Ijtimoiy himoyaga muhtoj aholini qo‘llab-quvvatlash va energiya samaradorligini oshirish masalalari muhokama qilindi
2026-10-16 10:05:00 / Yangiliklar

Joriy yilning 15-oktabr kuni Toshkent shahrida “Ijtimoiy himoya va energiya samaradorligi: mavjud imkoniyatlar va qo‘llab-quvvatlash choralari” mavzusida seminar tashkil etildi.
Tadbir yoqilg‘i-energetika sohasida bozor mexanizmlarini joriy etish jarayonida ehtiyojmand aholi uchun tabiiy gaz va elektr energiyasi bo‘yicha nazarda tutilgan kompensatsiya mexanizmlari, shuningdek, energiya samaradorligini oshirish imkoniyatlari haqida manfaatdor tomonlarni xabardor qilish va ochiq muloqot tashkil etish maqsadida o‘tkazildi.
Seminar Energiya samaradorligi milliy agentligi, Ijtimoiy himoya milliy agentligi, “Yuksalish” harakati hamda “Yashil iqtisodiyot loyihalari markazi” loyiha ofisi hamkorligida tashkil etildi. Unda nodavlat notijorat tashkilotlari, tadbirkorlar va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Tadbir doirasida Energiya samaradorligi milliy agentligi mutaxassisi tomonidan “Aholi uchun subsidiyalar hamda biznes uchun qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalarini o‘rnatish va servis xizmatlari” mavzusida taqdimot o‘tkazildi.
Taqdimot davomida ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan subsidiya mexanizmlari, energiya samaradorligini oshirish imkoniyatlari, shuningdek, tadbirkorlik subyektlari uchun qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalarini o‘rnatish va ularga servis xizmatlarini ko‘rsatish masalalari yoritildi.
Shuningdek, aholini tadbirkorlik faoliyatiga keng jalb etish, bu boradagi davlat dasturlari, yoshlar tadbirkorligini rivojlantirishga doir tashabbuslar, kredit va subsidiya mexanizmlari hamda qonunchilikda nazarda tutilgan soliq va bojxona imtiyozlari toʻgʻrisida aniq va manzilli targʻibot ishlarini tashkil etish masalalariga ham eʼtibor qaratildi. Bu orqali aholi va tadbirkorlik subyektlarining mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanishi, tashabbuslarini roʻyobga chiqarishi hamda energiya samaradorligi yoʻnalishidagi loyihalarda ishtirokini kengaytirish muhimligi taʼkidlandi.
Seminar qizg‘in savol-javoblar va o‘zaro fikr almashish ruhida o‘tdi. Ishtirokchilar mavzular yuzasidan o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldilar, amaldagi qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari va energiya samaradorligini oshirish bo‘yicha mavjud imkoniyatlar yuzasidan fikr-mulohazalarini bildirdilar.
Mazkur seminar ijtimoiy himoya va energiya samaradorligi yo‘nalishlarida manfaatdor tomonlarning xabardorligini oshirish, aholi hamda tadbirkorlik subyektlari uchun mavjud imkoniyatlarni keng yoritish va o‘zaro hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qiladi.




