Toshkentda xorijdagi vatandoshlarni yagona muloqot maydonida birlashtiruvchi Uz Global Think forumi o‘tkazildi
2026-08-17 10:00:00 / Press-relizlar
Toshkentda xorijdagi vatandoshlarni yagona muloqot maydonida birlashtiruvchi Uz Global Think forumi o‘tkazildi
2026-yil 17-avgust Toshkent shahri
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 16-fevraldagi PF–22-son Farmonida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida joriy yilning 16−18-avgust kunlari Toshkent shahrida “Uz Global Think” xalqaro vatandoshlar forumi boʻlib oʻtdi.
Asosiy tadbir 17-avgust kuni Hilton Tashkent city mehmonxonasida “Uz Global Think – Yangi O‘zbekiston taraqqiyotida xorijdagi vatandoshlarning ilmiy va ekspertlik salohiyati” mavzusida o‘tkazildi.
O‘zbekiston Respublikasi Millatlararo munosabatlar va xorijdagi vatandoshlar masalalari bo‘yicha qo‘mitasi, Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi, Tashqi ishlar vazirligi, Savdo-sanoat palatasi, “Zakovat” intellektual klubi, “Vatandoshlar” jamoat fondi, Umumjahon O‘zbekiston yoshlari assotsiatsiyasi hamda tegishli vazirlik va idoralar hamkorligida tashkil etilgan mazkur forum xorijda istiqomat qilayotgan 15 ta davlatdan tashrif buyurgan 40 ga yaqin ilm-fan, ta’lim, iqtisodiyot, innovatsiyalar, texnologiyalar, madaniyat va boshqa sohalarda salmoqli natijalarga erishgan vatandoshlarni yagona muloqot maydonida birlashtirdi. Forum doirasida ekspertlik va ilmiy doira vakillari ishtirokida mamlakat taraqqiyoti, jamiyat hayotini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, ekologik barqarorlik, sifatli ta’lim va zamonaviy boshqaruvga oid dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashildi.
Shuningdek, forumlarda bir qancha ustuvor vazifalarga alohida e’tibor qaratildi. Jumladan, xorijda faoliyat olib borayotgan olimlar, ekspertlar, tadbirkorlar va mutaxassislarni yagona intellektual muloqot maydonida birlashtirish; ularning bilim, tajriba va professional aloqalaridan mamlakat manfaatlari yo‘lida samarali foydalanish mexanizmlarini rivojlantirish; investitsiyalar, innovatsiyalar va texnologiyalar transferini rag‘batlantirish; eksport salohiyatini oshirish, yangi ish o‘rinlari yaratish hamda hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga qaratilgan istiqbolli tashabbus va loyihalarni qo‘llab-quvvatlash; xorijdagi vatandoshlar, davlat organlari, ilmiy-ta’lim muassasalari, fuqarolik jamiyati institutlari va biznes hamjamiyati o‘rtasida doimiy hamkorlik platformasini shakllantirish kabi masalalar muhokama qilindi.
Bunday formatdagi forumlar dunyoning turli mamlakatlarida yashab, faoliyat yuritayotgan vatandoshlar bilan aloqalarni yangi bosqichga olib chiqish, ularning salohiyatini Yangi O‘zbekiston taraqqiyotiga yo‘naltirish hamda vatandoshlar bilan hamkorlik rishtalarini yanada mustahkamlashga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.
