MAMLAKATIMIZ OZIQ-OVQAT XAVFSIZLIGINI TA’MINLASHDA O‘Z HISSANGIZNI QO‘SHING, AYNIQSA KARTOSHKA VA BOSHQA ZARUR MAHSULOTLARNI EKISHNI QISQA MUDDATDA YAKUNLAB, QO‘SHIMCHA DAROMADGA EGA BO‘LING!
2026-03-26 08:10:00 / Yangiliklar

O‘zbekiston fermerlari kengashi Rayosati a’zolarining barcha mirishkor fermerlarga, bobo dehqonlarga hamda qishloq xo‘jaligi sohasiga tegishli korxonalarga
MUROJAATI
Hurmatli fermerlar, dehqonlar va qishloq xo‘jaligi sohasi fidoyilari!
Siz aziz dehqonlarning yaratuvchanlikka asoslangan mehnatingiz asrlar davomida xalqimizning farovon turmushi, to‘kin dasturxonining asosiy sababi sifatida yuksak e’tirof etilgan va qadrlangan.
Bugungi kunda oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash – nafaqat qishloq xo‘jaligini barqaror rivojlantirish, balki iqlim o‘zgarishlari ta’sirini yumshatish orqali oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, aholi farovonligini oshirishning ustuvor yo‘nalishiga aylanmoqda.
Davlatimiz rahbari Navro‘z umumxalq bayrami tadbirida mirishkor dehqon va fermerlarimizga yuksak hurmat va ehtirom bildirib, ularning xalqimiz dasturxonini to‘kin va farovon qilishdek sharafli mehnatini e’tirof etdi, bu borada davlat va jamiyat tomonidan doimiy qo‘llab-quvvatlash davom ettirilishini ta’kidladi.
Ushbu qo‘llab-quvvatlashdan ruxlanib, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash – har birimizdan mas’uliyat va faollikni talab qilayotgan eng dolzarb vazifalardan ekinligini his qilib, kartoshka, sabzavot va poliz mahsulotlarini qisqa muddatlarda ekishni tashkil etib, ichki ehtiyojni to‘liq qondirish orqali bozorlarda narxlar barqarorligini ta’minlashda o‘z hissamizni qo‘shaylik.
Har bir qarich yer – imkoniyat. Undan oqilona foydalanish esa nafaqat shaxsiy manfaat, balki yurtimiz farovonligiga qo‘shilgan hissadir shiori bilan bir qarich yerimizga ham mahsulot ekishni tashkil etaylik.
Keling, birgalikda harakat qilib, xalqimiz dasturxonini to‘kin, yurtimizni yanada farovon qilaylik!
Bugun fermerlarimizning nafaqat qishloq xo‘jaligi, balki iqtisodiyotni yuksaltirish, aholi turmushini yaxshilash, oziq-ovqat xavfsizligi borasidagi ishlari e’tirof etilishi shu muqaddas zaminda tavallud va tarbiya topgan, o‘zini aynan shu yurt farzandi deb bilguvchi Siz aziz fermerlarni o‘z davlati, xalqi oldidagi, uni umidlar bilan tarbiyalagan, voyaga yetkazgan jamiyat oldidagi burchini ado etishga undashiga ishonamiz.
Himmati baland dehqon va fermerlar!
Mamlakatimiz aholisini qishloq xo‘jaligi mahsulotlari bilan ta’minlash, xalqimiz dasturxoniga yetkazish, bozorlarimizda narx-navo oshib ketishining oldini olish eng asosiy vazifamiz ekanligini unutmasligimiz zarur.
Oziq-ovqat mahsulotlarini yetishtirish strategik ahamiyatga ega bo‘lishi bilan bir qatorda, dehqon va fermerlarimiz uchun yaxshi daromad topish manbai hisoblanadi. Ayniqsa, kartoshka yetishtirish nafaqat kundalik iste’mol mahsuloti, balki aholi iste’molida eng muhim oziq-ovqat mahsulotlaridan birdir.
Shu bois, oziq ovqat mahsulotlarini yetishtirish hajmini oshirish orqali narxlar barqarorligini ta’minlash, importga bo‘lgan qaramlikni kamaytirish bugungi kunning eng dolzarb vazifalaridan biri ekanligini unutmaylik.
