davomida Qo‘mitaga jami 269 ta murojaatlar kelib tushgan bo‘lib, shundan 203 tasiga tegishli tushuntirishlar berilgan, 56 tasi tegishliligi bo‘yicha boshqa tashkilotlarga yuborilgan, 10 tasi ijobiy hal qilingan.
I. Millatlararo munosabatlarni uyg‘unlashtirish, jamiyatda do‘stlik, o‘zaro hamjihatlik, bag‘rikenglik va birdamlikni mustahkamlash orqali yagona fuqaroviy o‘zlikni shakllantirish
2025 yilda vazirlik va idoralar bilan birgalikda joylarda, xususan, ta’lim muassasalari hamda chegaradosh hududlarda 10 mingdan ortiq madaniy-ma’rifiy tadbir tashkil etildi.
Xususan, Navro‘z hamda Mustaqillik kuni umumxalq bayramlarini nishonlash doirasida 7 mingdan ortiq madaniy-ma’rifiy tadbir o‘tkazildi.
30 iyul – Xalqlar do‘stligi kuni munosabati bilan joriy yil 25–30 iyul kunlari butun mamlakatimiz bo‘ylab “Do‘stlik” festivali, 10–15 noyabr kunlari “Bag‘rikenglik haftaligi” keng nishonlandi. Ularda 700 ming nafardan ortiq fuqarolarimiz bo‘lgan turli millat vakillari ishtirok etdi.
“Do‘stlik” festivali materiallari 20 dan ortiq xorijiy ommaviy axborot vositalarida, xususan, dunyoning eng nufuzli nashrlaridan biri, 30 milliondan ortiq doimiy faol foydalanuvchilarga ega bo‘lgan Euronews saytida ham keng yoritildi.
Prezidentimizning tashabbuslari bilan Millatlararo munosabatlar qo‘mitasi hududida 22 ta milliy madaniy markazlar uchun pavilon barpo etildi.
Uning ochilish marosimida mamlakatimizda faoliyat yuritib kelayotgan 3 ta xalqaro tashkilot hamda 10 ta davlat elchixonalari vakillari ishtirok etdi.
Pavilonda 33 ta madaniy va ma’rifiy tadbir tashkil etildi va ularda 15 ming nafardan ortiq turli millat vakillari ishtiroki ta’minlandi.
Pavilon 20 ga yaqin – AQSH, Armaniston, Belarus, Vyetnam, Gruziya, Gretsiya, Isroil, Latviya, Rossiya, Qirg‘iziston, Tojikiston, Qozog‘iston, Turkiya, Ozarbayjon, Xitoy va Turkmaniston kabi davlatlardan tashrif buyurgan 200 dan ortiq xorijlik mehmonlarga tanishtirildi.
Tadbirlar doirasida jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari bilan hamkorlikka alohida e’tibor qaratildi. Tadbirlar haqida jami 500 dan ortiq media mahsulot tarqatildi.
Shundan davlatga qarashli va xususiy teleradiokanallarda 100 ga yaqin ko‘rsatuv, xabar, reportaj va lavha, radiokanallarda 30 dan ortiq xabar va intervyu, bosma OAVda 50 taga yaqin maqola, ijtimoiy tarmoqlarda 300 dan ortiq xabar, post, reels joylashtirildi.
II. O‘zbekistonda yashovchi barcha millat va elatlarning huquqlari hamda qonuniy manfaatlarini ta’minlash orqali ularning umumilliy taraqqiyotga daxldorligini kuchaytirish
Qo‘mita ishchi guruhi 2025 yil iyul–noyabr oylarida respublikaning 12 ta hududida bo‘lib, turli millat vakillari istiqomat qiladigan mahallalar, chegaraoldi hududlarda sayyor uchrashuvlar, muloqotlar o‘tkazdi.
2025 yildan boshlab ilk marotaba yozgi oromgohlarda har bosqichning 10-kuni “Millatlar do‘stligi” kuni etib belgilandi.
