Slovakiyada energiya samaradorligi sohasidagi ilg‘or tajribalar o‘rganildi
2026-09-28 11:10:00 / Yangiliklar

Energiya samaradorligi milliy agentligi vakillari Jahon bankining “O‘zbekiston binolari uchun toza energiya” – CEBU loyihasi vakillari bilan birgalikda Slovakiya Respublikasiga uyushtirgan xizmat safari davomida energiya samaradorligini oshirish, zamonaviy texnologiyalarni joriy etish va sohani rivojlantirish bo‘yicha Yevropa tajribasini o‘rganib qaytdi.
Tashrif doirasida Bratislava, Nitra va Jiar-nad-Gron shaharlarida Slovakiya iqtisodiyot vazirligi, Slovakiya innovatsion va energetika agentligi (SIEA), ASTRAIA Certification, THERMO|SOLAR va CORWIN kompaniyalari vakillari bilan uchrashuvlar o‘tkazilib, energiya audit jarayonini raqamlashtirish, energiya menejmenti va sertifikatlash tizimlarini takomillashtirish, qayta tiklanuvchi energiya texnologiyalaridan foydalanish, shuningdek, energiya samarador binolarni loyihalash va modernizatsiya qilish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Muzokaralarda energiya auditini yagona raqamli tizim asosida tashkil etish, audit natijalarini ma’lumotlar bazasida jamlash, energiya samaradorligi ko‘rsatkichlarini monitoring qilish hamda malakali auditorlar faoliyatini tizimli yo‘lga qo‘yish bo‘yicha tajriba almashildi. Shuningdek, energiya menejmenti tizimlarini xalqaro standartlar asosida joriy etish va mutaxassislar malakasini oshirish masalalari muhokama qilindi.
Shu bilan birga, quyosh issiqlik texnologiyalari, binolarning issiqlik izolyatsiyasi, energiya samarador muhandislik tizimlari, issiqlikni qayta tiklash, aqlli boshqaruv va energiya sarfini optimallashtirishga qaratilgan zamonaviy yechimlar bilan tanishildi. Energiya samarador binolarni loyihalash va rekonstruksiya qilishda ekologik materiallar hamda yuqori samarali texnologiyalardan foydalanish tajribasi o‘rganildi.
Tashrif doirasida energiya samarador loyihalarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash, ularni tanlash va moliyalashtirish mezonlari, shuningdek, binolarni modernizatsiya qilishdan oldin ularning texnik holatini baholashning ahamiyati yuzasidan fikr almashildi.
Tashrif yakunida energiya audit jarayonini raqamlashtirish, xalqaro standartlarni joriy etish, mutaxassislar malakasini oshirish, energiya samarador loyihalarni moliyalashtirish hamda zamonaviy energiya samarador texnologiyalarni keng joriy etish yo‘nalishlarida tajriba almashishni davom ettirishga kelishildi.
Ta’kidlash kerakki, Slovakiya tajribasi O‘zbekistonda energiya samaradorligi siyosatini takomillashtirish, raqamli monitoring va audit tizimini rivojlantirish, shuningdek, binolar va infratuzilma obyektlarida zamonaviy energiya samarador yechimlarni keng joriy etish uchun muhim amaliy ahamiyatga ega.
Ma'lumot uchun, tashrif Slovakiya Respublikasining O‘zbekiston Respublikasidagi elchixonasi tomonidan, SlovakAid dasturining moliyaviy ko‘magida tashkil etildi.





