Forish tumani hokimining davlat xizmatchilariga murojaati
2026-07-13 08:00:00 / Rahbariyatning bayonotlari va nutqlari

Hurmatli davlat xizmatchilari!
Bugungi kunda muhtaram Prezidentimiz rahbarligida mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi kurashish davlat siyosatining eng ustuvor va murosasiz yo‘nalishlaridan biri etib belgilangan. Davlat va jamiyat boshqaruvi tizimida ochiqlik, shaffoflik, qonun ustuvorligi hamda halollik tamoyillarini qaror toptirish borasida mamlakatimiz bo‘ylab izchil islohotlar amalga oshirilmoqda.
Bu borada qabul qilingan qonunlar, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti farmon va qarorlari, shuningdek, yangi tahrirdagi normativ-huquqiy hujjatlar korrupsiyaning oldini olish, uning kelib chiqish sabablari va shart-sharoitlarini tag-tomiri bilan bartaraf etishga xizmat qilmoqda. Bu esa har birimizdan davlat xizmatida halollik, mas’uliyat va javobgarlikni har qachongidan ham kuchaytirishni talab etadi.
Davlat xizmatchisi — eng avvalo, xalq ishonchini oqlashi, o‘z xizmat vazifalarini vijdonan, xolis va faqatgina qonuniy asosda bajarishi lozim.
Har bir rahbar va xodim o‘z faoliyatida manfaatlar to‘qnashuviga aslo yo‘l qo‘ymasligi, xizmat vakolatidan shaxsiy yoki guruhboshilik manfaatlari yo‘lida foydalanmasligi hamda har qanday noqonuniy taklif yoki bosimga nisbatan mutlaqo murosasiz munosabatda bo‘lishi shart.
Biz uchun eng muhim va dolzarb yo‘nalishlar:
Ayniqsa, quyidagi sohalarda shaffoflik va qonuniylikni ta'minlash bizning bosh mezonimizdir:
- Davlat xaridlari va byudjet mablag‘laridan maqsadli hamda samarali foydalanish;
- Davlat mulkini boshqarish va yer resurslaridan qonuniy foydalanilishini nazorat qilish;
- Kadrlarni tanlash va ishga qabul qilishda tanish-bilishchilikka chek qo‘yish, faqatgina ilm, tajriba va halollik tamoyillariga tayanish;
- Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlashda sansalorlikka yo‘l qo‘ymaslik;
- Davlat xizmatlarini ko‘rsatish jarayonlarini to‘liq raqamlashtirish va ochiqligini ta'minlash.
Har bir xodim korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarning oldini olishga shaxsan mas’uldir. Agar faoliyatingiz davomida sizni korrupsiyaga undash, noqonuniy manfaat taklif etish yoki shunga o‘xshash shubhali holatlarga duch kelsangiz, bu haqda zudlik bilan shaxsan menga, korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmalariga yoki vakolatli huquqni muhofaza qiluvchi organlarga qonunchilikda belgilangan tartibda xabar berishingiz lozim.
Alohida ta’kidlaymanki: Manfaatlar to‘qnashuvini yashirish, korrupsiyaga oid huquqbuzarliklar haqida bilib turib xabar bermaslik yoki ularga sherik bo‘lish amaldagi qonunchilikka muvofiq keskin javobgarlikka sabab bo‘ladi. Bu masalada hech kimga yon bosilmaydi.
Hurmatli hamkasblar!
Forish tumani hokimligi jamoasi oldida turgan eng muhim vazifa — keng poyonli tumanimiz ahlini rozi qilish, fuqarolarga sifatli, tezkor va adolatli davlat xizmatlarini ko‘rsatishdir. Biz aholining davlat organlariga bo‘lgan ishonchini yanada mustahkamlashimiz va «Halollik — eng oliy qadriyat» tamoyilini kundalik faoliyatimizning bosh mezoniga aylantirishimiz shart.Barchangizni xizmat vazifalaringizni sidqidildan bajarishga, O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligiga so‘zsiz rioya etishga, korrupsiyaning har qanday ko‘rinishiga nisbatan mutlaqo murosasiz bo‘lishga hamda kasb odobi qoidalariga qat’iy amal qilishga chaqiraman.Ishonchim komilki, faqatgina halol, mas’uliyatli va fidokorona mehnatimiz orqaligina xalqimiz ishonchini oqlay olamiz hamda Yangi O‘zbekiston taraqqiyotiga, aziz Forish tumanining yanada ravnaq topishi va iqtisodiy yuksalishiga munosib hissa qo‘shamiz.
Soxib Islamov
Forish tumani hokimi
