RASMIY MUNOSABAT
2026-07-22 08:00:00 / Rasmiy munosabatlar

Ijtimoiy tarmoqlarda Farg‘ona tumani hokimining fuqarolar qabuli hamda jarayonda kuzatilgan vaziyat yuzasidan bildirilgan tanqidiy murojaat bo‘yicha Farg‘ona tumani hokimligi quyidagilarni ma’lum qiladi:
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farg‘ona tumani Xalq qabulxonasida tuman hokimi Nodirjon Mashrapov tomonidan jisman va yuridik shaxslar vakillari uchun navbatdagi shaxsiy qabul o‘tkazildi. Qabul belgilangan tartibda soat 10:00 dan 12:15 ga qadar davom etgan.
Ushbu vaqt oralig‘ida tuman hokimi tomonidan tumanda istiqomat qiluvchi fuqarolarning 15 ta murojaati atroflicha ko‘rib chiqildi. Shundan 3 ta murojaat joyida ijobiy hal etildi, 4 ta murojaat yuzasidan huquqiy tushuntirishlar berildi hamda qo‘shimcha o‘rganishni talab etadigan 8 ta murojaat tegishli mas’ullarga biriktirilib, ijrosi tuman hokimligi tomonidan nazoratga olindi.
Murojaatda "qabuldan so‘ng qolib ketgan" deb aytilgan fuqarolar aslida qo‘shni hudud — Farg‘ona shahar, "O‘rta sho‘ra" MFY aholisi vakillari hisoblanadi. Ular o‘z mahallalari hududida joylashgan Farg‘ona tumani Majburiy ijro byurosi (sobiq MFY binosi)ni tuman hududiga ko‘chirish hamda ushbu binoni MFY ixtiyoriga berish masalasida murojaat qilishgan.
Shu kuni davlatimiz rahbari raisligida hududlar va tarmoqlarda iqtisodiy o‘sish sur’atlarini ta’minlash bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi o‘tkazilishi belgilanganligi sababli, tuman hokimi rejadagi barcha tuman aholisini qabul qilib bo‘lgach, soat 12:15 da ushbu muhim davlat ahamiyatiga ega majlisga tayyorgarlik ko‘rish uchun jo‘nab ketgan.
Shundan so‘ng, shahar hududidan kelgan fuqarolar bilan Farg‘ona tumani hokimi o‘rinbosari – Oila va xotin-qizlar bo‘limi boshlig‘i Xamidaxon Abdug‘aniyeva hamda mas’ul xodimlar tomonidan shaxsiy qabul o‘tkazilgan. Suhbat davomida MIB binosini ko‘chirish masalasi muayyan vaqt va huquqiy jarayonlarni talab etishi tushuntirilgan. Jumladan, tuman markazida Majburiy ijro byurosi uchun yangi bino qurish yoki foydalanilmayotgan binoni ta’mirlab ko‘chirish, yoki ikki tomonlama kelishuv o‘rnatib, vaqtincha bir binoda ham Majburiy ijro byurosi, ham mahalla fuqarolar yig‘ini faoliyatini birgalikda yuritib turish variantlari taklif etilgan va huquqiy tushuntirishlar berilgan.
Farg‘ona tumani hokimligi fuqarolar bilan ochiq muloqotni ta’minlash, ularning murojaatlarini tinglash va qonuniy yechim topish tamoyillariga har doim sodiqdir.
Farg‘ona tumani hokimligi Axborot xizmati







