Davlat tiliga hurmat — milliy qadriyat va yuksak ma’naviyat ifodasi
2026-10-14 11:05:00 / Yangiliklar

Energiya samaradorligi milliy agentligida davlat tilining jamiyat hayotidagi o‘rni va nufuzini oshirish, o‘zbek tilining boy tarixi, madaniy-ma’naviy merosi hamda davlat boshqaruvidagi ahamiyatini keng targ‘ib qilishga bag‘ishlangan ma’naviy-ma’rifiy tadbir tashkil etildi.
Tadbirdan ko‘zlangan asosiy maqsad davlat tiliga bo‘lgan hurmat va e’tiborni kuchaytirish, o‘zbek tilining nufuzini yanada oshirish, shuningdek, davlat organlarida ish yuritishni davlat tilida tashkil etish madaniyatini yuksaltirishdan iborat bo‘ldi.
Tadbir davomida o‘zbek tilining davlat tili sifatidagi maqomini mustahkamlash, davlat organlarida ish yuritishni davlat tilida olib borish, rasmiy hujjatlarni tayyorlashda adabiy til me’yorlariga rioya etish masalalari yuzasidan tushuntirishlar berildi. Shuningdek, davlat tiliga oid qonunchilik hujjatlari talablariga amal qilish va xizmat faoliyatida o‘zbek tilidan to‘g‘ri hamda samarali foydalanishning ahamiyati ta’kidlandi.
Shu bilan birga, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 7-avgustdagi 437-son qarori mazmun-mohiyati, davlat tilida ish yuritish samaradorligini oshirishga qaratilgan vazifalar hamda ushbu yo‘nalishda amalga oshirilayotgan islohotlar haqida ma’lumotlar taqdim etildi.
Tadbir doirasida o‘zbek tili va adabiyotiga oid kitoblar ko‘rgazmasi ham tashkil etildi. Unda milliy adabiy merosni asrab-avaylash, kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish, xodimlarning ma’naviy dunyoqarashini boyitish va jamoada davlat tiliga nisbatan hurmatni yanada kuchaytirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Mazkur ma’naviy-ma’rifiy tadbir xodimlarning davlat tiliga oid qonunchilik hujjatlari bo‘yicha xabardorligini oshirish, rasmiy ish yuritishda adabiy til me’yorlariga amal qilish hamda xizmat faoliyatida o‘zbek tilidan samarali foydalanish ko‘nikmalarini mustahkamlashga xizmat qiladi.

