Olmaliqda kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ishlari o‘rganildi
2026-08-14 20:25:00 / Yangiliklar

Olmaliq shahrida 2026–2027 yillar kuz-qish mavsumida aholini barqaror va sifatli issiqlik energiyasi bilan ta’minlash, isitish infratuzilmasini modernizatsiya qilish hamda energiya samaradorligini oshirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar o‘rganildi.
O‘rganishlarda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Energiya samaradorligi milliy agentligi rahbari Ziyoviddin Badriddinov, “Issiqlik ta’minoti” AJ boshqaruv raisi Ilhom Turayev va Olmaliq shahar hokimi Barhayot Meliyev ishtirok etdi.
Tashrif davomida shahardagi issiqlik ta’minoti infratuzilmasining holati, ko‘p qavatli uy-joylarning ichki isitish tizimlari hamda tashqi muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlarining mavsumga tayyorgarligi o‘rganildi. Mavjud tizimlarni ta’mirlash va rekonstruksiya qilish, issiqlik tarmoqlarining texnik holatini yaxshilash hamda aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Kuz-qish mavsumida issiqlik ta’minotining barqarorligini ta’minlashda energiya samaradorligi muhim omil bo‘lib, issiqlik yo‘qotishlarini kamaytirish, energiya resurslaridan oqilona foydalanish imkonini beradi. Shu bois, zamonaviy energiya samarador texnologiyalarni joriy etish va mavjud infratuzilmani modernizatsiya qilish ustuvor vazifalardan biri sifatida belgilandi.
O‘rganish yakunida mas’ullarga isitish tizimlarini mavsumga to‘liq tayyorlash, aniqlangan muammolarni o‘z vaqtida bartaraf etish hamda kuz-qish davrida issiqlik ta’minotining uzluksizligini ta’minlash bo‘yicha aniq vazifalar belgilab berildi.



