FORISH TUMANI PROKURORI ULUG‘BEK SHONAZAROVNING TUMAN AHLIGA MUROJAATI!
2026-07-06 11:00:00 / Yangiliklar

Qadrli otaxon va onaxonlar!
Aziz Forish tumanimiz aholisi!
Hurmatli Yurtboshimiz rahbarligida, masʼul idora va tashkilotlar hamda vatanparvar xalqimiz bilan birgalikda barcha sohalarda, xususan Forish tumanida qonuniylikni mustahkamlash, jinoyatchilikka qarshi kurashish borasida muayyan ishlar amalga oshirib kelinmoqda.
Tumanimizda 2026-yil 6 oyi davomida aniqlangan jinoyatlar 30 ta, oldini olish mumkin boʻlgan jinoyatlar 27 ta sodir etilgan.
Biroq, shu bilan birga, raqamli texnologiya vositalari orqali fuqarolarni aldash va ularning mol–mulkini egallash holatlari koʻpaymoqda.
Keyingi vaqlarda bank kartalaridan foydalangan holda oʻgʻrilik yoki firibgarlik holatlarining koʻpayishi tumanimiz aholisining raqamli moliyaviy savodxonligi darajasi yetarli emasligini koʻrsatmoqda.
2026-yilning 6 oyi davomida 49 ta kiberjinoyatlar sodir etilib, jinoyat ishlari qoʻzgʻatilgani buning yaqqol isboti.
Bundan tashqari, ayrim fuqarolarimizning oʻzlariga tegishli mol–mulklari va chorva mollarini qarovsiz qoldirganligi, oʻzlariga tegishli binolarini oʻz vaqtida qoʻriqlovga olish borasida zaruriy choralarni koʻrmaganligi oqibatida, oʻgʻrilik jinoyatlari sodir etilishiga imkoniyat yaratib berilmoqda.
Bu holat tuman hududida, mahalla hududida oldini olish mumkin boʻlgan 9 ta oʻgʻrilik jinoyatlarining 80 foizi chorva mollari qarovsiz qoldirilganligi sababli oʻgʻirlanganligidan ham koʻrinib turibdi.
Aziz yurtdoshlar!
Tumanimizda 2026-yil iyun oyi davomida aholi gavjum joylar va koʻchalarga, koʻp qavatli uylar hovlilariga, mahallalarning asosiy kirish-chiqish joylariga, savdo markazlari va bozorlarga, taʼlim muassasalari kirish-chiqish joylariga kameralar oʻrnatish ishlari keng miqyosda olib borilmoqda.
Ushbu amalga oshirilgan ishlar kriminogen vaziyatni nazorat qilish, sodir etilgan jinoyatlar boʻyicha aybdor shaxslarni tezkorlik bilan topish hamda jinoyatga jazo muqarrarligini taʼminlashga salmoqli hissa qoʻshmoqda.
Natijada 2026-yilning oʻtgan davri mobaynida yashirin tarzda sodir etilgan 2 ta jinoyatlar fosh etilishi, qidiruvda boʻlgan 3 nafar shaxslarning topilishiga erishildi.
Bundan tashqari, sodir etilgan jinoyatlarni har kuni tezkor tahlil qilib, manzilli tadbirlarni belgilash, kunlik soʻrov va nazorat tizimi yoʻlga qoʻyildi.
Shuningdek, korrupsiyaga qarshi kurashish borasida barcha davlat tuzilmalari, keng jamoatchilik vakillari bilan hamkorlikni kuchaytirish borasida salmoqli ishlar olib borilib, har bir aniqlangan jinoyatlar boʻyicha jazo muqarrarligi taʼminlanmoqda.
Qadrli tumanimiz ahli!
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti hurmatli Shavkat Mirziyoyevning saʼy-harakatlari bilan barcha davlat organlarida korrupsiyaga qarshi mutloq murosasiz kurash tizimi shakllantirilmoqda.
Bordiyu, Sizdan biron-bir davlat organlarida davlat xizmatchisi xizmat vazifasini bajarish chogʻida pul yoki boshqa moddiy manfaat talab qilsa, yoki shunday sharoitga solib qoʻysa, aslo unga pora bermang. Aksincha, bu haqida tuman prokuraturasidagi “Ishonch” telefoniga qoʻngʻiroq qiling va albatta Sizning qonuniy huquq manfaatlaringiz himoya qilinishi kafolatlanadi.
Shuningdek, oilaviy qadriyatlarni yaxshilash, oila mustahkamligini kuchaytirish borasida qator ishlar amalga oshirib kelinmoqda, agarda oilaviy zoʻravonlikka uchraganingizda tuman prokuraturasi va tuman IIBga murojaat qilishingiz soʻraladi.
Jinoyat qurboni boʻlib qolmaslik maqsadida, avvalo ehtiyotkorlikka rioya qilishimiz, turli aldovlarga ishonib qolmasligimiz lozim.
Hozirda yoz fasli dehqonlarimiz tomonidan dalalarda ayni oʻrim-yigʻim mavsumi yaqinlashib kelayotganligi munosabati bilan, dalalarda yigʻib olingan hosillarni qarovsiz qolmaslikka, oʻgʻrilik qurboni boʻlmaslik uchun bunday shaxslarga sharoit yaratib bermaslikka chaqirib qolamiz.
Notanish shaxslarning tekshirilmagan va ishonchsiz vaʼdalariga ishonib qolmang, shaxsiy hisoblaringiz haqida maʼlumotlarni berib qoʻymang, mol-mulkingiz, binolaringiz, xonadonlaringizni qarovsiz qoldirmang, xususan, chorva mollaringizni umuman qarovsiz, nazoratsiz qoldirmang, bu borada yaratilayotgan imkoniyatlardan foydalanishga eʼtibor qarating.
Hurmatli fuqarolar, xonadoningiz, savdo doʻkoningiz, fermer xoʻjaligi dala maydonlariga, chorva saqlanadigan molxonalar va qoʻralaringizga hamda boshqa mulklaringiz saqlanadigan joylarga kuzatuv kameralari oʻrnating, qoʻriqlash xizmati bilan tegishli tartibda shartnoma tuzgan holda qoʻriqlovga olish choralarini koʻring, shu vositalar orqali mol-mulklaringizni oʻgʻrilik va boshqa turdagi jinoyatlardan muhofaza qilishingizni tavsiya qilamiz.
Shuningdek, voyaga yetmagan farzandlaringiz tarbiyasiga chuqur eʼtiborni qaratgan holda, ularning yozgi taʼtil vaqtida boʻsh vaqtlarini mazmunli oʻtkazish ustidan nazorat oʻrnatib, har xil turdagi huquqbuzarlik va jinoyat qurboni boʻlib qolishni yoki ular tomonidan sodir etilishini oldini olish choralarini koʻrishlaringizni iltimos qilamiz.
Albatta, tumanimizda jinoyatchilikning oldini olishda eng avvalo, Siz jonkuyar va vatanparvar xalqimizga, Sizlarning amaliy yordam hamda hamkorligingizga tayanamiz.
Bu borada qonunga itoatkorlik hissini oshirishimiz, yaqinlarimizni ham shunga chorlashimiz asosiy koʻmaklardan biri boʻlib hisoblanadi.
Agarda har bir fuqaro yurtimizni jinoyatdan holi, tinch va xavfsiz oʻlkaga aylantirishga oʻz hissasini qoʻshsa, shu yoʻlda muhtaram Prezidentimizga yelkadosh boʻlib harakat qilsak, qonun ustuvor, adolat hukmron boʻlgan jamiyatni barpo etamiz.
Eʼtiboringiz uchun rahmat!