Keling, yurtimiz taraqqiyoti uchun birgalikda harakat qilaylik! “dolzarb bir oylik”da dala chetlaridan oqilona va samarali foydalanish orqali qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini, xususan, kartoshka hamda sabzavot va poliz ekinlarini ekishni yakunlang.
Bundan tashqari, bog‘ va qator oralaridan unumli foydalanib, qo‘shimcha ravishda sabzavot ekinlarini ekib, hosildorlikni oshirish va mahsulot turlarini ko‘paytirishga hamda shu orqali xalqimizning dasturxonini to‘kin, yurtimizni farovon qilishga o‘z hissangizni qo‘shing!
Mirishkor va fidoiy fermerlar!
Mamlakatimizda oziq-ovqat xavfsizligi ta’minlash, jumladan, sabzavot, kartoshka, poliz, va boshqa ekinlaridan yuqori hosil olish uchun mart-aprel oylarida, ya’ni “dolzarb bir oylik”da biz fermerlar tomonidan sabzavot urug‘larini o‘z vaqtida yerga qadab, agrotexnik tadbirlarni amalga oshirish zarurligi hamda erta ekib qo‘shimcha daromad olishingizni yurakdan his etib, quyidagi tadbirlarni og‘ishmay amalga oshiring:
birinchidan - har bir fermer xo‘jaligi tomonidan “dolzarb bir oylik” davomida ekinlarni joylashtirish ro‘yxatiga muvofiq ochiq maydonlarda kartoshka, sabzavot va poliz ekinlarini ekishni yakunlang;
ikkinchidan - 10 kunlik muddatda dala chetlariga sabzavot, poliz, moyli, dukkakli yoki makkajo‘xori urug‘i va ko‘chatlarini ekishni tashkil eting;
uchinchidan - ilmiy-tadqiqot muassasalari bilan hamkorlikni kuchaytiring, sifatli va sertifikatlangan urug‘dan eking;
to‘rtinchidan - tijorat banklari orqali kartoshka yetishtirish xarajatlarini moliyalashtirish uchun hosil qiymatining 50 foizigacha yillik 12 foiz stavkada 6 oylik imtiyozli davr bilan 12 oy muddatga sug‘urta polisi asosida ajratiladigan kreditlar foydalanib, kartoshkani o‘z vaqtida ekib, qo‘shimcha daromad oling;
beshinchidan- kartoshka, sabzavot va boshqa ekinlar yetishtirishda suv tejovchi texnologiyalarni keng joriy etib, qarorda belgilangan imtiyozlardan foydalaning;
oltinchidan - kartoshka, sabzavot va boshqa ekinlarga kasallik va zararkunandalarga qarshi samarali kurash choralarini ko‘ring, mineral va organik o‘g‘itlardan belgilangan me’yor asosida foydalanib, yuqori hosil olishga va qo‘shimcha daromad olishga erishing.
Hurmatli fermer va dehqonlar!
Shu munosabat bilan barchangizni “dolzarb bir oylik” doirasida mavjud yer maydonlaridan, jumladan, dala chetlari, bog‘ va qator oralaridan samarali foydalanib, kartoshka va boshqa oziq-ovqat ekinlarini ekish ishlarini qisqa muddatda yakunlashga chaqiramiz.
Qishloq xo‘jaligi ekinlarini ekishni shunday ko‘tarinkilik bilan tashkil qilaylikki, toki har bir O‘zbekistonlikman, degan inson o‘zini dehqondek his etsin.
Bobodehqon yelkasidagi yukni ko‘tarishga kamarbasta, farovonlik yo‘lida el-yurtga xizmat qilish kabi yuksak insoniy fazilatlarni namoyon qilib, dehqonlarning zafarlaridan faxrlanish hissi yuragingizda jo‘sh ursin!
Barchangizni shunday ezgu amallarni bajarishda faol ishtirok etishga chorlab, iqtisodiyotimizni yuksaltirish, ona yurtimiz yanada obod bo‘lishi uchun munosib hissangizni qo‘shishga hamda “Dolzarb bir oylik” mobaynida qishloq xo‘jaligi ekinlarini o‘z muddatlarida ekishga hamda yuqori hosil olishga da’vat etamiz!
O‘zbekiston fermerlari kengashi Rayosat a’zolari
