Xitoy Xalq Respublikasi Shinjon Uyg‘ur avtonom rayonida millatlararo totuvlik va hamjihatlik borasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishildi.
2026-11-06 16:25:00 / Yangiliklar

Joriy yilning 1–6-noyabr kunlari O‘zbekiston Respublikasi Millatlararo munosabatlar va xorijdagi vatandoshlar masalalari bo‘yicha qo‘mitasi mas’ullaridan iborat delegatsiya tomonidan Xitoy Xalq Respublikasi Shinjon Uyg‘ur avtonom rayonida millatlararo totuvlik va hamjihatlik borasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishildi.
Xizmat safari doirasida delegatsiya Urumchi, Qashg‘ar va Xotan shaharlarida bo‘lib, millatlararo munosabatlarni rivojlantirish, jamiyatda o‘zaro hurmat, bag‘rikenglik va hamjihatlik muhitini mustahkamlash, turli millat vakillarining madaniy merosini asrab-avaylash hamda ijtimoiy-iqtisodiy farovonligini oshirishga qaratilgan ishlar bilan yaqindan tanishdi. Xususan:
Urumchi shahrida delegatsiya Shinjon Uyg‘ur avtonom rayoni tashkil etilganining 70 yilligiga bag‘ishlangan yutuqlar ko‘rgazmasi, terrorizmga qarshi kurash va radikallashuvning oldini olishga oid ko‘rgazma hamda Shinjon dasturiy ta’minot parki faoliyati bilan tanishdi. Shuningdek, avtonom rayon rahbariyati bilan uchrashuv o‘tkazilib, millatlararo munosabatlar, ijtimoiy barqarorlik va hamkorlik masalalari yuzasidan fikr almashildi.
Qashg‘ar shahrida delegatsiya qadimiy shahar hududi, milliy musiqa asboblari tayyorlash an’analari, tarixiy-madaniy meros obyektlari hamda mahallalardagi ijtimoiy hayot bilan tanishdi. Xususan, Xitoy xalqining mushtarakligi tuyg‘usini mustahkamlashga qaratilgan ma’rifiy markaz, Dunxu mahallasi va “Qashg‘arning yuz yillik tarixi” muzeyiga tashriflar davomida madaniy qadriyatlarni asrash, tarixiy merosni targ‘ib qilish va jamiyatda hamjihatlikni rivojlantirishga oid tajribalar o‘rganildi.
Xotan shahrida esa aholi bandligini ta’minlash, yangi ish o‘rinlarini yaratish, mahalliy aholining daromadlarini oshirish va turmush farovonligini yaxshilash orqali ijtimoiy hamjihatlikni mustahkamlashga qaratilgan loyihalarga alohida e’tibor qaratildi. Delegatsiya sanoat korxonalari, mahallalar, tarixiy-madaniy maskanlar hamda cho‘llanishga qarshi kurash olib borilayotgan hududlarda amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdi.
Xizmat safari davomida millatlararo totuvlikni ta’minlashda madaniy merosni asrash, ta’lim va ma’rifatni rivojlantirish, aholi bandligini oshirish, mahallalar faoliyatini qo‘llab-quvvatlash hamda ijtimoiy-iqtisodiy imkoniyatlarni kengaytirishning ahamiyatiga alohida e’tibor qaratildi. Shuningdek hududlar o‘rtasida birodarlik aloqalarini yanada kengaytirish masalalari ham muhokama qilindi.
Ma’lumot uchun: 2024-yil yanvar oyida Xitoy Xalq Respublikasining Xo‘tan hududi hamda O‘zbekiston Respublikasining Andijon viloyati Qo‘rg‘ontepa tumani o‘rtasida birodarlik aloqalarini o‘rnatish bo‘yicha kelishuvga erishilgan. 2025-yil aprel oyida bir qator hududlar o‘rtasida birodarlashgan shahar va tumanlar munosabatlarini o‘rnatish bo‘yicha dastlabki kelishuvlarga erishilgan:
Toshkent viloyati Toshkent tumani va Xo‘tan shahri;
Toshkent viloyati Yangiyo‘l shahri va Lop tumani;
Toshkent viloyati Zangiota tumani va Keriya tumani;
Toshkent viloyati O‘rta Chirchiq tumani va Qoraqash tumani.
Mazkur xizmat safari millatlararo munosabatlar sohasidagi xorijiy tajribani o‘rganish, o‘zaro muloqotni rivojlantirish hamda xalqlar o‘rtasidagi do‘stlik va hamkorlik aloqalarini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.






