Rasmiy munosabat
2026-02-24 16:05:00 / Yangiliklar

Jizzax viloyati G‘allaorol tumani Qashqabuloq MFY hududida joylashgan 680-kontur yer maydoni yuzasidan ijtimoiy tarmoqlarda, xususan, “Xalq Dardi” Telegram kanalida e’lon qilingan murojaat asosida 2026-yil 24-fevral kuni mas’ul tashkilotlar vakillaridan iborat ishchi guruh tomonidan joyiga chiqib o‘rganish ishlari olib borildi.
Ishchi guruh tarkibiga mahalla hokim yordamchisi, yoshlar yetakchisi, tuman kadastr palatasi, tuman qishloq xo‘jaligi bo‘limi hamda Yoshlar ishlari tuman bo‘limi mas’ul xodimlari jalb etildi.
O‘rganish jarayonida hududdagi taxminan 5 gektarga yaqin 680-kontur yer maydoni ma’lum muddat foydalanilmasdan qolganligi, ayrim qismlarida begona o‘tlar o‘sib ketganligi aniqlandi. Aniqlangan holatlar yuzasidan amaldagi qonunchilik talablari asosida tegishli chora-tadbirlar belgilandi.
Hozirgi kunda mazkur yer maydoni tozalanib, shudgor qilindi hamda undan samarali foydalanishni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha amaliy ishlar boshlandi. Yer maydonlaridan ochiq va shaffof tartibda, qonunchilik asosida foydalanishni ta’minlash yuzasidan mas’ul tashkilotlar tomonidan zarur tashkiliy choralar ko‘rilmoqda.
Mazkur masala mutasaddi tashkilotlar tomonidan doimiy nazoratga olingan.
