ESMA va GIZ hamkorligida energiya samaradorligi bo‘yicha seminar o‘tkazildi
2026-09-26 20:20:00 / Yangiliklar

2026-yil 24–25-sentabr kunlari Energiya samaradorligi milliy agentligi hamda Germaniya Xalqaro hamkorlik jamiyati (GIZ)ning O‘zbekistondagi vakolatxonasi hamkorligida “O‘zbekistonda binolar va sanoatda energiya samaradorligi” mavzusida ikki kunlik seminar o‘tkazildi. Seminarda Agentlik xodimlari, GIZ mutaxassislari va xalqaro ekspertlar ishtirok etdilar.
Tadbirning asosiy maqsadi energiya samaradorligi sohasida amaliy bilim va ko‘nikmalarni mustahkamlash, xalqaro tajriba almashish hamda binolar va sanoatda energiya resurslaridan samarali foydalanishni ta’minlash bo‘yicha zamonaviy yondashuvlarni muhokama qilishdan iborat bo‘ldi.
Seminar davomida binolarda energiya samaradorligini oshirish, energiya auditini tashkil etish, energiya xizmatlari modellarini rivojlantirish, “yashil” sanoatlashtirish, resurslardan samarali foydalanishga yo‘naltirilgan ishlab chiqarish hamda barqaror shaharsozlik masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Tadbir davomida amaliy misollar asosidagi texnik taqdimotlar o‘tkazilib, guruhlarda ishlash hamda ekspertlar ishtirokidagi muhokamalar tashkil etildi. Ishtirokchilar energiya samaradorligi bo‘yicha chora-tadbirlarni amaliyotga joriy etishda yuzaga kelayotgan muammolarni tahlil qilib, ularning yechimlari yuzasidan fikr almashdilar.
Shuningdek, Agentlik va GIZ o‘rtasida texnik ekspertiza almashinuvi, salohiyatni rivojlantirish, amaliy yechimlarni joriy etish hamda kelgusidagi hamkorlik yo‘nalishlarini kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
GIZning O‘zbekistondagi amaliy faoliyati doirasida amalga oshirilayotgan loyihalar seminar mavzularini yanada boyitdi. Jumladan, tashkilot tomonidan 60 dan ortiq davlat binolarida batafsil energiya auditlari o‘tkazilgani, shuningdek, 9 ta milliy qurilish me’yori va standartini qayta ko‘rib chiqish hamda korxonalarga toza va resurslardan samarali foydalanishga yo‘naltirilgan ishlab chiqarish amaliyotlarini joriy etishda ko‘maklashish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda.
Seminar Energiya samaradorligi milliy agentligi va GIZ o‘rtasidagi hamkorlikni yangi amaliy yo‘nalishlar bilan boyitishga xizmat qildi. Tadbir doirasida texnik bilim va ekspertizani birlashtirish, energiya samaradorligi loyihalarini rivojlantirish, mutaxassislar salohiyatini oshirish hamda ilg‘or xalqaro tajribani O‘zbekiston sharoitida qo‘llash imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.
Bunday hamkorlik O‘zbekistonda energiya samaradorligini oshirish, energiya resurslaridan oqilona foydalanish va iqtisodiyot tarmoqlarining yashil transformatsiyasini jadallashtirishga xizmat qiladi.





