"Oʻzbekiston Respublikasida korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirish toʻgʻrisida"gi PF-270-son FARMONI
2026-03-24 17:50:00 / Yangiliklar

"Oʻzbekiston Respublikasida korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirish toʻgʻrisida"gi PF-270-son
FARMONI
Korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish sohasidagi davlat siyosatini 2030-yilga qadar sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqishning ustuvor yoʻnalishlari etib quyidagilar belgilandi:
• ustav fondida davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq boʻlgan davlat organlari va tashkilotlari, xoʻjalik jamiyatlarida korrupsiyaga qarshi kurashishning professional va samarali tizimini yaratish;
• korrupsiogen omillarni erta aniqlash va korrupsiya oqibatlariga qarshi kurashish oʻrniga profilaktik mexanizmlarni joriy etish orqali tizimli korrupsiya holatlarining oldini olish;
• raqamli texnologiyalardan, shu jumladan sun’iy intellektdan samarali foydalanish;
• davlat organlari va tashkilotlari faoliyatida ochiqlik siyosatini takomillashtirish.
Korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish sohasidagi davlat siyosatini amalga oshirishni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqish boʻyicha chora-tadbirlar rejasi tasdiqlandi. Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligiga davlat organlari va tashkilotlari bilan ishlash boʻyicha quyidagi qoʻshimcha vazifalar yuklatildi:
• korrupsiyaning oldini olishda yagona huquqni qoʻllash amaliyotini shakllantirish va uslubiy yordam koʻrsatish;
• korrupsiyaga qarshi menejmentni sertifikatlashtirish milliy tizimini joriy etish;
• amaldagi normativ-huquqiy hujjatlarda korrupsiyaga qarshi ekspertiza oʻtkazish va korrupsiyaviy xavf-xatarlarni bartaraf etish boʻyicha faoliyatni muvofiqlashtirish;
• korrupsiya xavfi yuqori boʻlgan vazifa va funksiyalarni raqamlashtirish boʻyicha takliflar va minimal talablarni ishlab chiqish;
• ochiqlik sohasida, shu jumladan qabul qilinayotgan hujjatlarni "E-qaror" tizimida e’lon qilishda qonun hujjatlariga rioya etilishini nazorat qilish boʻyicha ta’sirchan choralarni qoʻllash;
• korrupsiogen omillarni aniqlash va oldini olish.
2026-yil 1 iyuldan 2030-yilgacha davlat organlari va tashkilotlarida, birinchi navbatda, korrupsiyaga qarshi kurashish ishlarining samaradorligini reyting baholash natijalariga koʻra "qoniqarsiz" deb baholangan davlat organlari va tashkilotlarida Korrupsiyaga qarshi kurashish menejmentini sertifikatlash milliy tizimi bosqichma-bosqich joriy etiladi. Milliy tizimning belgilangan muddatlarda joriy etilmasligi davlat organlari yoki tashkilotlari rahbarlariga va ularning oʻrinbosarlariga ragʻbatlantiruvchi toʻlovlarni uni joriy etishdan oldin toʻxtatib turish uchun asos boʻladi. Korrupsiyaga qarshi kurashishning yagona tizimi Agentlik, huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat organlari, ilmiy muassasalar, korrupsiyaga qarshi ichki nazorat boʻlinmalari va fuqarolik jamiyati institutlarining uzluksiz hamkorligiga asoslanadi. Korrupsiyaga oid huquqbuzarliklar toʻgʻrisida xabar bergan shaxslarni mehnat faoliyatini amalga oshirish chogʻida ta’qib va tazyiq oʻtkazish holatlaridan himoya qilish maqsadida Agentlik tomonidan himoya orderini berish amaliyoti joriy etilmoqda.
M.Toshpulotov
Jizzax tumanlararo ma`muriy sudi raisi