Respublikaning 80 ta bolalar yozgi oromgohida Millatlar festivali tashkil etildi va ularda 17 mingga yaqin bola qamrab olindi.
21 oktyabr – O‘zbek tili bayrami kunini keng nishonlash maqsadida oktyabr oyi Qo‘mitada milliy madaniy markazlar bilan birgalikda O‘zbek tili oyligi deb e’lon qilindi.
Bayram munosabati bilan “O‘zbek tili barchamizni birlashtiradi!” shiori ostida o‘tkaziladigan “O‘zbek tiliga bag‘ishlangan eng yaxshi she’r ijrochisi” hamda “O‘zbek tiliga bag‘ishlangan eng yaxshi qo‘shiq” onlayn tanlovlari o‘tkazildi.
Shu bilan birga, mamlakatimizda yashayotgan millatlar va elatlarga xos bo‘lgan milliy bayramlarni keng nishonlashga ham alohida e’tibor qaratildi.
Xususan, Sabantuy, Chxusok, Oxiy, Derviza, Qovun sayli, Abay Qo‘nonboyev tavalludining 180 yilligi, Maxtumquli Firog‘iy, Chingiz Aytmatov tavallud kunlari keng nishonlandi.
Jumladan, 25 may kuni Toshkent shahrida Sabantuyga bag‘ishlangan ommaviy-madaniy tadbirlar o‘tkazildi. Unda Tatariston Bosh vazirining o‘rinbosari V. Shayxraziyev, Boshqirdiston Madaniyat vaziri o‘rinbosari G. Xamitova va boshqa xorijlik mehmonlar ishtirok etdi.
Millatlararo totuvlikni ta’minlash sohasidagi ishlarni ilmiy yondashgan holda chuqur tahlillar asosida olib borish maqsadida yuqori malakaga ega bo‘lgan 40 nafardan ortiq olimlar bilan doimiy muloqot platformasi yo‘lga qo‘yildi.
Millatlararo munosabatlar, umumilliy hamjihatlik va birdamlik yo‘nalishlarida faoliyat olib borayotgan va sohada chuqur bilimga ega 30 ga yaqin mutaxassislar ishtirokida ekspertlar guruhi shakllantirildi.
O‘tgan yilda millatlararo munosabatlar sohasida 152 ta ilmiy-ommabop maqola tayyorlandi hamda mahalliy va xorijiy nashrlarda e’lon qilindi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasida Millatlararo munosabatlar qo‘mitasi raisining “Mamlakatimizda umumilliy totuvlikni ta’minlash sohasida amalga oshirayotgan ishlari to‘g‘risida”gi axboroti eshitildi.
III. Xorijdagi vatandoshlar jamoalari va o‘zbek diasporalarining milliy o‘zligini saqlashga ko‘maklashish hamda ularning ijtimoiy va iqtisodiy salohiyatini Vatanimiz rivojiga safarbar etishni qo‘llab-quvvatlash
Xorijdagi vatandoshlar bilan madaniy, ta’lim va iqtisodiy aloqalarni mustahkamlashga qaratilgan “Assalom O‘zbekiston”, “O‘zbekistonlik bitiruvchilar” va “Yangi avlod” kabi yangi dasturlar, shuningdek “Butunjahon o‘zbekistonliklar birdamligi kuni”ni belgilash bo‘yicha loyiha ishlab chiqildi.
2026 yilda o‘tkazilishi rejalashtirilayotgan Vatandoshlar Butunjahon qurultoyiga tayyorgarlik ko‘rish maqsadida Yevropa Ittifoqi, AQSH va Kanada, Birlashgan Arab Amirligi hamda MDH davlatlarida 4 marotaba Vatandoshlar mintaqaviy forumi tashkil etildi.
Tadbirlarda 10 mingga yaqin vatandoshlar qamrab olindi hamda ijtimoiy-iqtisodiy yo‘nalishdagi mingga yaqin takliflar olindi.
