G‘ALLAOROL TUMANI IIB BOSHLIG’I PODPOLKOVNIK JALOLOV ASLIDDIN MUXIDDINOVICHNING TUMAN AHOLISIGA MUROJAATI
2026-07-10 18:05:00 / Yangiliklar

Assalomu alaykum, aziz g‘allaoroliklar va hurmatli tumanimiz aholisi!
Bugungi kunda Muhtaram Yurtboshimiz tomonidan ichki ishlar organlari tizimida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarning tub negizi — har bir mahallada xavfsiz muhit yaratish, qonun ustuvorligini ta’minlash va pirovardida xalqimizni hayotdan rozi qilishdan iboratdir.
Tumanimiz hududida osoyishtalikni saqlash va jinoyatchilikka qarshi kurashish borasida barcha kuch va vositalar safarbar etilgan bo‘lsa-da, afsuski, texnologiyalar rivojlanishi asnosida xonadonlarimiz eshigini qoqqan yangi turdagi xavf — kiberjinoyatchilik salmog‘i keskin oshib bormoqda.
Aziz yurtdoshlar! Ushbu turdagi kiberfiribgarlik va o‘g‘rilik jinoyatlarining kelib chiqish sabablari tahlil qilinganda, aksariyat hollarda fuqarolarimizning haddan tashqari ishonuvchanligi, kiberxavfsizlik qoidalarini bilmasligi va shaxsiy ma’lumotlarini o‘z qo‘llari bilan begonalarga taqdim etishi oqibatida kiberjinoyatchilarga qulay sharoit yaratib berilayotgani aniqlanmoqda.
Firibgarlar internet tarmoqlarida kundan-kunga yangi, ayyorona usullarni o‘ylab topishmoqda. Shuning uchun, tumanimizning har bir fuqarosini quyidagi kiber-tuzoqlardan doimo ogoh bo‘lishga chaqiraman:
Soxta (fishing) havolalar va yutuqli o‘yinlar: Telegram yoki boshqa ijtimoiy tarmoqlar orqali kelayotgan "Prezident farmoni bilan moddiy yordam berilmoqda", "Davlat kompaniyalaridan aksiya qatnashchisi bo‘ling" yoki "Sizga pul mukofoti chiqdi" mazmunidagi yolg‘on va shubhali havolalarga (linklarga) mutlaqo kirmang.
Plastik kartalarning maxfiy kodlari (SMS-kod): Telefoningizga SMS bo‘lib keladigan va plastik kartangizni boshqarish imkonini beruvchi 4-5 xonali tasdiqlash kodlarini hech qanday holatda hech kimga, hatto o‘zini "Bank xodimi", "Xavfsizlik xizmati vakili" yoki "IIO xodimi" deb tanishtirgan shaxslarga ham oshkor qilmang! Unutmang, rasmiy bank xodimi sizdan hech qachon SMS-kod so‘ramaydi.
Onlayn savdo va oldindan to‘lov (Zalog): Turli platformalarda (masalan, Olx va ijtimoiy tarmoqlardagi kanallarda) arzon narxda mahsulot yoki mashina sotayotganini aytib, oldindan pul o‘tkazishni talab qilayotgan shaxslarga aldanib qolmang. Tovar yoki xizmatni ko‘rmasdan turib, pullaringizni firibgarlar hisobiga o‘tkazmang.
Hurmatli ota-onalar va tumanimiz fuqarolari! Biz birgalikda, hamjihatlikda ushbu muammoni bartaraf etishimiz mumkin. Bugun internet tarmog‘idan faol foydalanayotgan farzandlarimizga, yoshlarimizga to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatishimiz, ularni kiber-gigiyena qoidalariga o‘rgatishimiz zarur. Jinoyatni jazo muqarrarligi bilan emas, balki uning oldini olish, fuqarolarimizda "kiber-immunitet"ni shakllantirish orqali jilovlay olamiz.
Sizlardan yana bir bor so‘rab qolaman: har biringiz o‘z shaxsiy ma’lumotlaringizga, bank kartalaringizga va ijtimoiy tarmoqdagi profillaringizga mas’uliyat bilan yondashing, virtual dunyoda ham hushyorlikni yo‘qotmang! Doimo ogoh bo‘ling!
E’tiboringiz va qonunga itoatkorligingiz uchun rahmat.
