O‘zbekiston va Vyetnam do‘stona munosabatlari abadiydir
2025-04-30 10:00:00 / Yangiliklar

Bugun Toshkent Fotosuratlar uyida Vyetnamning Gʻalaba kuni va qayta birlashganiga 50 yil to‘lishiga bag‘ishlangan arxiv fotosuratlar ko‘rgazmasi o‘tkazildi. Ko‘rgazma “O‘zbekiston va Vyetnam do‘stona munosabatlari abadiydir” deb nomlandi.
Ma’lumki, 1975-yil 30-aprel kuni Vyetnam Xalq armiyasi mamlakatning eng yirik shahri Saygonni ozod qildi. Bu voqea Vyetnamning yagona davlat sifatida birlashishini anglatgan va shundan beri ushbu sana Vyetnamda eng muhim davlat bayramlaridan biri sifatida nishonlanib kelinmoqda.
Ko‘rgazma "O‘zbekiston–Vyetnam do‘stlik jamiyati" tashabbusi va Millatlararo munosabatlar va xorijdagi vatandoshlar masalalari bo`yicha qo‘mitasi ko‘magida, shuningdek “O‘zarxiv” agentligi, Badiiy akademiya va Toshkent Fotosuratlar uyi hamkorligida tashkil etildi.
Ko‘rgazmada Vyetnamlik talabalarning O‘zbekistonda ta’lim olishi, delegatsiyalar va rasmiy shaxslarning tashriflari, shuningdek mashhur shaxslarning Osiyo, Afrika va Lotin Amerikasi mamlakatlari Xalqaro kinofestivalida ishtirok etganlariga oid tarixiy fotosuratlar namoyish etildi.
Ayniqsa, 1959-yilda O‘zbekistonga Vyetnamning birinchi prezidenti, vyetnam xalqining afsonaviy farzandi — Xo Shi Min tashrifiga bag‘ishlangan fotosuratlar katta qiziqish uyg‘otdi. Ta’kidlash joizki, bu fotosuratlar ilk bor keng jamoatchilikka taqdim etildi.
Shuningdek, 1963-yilda Xanoy shahridagi Prezident saroyida Xo Shi Minning yuristlar delegatsiyasini qabul qilgan lavhasi alohida e’tibor qozondi. Ushbu delegatsiya tarkibida O‘zbekistonning taniqli huquqshunosi Rustam Muhamedov ham qatnashgan.
Ko‘rgazmada jamoatchilik vakillari, olimlar, Toshkent oliy ta’lim muassasalari talabalari hamda Vyetnam diasporasi vakillari ishtirok etdi. So‘zga chiqqanlar mazkur ko‘rgazmaning an’anaviy do‘stona aloqalarni mustahkamlash va ta’lim, madaniyat, turizm hamda iqtisodiyot sohalaridagi hamkorlikni yanada rivojlantirishdagi ahamiyatini ta’kidlab o‘tdilar.
O‘zbekiston va Vyetnam — uzoq tarixiy munosabatlarga ega do‘st xalqlardir. O‘zbekiston ta’lim muassasalarida 3500 dan ortiq vyetnamlik talabalar tahsil olgan va ular mamlakatimizga samimiy do‘st sifatida do‘stlik rishtalarini mustahkamlashda muhim o‘rin tutadi.