Shuningdek, Buyuk Britaniya, Koreya Respublikasi, Rossiya, Xitoy, Ozarbayjon va Turkiyaga amalga oshirilgan xizmat safarlari davomida vatandoshlar bilan muloqotlar o‘tkazildi va ular ishtirokida milliy bayramlar, o‘zbek tili va madaniyatiga oid 100 dan ortiq tadbirlar o‘tkazildi.
Yil davomida 12 ta davlatga xizmat safarlari amalga oshirilib, ular duch kelayotgan muammolar va yuzaga kelayotgan qiyinchiliklar o‘rganildi.
Xususan, O‘zbekiston delegatsiyasining Rossiya Federatsiyasi Primore o‘lkasi hamda Tatariston va Boshqirdiston Respublikalariga tashrifi davomida hududlar rahbarlari, vazirlik va idoralar boshliqlari, yirik va kichik ish beruvchilar, shuningdek ta’lim olayotgan va mehnat qilayotgan vatandoshlarimiz va o‘zbek jamoat tashkilotlari rahbarlari bilan uchrashuvlar o‘tkazildi.
AQSHning 12 ta shahrida bayram tadbirlari, AQSH va Kanadada istiqomat qilayotgan vatandoshlar uchun “Vatandoshlar mintaqaviy forumi”, Nyu-Yorkning “Wall Street” ko‘chasida vatandoshlar, o‘zbek jamiyatlari va shahar meriyasi rasmiylari ishtirokida Davlat bayrog‘ini tantanali ko‘tarish marosimi, tadbirkor va faol vatandoshlarimiz hamda ularning jamoat tashkilotlari bilan 30 ga yaqin uchrashuv, 9 ta madaniy va sport tadbirlari tashkil etildi.
AQSHga tashrif doirasida vatandoshlar jamiyatlari (o‘zbek diaspora tashkilotlari), Pensilvaniya, Massachusets, Nyu-York, Virjiniya shtatlari va Kanadada istiqomat qilayotgan 56 nafar yirik tadbirkor va yuqori natijalarga erishgan malakali vatandoshlarimiz ishtirokida davra suhbati o‘tkazildi.
Mamlakatimiz shaharlarining xorijiy davlatlar hududlari bilan aloqalarini mustahkamlash maqsadida “Birodar shaharlar alyansi” tashkil etildi.
Ushbu davr davomida 6 ta hudud bilan birodarlik aloqalari o‘rnatilib, birodarlashgan hududlar soni 68 tadan 74 taga yetkazildi.
Samarqand shahri bilan Konya (Turkiya) shahri, Shahrisabz shahri bilan Pendik shahri (Turkiya), Buxoro shahri bilan Trabzon shahri (Turkiya), Nurofshon va Andijon shaharlari bilan Iu shahri (Xitoy), Guliston shahri bilan Donjuan shahri (Xitoy).
O‘zbekistonning Turkiy davlatlar tashkiloti faoliyatidagi ishtiroki doirasida ilk marotaba Toshkent shahrida Turkiy davlatlar tashkiloti III Diaspora yoshlar forumi tashkil etildi.
O‘zbekiston Respublikasida istiqomat qiluvchi nemislar masalalari bo‘yicha O‘zbekiston–Germaniya hukumatlararo komissiyaning 15-majlisi o‘tkazildi. Majlis yakunlariga ko‘ra Kommunike imzolandi.
Mazkur hujjatga ko‘ra, Komissiya tarkibiga vatandoshlarimizning ushbu mamlakatdagi manfaatlarini himoya qilish hamda hududlararo hamkorlikni kuchaytirish maqsadida Andijon – Myunxen, Farg‘ona – Gamburg shaharlari o‘rtasida birodarlik aloqalarini o‘rnatishga kelishildi.
O‘tgan davrda xalqaro hamkorlik geografiyasini kengaytirishga qaratilgan qator uchrashuvlar o‘tkazildi.
Jumladan, 6 ta xorijiy davlatning (Germaniya-2, Turkiya, Qirg‘iziston, Qozog‘iston, Belarus, Ozarbayjon) O‘zbekistondagi elchilari hamda elchixonalari xodimlari, 2 ta xalqaro tashkilot (YEXHT, TDT) rahbarlari va 6 ta xorijiy davlat (Vyetnam, Rossiya, Tatariston, Boshqirdiston, Xitoy va Germaniya) delegatsiyalari qabul qilindi.
