“Uz Global Think – Yangi O‘zbekiston taraqqiyotida xorijdagi vatandoshlarning ilmiy va ekspertlik salohiyati”mavzusidagi xalqaro vatandoshlar forumi boʻlib oʻtdi
2026-08-17 10:00:00 / Yangiliklar

Hilton Tashkent city mehmonxonasida “Uz Global Think – Yangi O‘zbekiston taraqqiyotida xorijdagi vatandoshlarning ilmiy va ekspertlik salohiyati”mavzusidagi xalqaro vatandoshlar forumi o‘tkazildi.
15 mamlakat bo‘ylab ilm-fan, ta’lim, iqtisodiyot, innovatsiya, texnologiya va madaniyat sohalarida salmoqli yutuqqa erishgan 40 nafar vatandoshimiz ishtirok etayotgan tadbir davomida ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish, ekologiya barqarorligini ta’minlash, ta’lim sifatini oshirish hamda zamonaviy boshqaruv tizimini takomillashtirishga oid dolzarb masalalar atroflicha muhokama qilinyapti.
Xususan, chet elda faoliyat yuritayotgan mutaxassislarimiz bilimi va tajribasidan yurt manfaati yo‘lida samarali foydalanish, investitsiya va zamonaviy texnologiya transferini rag‘batlantirish hamda eksport salohiyatini kengaytirishga alohida e’tibor qaratildi. shuningdek, yangi ish o‘rinlari yaratish maqsadida istiqbolli loyihalarni qo‘llab-quvvatlash va vatandoshlar, davlat idoralari hamda biznes hamjamiyati o‘rtasida doimiy hamkorlik platformasini yo‘lga qo‘yish masalalari kelishib olindi.
Bunday forumlar xorijdagi vatandoshlar bilan aloqalarni yangi bosqichga olib chiqish, ularning intellektual salohiyatini Yangi O‘zbekiston taraqqiyotiga safarbar etishda muhim ahamiyat kasb etadi.


