Endi servis xizmati ko‘rsatuvchilar — yagona platformada
2026-09-16 16:35:00 / Yangiliklar

Energiya samarador qurilmalarning samarali va uzoq muddat ishlashi uchun ularni muntazam ravishda texnik ko‘rikdan o‘tkazish, tozalash, sozlash va zarur hollarda ta’mirlash muhim.
Shu maqsadda Energiya samaradorligini oshirish raqamli platformasida energiya samarador qurilmalarga xizmat ko‘rsatish bo‘yicha maxsus bo‘lim ishga tushirildi.
Xonadoningizga, ish joyingizga, bog‘cha, maktab, shifoxona va boshqa istalgan bino inshootlarda o‘rnatilgan quyosh panellari, geliokollektorlar, issiqlik nasoslari va boshqa energiya samarador qurilmalarga texnik xizmat ko‘rsatuvchilarni esma.uzex.uz orqali oson izlab topish mumkin.
Platforma orqali nafaqat energiya samarador qurilmalarni xarid qilish va ular uchun subsidiya olish, shuningdek, qurilmalarga texnik xizmat ko‘rsatish bo‘yicha zarur mutaxassis va xizmat ko‘rsatuvchi korxonani ham topa olasiz.
Mazkur bo‘lim orqali foydalanuvchilar o‘zlariga kerakli xizmat turini aniqlab, tegishli hudud va xizmat ko‘rsatuvchi korxonalarni ko‘rib chiqish va o‘zlari uchun maqbul bo‘lgan xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotni tanlash imkoniyatiga ega.
Xizmatlar qatoridan energiya samarador qurilmalarni tozalash, texnik ko‘rikdan o‘tkazish, sozlash, diagnostika qilish, ta’mirlash, masofadan turib maslahatlar olish hamda boshqa ko‘plab texnik xizmat turlarini topishingiz mumkin.
Bundan tashqari, esma.uzex.uz platformasining Android va iOS operatsion tizimlari uchun ishlab chiqilgan mobil ilovalari orqali foydalanuvchilar istalgan joy va istalgan vaqtda energiya samarador qurilmalarga servis xizmatlari ko‘rsatuvchi korxonalarni topish hamda ular bilan bevosita bog‘lanish imkoniyatiga ega.
