Bolalarning taʼminoti uchun qilinadigan qoʼshimcha xarajatlar
2025-06-02 15:55:00 / Yangiliklar

Oʼzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 77-moddasida ota-onalar va ularning oʼrnini bosuvchi shaxslar oʼz farzandlarini voyaga yetguniga qadar boqishi, ularning tarbiyasi, taʼlim olishi, sogʼlom, toʼlaqonli va har tomonlama kamol topishi xususida gʼamxoʼrlik qilishga majburligi belgmilab qoʼyilgan. Mazkur rahbariy qoida asosida farzandlarning ota-ona tomonidan taʼminoti xususidagi huquqiy normalar ishlab chiqilgan boʼlib, ular Oʼzbekiston Respublikasi Oila kodeksining 5-boʼlimida oʼz aksini topgan.
Shular jumlasida kichik bir norma mavjudki, unga koʼra, yaʼni Oʼzbekiston Respublikasi Oila kodeksining 103-moddasida bolalarning taʼminoti uchun qilinadigan qoʼshimcha xarajatlar toʼgʼrisidagi qoidalar mustahkamlangan.
Ota-ona nafaqat bolalarni moddiy taʼminlanishi yoki buning uchun aliment berishi lozim, balki bolalar taʼminoti uchun zarur boʼlgan qoʼshimcha xarajatlarni amalga oshirishi lozim boʼladi. Bunday holatlar qonunchilikda “favqulodda holatlar” sifatida baholanadi. Oʼzbekiston Respublikasi Oila kodeksining 103-moddasida ota-ona favqulodda holatlarda bolaning taʼminoti uchun zarur boʼlgan qoʼshimcha xaridlarda ishtirok etishi shartligi belgilangan. Bunda favqulodda holatlar jumlasiga bolaninng ogʼir shikastlanishi, kasal boʼlishi va boshqalar kiritilgan. Masalan, bola kasal boʼlib qolganda uning sogʼligʼini tiklash va parvarish qilish uchun ketgan summa hamda bolaning davolanishi uchun zarur boʼlgan dori-darmon xarajatlari ota-ona oʼrtasida teng taqsimlanishi zarur.
Qoidaga koʼra, bolalarning taʼminoti uchun qoʼshimcha xarajatlar ota-ona tomonidan ixtiyoriy ravishda amalga oshirilishi zarur. Аgar ota yoki ona bunday xarajatlarni amalga oshirishdan bosh tortsa, sud ularning oilaviy va moddiy ahvolini hisobga olib, qoʼshimcha xarajatlarni qisman pul bilan toʼlanadigan qatʼiy summada undirish haqida hal qiluv qarori chiqaradi. Pul bilan toʼlanadigan qatʼiy summa miqdori sud tomonidan ish materiallari oʼrganib chiqilib, bolaning sogʼligʼini tiklash uchun qilinishi lozim boʼlgan xarajatlar, maxsus parvarishda boʼlishi va dori-darmonlar uchun ketadigan summadan kelib chiqib belgilanadi.
Fuqarolik ishlari boʼyicha Gʼallaorol tumanlararo
sudi sudyasi Damira Аlmosova
