Energiya resurslaridan oqilona foydalanish va energiya auditini takomillashtirish masalalari muhokama qilindi
2026-07-31 13:45:00 / Yangiliklar

Toshkent shahrida energiya samaradorligini oshirish sohasida mavjud muammolar va ularning yechimlariga bag‘ishlangan idoralararo seminar bo‘lib o‘tdi. Tadbirda Energiya samaradorligi milliy agentligi, O‘zenergoinspeksiya, O‘zbekiston Energetiklar milliy assotsiatsiyasi, Bosh prokuratura, 25 ta vazirlik va idora, shuningdek, energiya auditi tashkilotlari vakillari ishtirok etdi.
Seminar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining PF–70-son Farmoni ijrosini ta’minlash, vazirlik va idoralarda energiya samaradorligini oshirish bo‘yicha aniq chora-tadbirlarni belgilash, shuningdek, sanoat korxonalarida energiya auditini tashkil etish holatini tahlil qilish maqsadida tashkil etildi.
Tadbir davomida Energiya samaradorligi milliy agentligi mutaxassislari tomonidan Prezidentimizning PF–70-son Farmoni ijrosini ta’minlash mexanizmlari, energiya samaradorligi sohasidagi raqamlashtirish ishlari hamda amaldagi standartlarni takomillashtirish masalalari yuzasidan taqdimotlar o‘tkazildi.
Shuningdek, seminar doirasida sanoatni dekarbonizatsiya qilish, energiya resurslaridan oqilona foydalanish, energiya auditini tashkil etish, quyosh fotoelektr stansiyalari (PV), energiya saqlash tizimlari (BESS), issiqlik nasoslari hamda energiya samaradorligi loyihalariga investitsiyalarni jalb etish masalalari bo‘yicha ochiq muloqot tashkil etildi.
Seminar yakunida energiya samaradorligini oshirish bo‘yicha davlat organlari, tarmoq tashkilotlari va mutaxassislar o‘rtasidagi hamkorlikni yanada kuchaytirish, Prezidentning PF–70-son Farmoni ijrosini samarali ta’minlash, energiya auditini takomillashtirish hamda zamonaviy energiya samarador texnologiyalarni keng joriy etish bo‘yicha amaliy ishlarni izchil davom ettirish zarurligi ta’kidlandi.