Shuningdek, 12 ta xorijiy davlatga (AQSH-2, Ozarbayjon-2, Rossiya-2, Xitoy-2, Janubiy Koreya, Turkiya, Vengriya, BAA) xizmat safari tashkil etildi.
Mazkur tadbirlarda millatlararo totuvlik va umumilliy hamjihatlik borasida O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar va mamlakatimizning boy tajribasi namoyish qilindi.
Shu bilan birga, xorijdagi turdosh va vatandoshlar tashkilotlari bilan jami 9 ta hamkorlik memorandumlari imzolandi.
Xitoyning Yunnan provinsiyasi Xitoy xalq do‘stlik jamiyati, AQSHdagi “Vatan”, “Yurtdosh”, “Uzbek Society of America”, “Mahalla USA”, Koreyadagi “Yorqin kelajak sari”, Rossiya Federatsiyasining Sverdlovsk viloyati “Drujba” (Do‘stlik) Ural–O‘zbekiston xalqlar hamdo‘stligi jamoat tashkiloti, Turkiya Respublikasi Antaliya shahri “O‘zbegim” jamoat tashkiloti, “Britaniya–O‘zbekiston jamiyati” (British-Uzbek Society) o‘rtasida o‘zaro hamkorlik to‘g‘risidagi memorandumlar imzolandi.
IV. Sohada amalga oshirilayotgan islohotlarni ommalashtirish, jamoatchilik bilan aloqalarni kuchaytirish
2025 yilda birinchi marta Jahon matbuoti erkinligi kuni munosabati bilan har yili an’anaviy o‘tkaziladigan “Oltin qalam” milliy mukofoti uchun xalqaro tanlovda “Umumilliy hamjihatlikni targ‘ib qilish va mustahkamlashga qaratilgan eng yaxshi material uchun” nominatsiyasi joriy etildi.
Tadbirlarni keng jamoatchilikka yetkazish maqsadida OAVda 601 ta material e’lon qilindi. Shundan 134 tasi ko‘rsatuv, 42 ta eshittirish, 88 ta maqola, 347 ta ijtimoiy tarmoqlardagi axborot materiallari hisoblanadi.
Umumilliy totuvlik, bag‘rikenglik va birdamlik g‘oyalarini ifodalovchi 105 ta madaniy-ma’rifiy tadbir, 29 ta davra suhbati, 46 ta turkum tadbirlar, 2 ta matbuot anjumani, 1 ta brifing, 100 dan ortiq intervyu, 3 ta flesh-mob va 3 ta chellenj tashkil qilindi.
Turli millatlar va elatlarning vatanparvarlik va umumilliy qadriyatlar atrofida birlashishiga qaratilgan “Men O‘zbekiston farzandiman” shiori ostida flesh-mob va chellenjlar tashkil etildi, 15 ta videorolik tayyorlandi.
O‘zbekiston Respublikasi Hukumat portali negizida Qo‘mitaning yangilangan rasmiy veb-sayti (https://gov.uz/oz/icc) ishga tushirildi.
Shuningdek, ijtimoiy tarmoqlardagi (Facebook, Instagram, YouTube) rasmiy sahifalar yangilanib, ularga 2 mingdan ortiq post joylashtirildi, 3 tilda (o‘zbek, rus, ingliz) “Haftalik dayjest” berib borish yo‘lga qo‘yildi.
O‘zbekistonda SHHT Xalq diplomatiyasi markazi bilan hamkorlikda mahalliy hamda SHHT davlatlari OAVning 40 dan ortiq vakillari ishtirokida Milliy madaniy markazlar paviloniga press-tur tashkil etildi.
Ijtimoiy tarmoqlardagi obunachilar soni yil boshida 500 kishi atrofida bo‘lgan bo‘lsa, bugungi kunda ular soni 22 mingtaga yetdi.
