G‘allaorol tumani hokimining davlat xizmatchilariga murojaati
2026-07-09 20:40:00 / Rahbariyatning bayonotlari va nutqlari

Hurmatli davlat xizmatchilari!
Bugungi kunda davlat boshqaruvi tizimida ochiqlik, shaffoflik va qonun ustuvorligini ta’minlash, korrupsiyaning har qanday ko‘rinishiga qarshi murosasiz kurashish ustuvor vazifalardan biri hisoblanadi. Shu bois har bir davlat xizmatchisi zimmasiga yuklatilgan vazifalarni yuksak mas’uliyat, halollik va fidoyilik bilan bajarishi muhim ahamiyat kasb etadi.
Mamlakatimizda korrupsiyaning oldini olish, davlat xizmatida halollik tamoyillarini mustahkamlash hamda fuqarolarning davlat organlariga bo‘lgan ishonchini oshirishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Mazkur islohotlarning samarasi esa, avvalo, har bir davlat xizmatchisining shaxsiy mas’uliyati va kasbiy odobiga bog‘liq.
Har bir xodim xizmat faoliyati davomida qonunchilik talablariga qat’iy amal qilishi, xizmat vakolatidan shaxsiy manfaatlar yo‘lida foydalanmasligi, manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘ymasligi hamda fuqarolarga xolis, adolatli va sifatli xizmat ko‘rsatishi shart.
Davlat xaridlari, byudjet mablag‘laridan oqilona foydalanish, kadrlar bilan ishlash, murojaatlarni ko‘rib chiqish hamda davlat xizmatlarini ko‘rsatish jarayonlarida shaffoflik va adolatlilik tamoyillariga rioya etish har bir rahbar va xodimning ustuvor vazifasi bo‘lib qoladi.
Shuningdek, korrupsiyaga oid har qanday noqonuniy taklif yoki holatlarga duch kelganda, bu haqda belgilangan tartibda vakolatli tashkilotlarga zudlik bilan xabar berish har bir davlat xizmatchisining fuqarolik va xizmat burchidir.
Hurmatli hamkasblar!
Barchangizni xizmat vazifalaringizni vijdonan ado etishga, qonunlarga so‘zsiz rioya qilishga, xizmat intizomi va kasb etikasi talablariga qat’iy amal qilishga hamda korrupsiyaning har qanday ko‘rinishiga nisbatan murosasiz munosabatda bo‘lishga chorlayman.
Ishonamanki, halol mehnat, yuksak mas’uliyat va fidoyilik orqali fuqarolarimiz ishonchini yanada mustahkamlash, hududimizning barqaror taraqqiyoti hamda Yangi O‘zbekiston rivojiga munosib hissa qo‘shishda barchamiz birgalikda samarali faoliyat olib boramiz.
Hurmat bilan,
G‘allaorol tumani hokimi
Oqboyev Jalolitdin Jamolovich
