Birodar shaharlar forumi: shaharlararo hamkorlikning yangi bosqichi
2026-07-28 18:50:00 / Yangiliklar

Birodar shaharlar forumi: shaharlararo hamkorlikning yangi bosqichi
Bugungi globallashuv sharoitida davlatlar o‘rtasidagi munosabatlarni rivojlantirishda birodar shaharlar hamkorligi xalq diplomatiyasining eng samarali vositalaridan biri sifatida iqtisodiy, investitsiyaviy, madaniy-gumanitar va turistik hamkorlikni rivojlantirish, xalqlar o‘rtasida o‘zaro ishonch va yaqinlikni mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
Joriy yilning 24–25 iyul kunlari Samarqand shahrida tashkil etilgan birinchi xalqaro “Birodar shaharlar forumi” ana shu maqsadlarni ro‘yobga chiqarishga qaratilgani bilan alohida ahamiyat kasb etdi.
13 ta xorijiy davlatdan jami 40 nafarga yaqin ishtirokchining qatnashgani Forumning xalqaro nufuzini oshirish bilan birga, O‘zbekistonning xalqaro hamkorlikni rivojlantirish borasidagi tashabbuslariga bo‘lgan qiziqishni yana bir bor namoyon etdi hamda xorijiy mamlakatlar shaharlarini bir davra atrofida birlashtirdi.
Ikki kun davom etgan Forum doirasida bir qator amaliy tadbirlar tashkil etildi. Xususan:
Mahalliy va xorijiy mutaxassislar, olimlar hamda ekspertlar ishtirokida shaharlararo hamkorlikning zamonaviy tendensiyalari, xalq diplomatiyasining yangi mexanizmlari va barqaror rivojlanish masalalariga bag‘ishlan “Birodar shaharlar – barqaror rivojlanish va xalq diplomatiyasining yangi modeli” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya.
Yalpi majlis va uchta tematik sessiyadan iborat bo‘lgan konferensiyada 14 ta xorijiy va 17 ta mahalliy ekspert o‘z ma’ruzalari bilan ishtirok etdi.
Yalpi majlisda hududlarning barqaror rivojlanishida zamonaviy global chaqiriqlar sharoitida hamkorlikning yangi mexanizmlarini joriy etish masalalari muhokama qilindi.
Sessiyalarda esa ta’lim, turizm, ekologiya, investitsiyalarni jalb etish, raqamli texnologiyalar, shahar infratuzilmasini rivojlantirish va innovatsiyalar yo‘nalishlarida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha aniq taklif va tashabbuslar ilgari surildi.
Shuningdek, Forum B2B va B2G formatidagi uchrashuvlar tashkil etildi, 9 ta hamkorlik memorandumi va birodarlik bitimlari imzolandi hamda “Shaharlar imkoniyatlari” ko‘rgazmasi tashkil etildi.
Jumladan, Namangan – O‘sh (Qirg‘iziston), Rishton – Turkiston (Qozog‘iston), Qo‘qon – Veliko-Tirnovo (Bolgariya), Samarqand – Belgrad (Serbiya), Samarqand – Ryazan (Rossiya), Samarqand–Nig‘de (Turkiya) shaharlari o‘rtasida birodarlik memorandumlari imzolandi.
“Shaharlar imkoniyatlari” ko‘rgazmasida O‘zbekistonning 14 ta hududi o‘zining istiqbolli investitsiya loyihalari, zamonaviy ishlab chiqarish quvvatlari, eksport salohiyati, tarixiy-madaniy merosi hamda turizm infratuzilmasini multimedia vositalari va taqdimotlar orqali xorijiy delegatsiyalarga tanishtirdi.
Ko‘rgazma xorijiy investorlar, biznes vakillari va mahalliy hokimliklar o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqotni yo‘lga qo‘yish, yangi investitsiya loyihalarini ilgari surish hamda hududlarning xalqaro maydondagi jozibadorligini oshirish uchun muhim imkoniyat yaratdi.
Forum doirasida xorijiy delegatsiyalar rahbarlari ishtirokida birodarlik ramzi sifatida “Do‘stlik ko‘chatlari”ni ekish marosimi o‘tkazildi.
Mazkur nufuzli forum O‘zbekiston Respublikasining ochiqlik
va pragmatik tashqi siyosati, xalq diplomatiyasini rivojlantirish, hududlararo hamkorlikni kengaytirish hamda mahalliy boshqaruv organlari o‘rtasidagi xalqaro aloqalarni mustahkamlashga qaratilgan muhim xalqaro platformaga aylandi.
Shuningdek, Forum yakunlari bo‘yicha quyidagi istiqbolli tashabbuslar bo‘yicha kelishuvlarga erishildi:
- Turkiyaning Nig‘de shahrida “Samarqand kunlari”ni tashkil etish;
- Ozarbayjonda “O‘zbekiston va Ozarbayjon shaharlarining birinchi forumi”ni o‘tkazish;
- Qirg‘izistonning O‘sh shahrida “O‘zbek–qirg‘iz biznes forumi”ni tashkil qilish;
- “Sietl–Toshkent: 50 yillik o‘chmas birodarlik tarixi” kitobini o‘zbek tiliga tarjima qilish;
- Serbiyada “Samarqand ko‘chasi”ni barpo etish.
Forum davomida erishilgan kelishuvlar va ilgari surilgan tashabbuslar nafaqat shaharlar o‘rtasidagi sheriklikni yangi bosqichga olib chiqadi, balki xalqlar o‘rtasidagi do‘stlik va o‘zaro ishonchni mustahkamlash, mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirish hamda barqaror taraqqiyot maqsadlariga erishishga munosib hissa qo‘shadi.
Umuman, mazkur forum shaharlar diplomatiyasini institutsional jihatdan rivojlantirish, hududlararo iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish, investitsiyalar jalb qilish, madaniy-gumanitar aloqalarni mustahkamlash hamda O‘zbekistonning xalqaro maydondagi ijobiy imijini yanada yuksaltirishga xizmat qiluvchi muhim xalqaro muloqot platformasi sifatida samara beradi.





