Energiya samaradorligi sohasida Jahon banki bilan hamkorlikning yangi yo‘nalishlari muhokama qilindi
2026-09-22 10:50:00 / Yangiliklar

Joriy yil 21-sentabr kuni Energiya samaradorligi milliy agentligi va Jahon bankining Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqasida energetika yo‘nalishi rahbari Ani Balabanyan boshchiligidagi delegatsiya o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Muloqot davomida O‘zbekistonda energiya samaradorligini oshirish, “yashil” iqtisodiyotga o‘tish va uglerod bozorini rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar hamda istiqboldagi ustuvor yo‘nalishlar taqdim etildi.
Uchrashuvda aholi uy-joylari, ijtimoiy obyektlar va sanoat korxonalarida energiya samaradorligini oshirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Shuningdek, energiya samaradorligi sohasida ESCO mexanizmlarini rivojlantirish, energetik pasportlashtirish tizimini takomillashtirish va raqamlashtirish, energiya iste’moli hamda tejamkorlik ko‘rsatkichlarini monitoring qilish, shuningdek, xalqaro moliya institutlari mablag‘larini jalb qilish imkoniyatlari muhokama qilindi.
Uchrashuvda Olmaliq shahrini energiya samaradorligi bo‘yicha kompleks pilot hudud sifatida belgilash tashabbusi ham ilgari surildi. Mazkur yondashuv doirasida aholi uy-joylari, issiqlik ta’minoti va sanoat korxonalarida energiya samaradorligi choralarini o‘zaro uyg‘unlashtirgan holda amalga oshirish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.
Muloqot davomida uglerod bozorini rivojlantirish, O‘zbekistonning Milliy energiya samaradorligi strategiyasini ishlab chiqish hamda yangi “Energiya samaradorligi to‘g‘risida”gi qonun loyihasini tayyorlash masalalari ham muhokama qilindi. Jahon banki vakillari mazkur yo‘nalishlarda hamkorlikni davom ettirish va yangi tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlashga tayyor ekanini bildirdi.
Uchrashuv yakunida taklif etilgan dasturlar bo‘yicha hamkorlikning aniq yo‘nalishlarini belgilash va amalga oshirish mexanizmlarini nazarda tutuvchi konsepsiyalarni ishlab chiqish muhimligi qayd etildi. Tomonlar energiya samaradorligi sohasida institutsional salohiyatni oshirish, zamonaviy moliyaviy mexanizmlarni joriy etish va yuqori samarali loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha hamkorlikni izchil davom ettirishga kelishib oldilar.



