Agentlik haqida
Energiya samaradorligi milliy agentligi (keyingi o‘rinlarda – Agentlik) O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 27-martdagi PF-63-sonli “Energiya samaradorligini oshirish sohasida davlat boshqaruvini takomillashtirish va energiya servis kompaniyalari xizmatlari bozorini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoniga muvofiq tashkil etildi. Agentlikning faoliyati va vazifalari O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 2-maydagi 292-sonli “O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Energiya samaradorligi milliy agentligi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida belgilangan.
Agentlik energiya samaradorligi sohasida yagona davlat siyosatini yuritish, sohada rag‘batlantiruvchi va ta’sir etuvchi choralarni ishlab chiqish va tartibga solish davlat siyosatini amalga oshiruvchi mustaqil respublika ijro etuvchi hokimiyat organi hisoblanadi.
Agentlik bevosita Vazirlar Mahkamasiga bo‘ysunadi va faoliyati yuzasidan hisobot beradi.
Agentlikning o‘z vakolatlari doirasida qabul qilgan qarorlari respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, boshqa tashkilotlar, mansabdor shaxslar va fuqarolar tomonidan ijro etilishi majburiy hisoblanadi.
Quyidagilar Agentlikning asosiy vazifalari hisoblanadi:
energiya samaradorligini oshirish sohasida yagona davlat siyosatini yuritish, sohada rag‘batlantiruvchi va ta’sir etuvchi choralar ishlab chiqish va tartibga solish;
energiya tejashdan daromad oluvchi energiya servis kompaniyalari (keyingi o‘rinlarda — ESKO) xizmatlari bozorini rivojlantirish;
energiya samaradorligi yuqori bo‘lgan loyihalar portfelini shakllantirish va ularni amalga oshirish uchun xususiy investitsiyalarni jalb qilish;
energiya samaradorligini oshirish sohasida professional kadrlar tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini baholab borishni tashkil qilish;
aholi va tadbirkorlar o‘rtasida energiya resurslaridan oqilona foydalanish va isrof qilmaslikka asoslangan turmush tarzi va fe’l-atvorni shakllantirishga qaratilgan energiya iste’moli madaniyatini oshirish axborot kampaniyalarini tashkil etish va moliyalashtirish.
