Jahon banki bilan hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi
2026-07-23 13:55:00 / Yangiliklar

Energiya samaradorligi milliy agentligida Jahon banki ekspertlari bilan navbatdagi uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda mamlakatda energiya samaradorligini rivojlantirish, Agentlik faoliyatini institutsional jihatdan yanada takomillashtirish hamda ESCO bozorini rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan islohotlar muhokama qilindi.
Uchrashuv davomida O‘zbekiston Respublikasining energiya samaradorligini oshirish milliy strategiyasini amalga oshirish, sohada zamonaviy xalqaro tajribalarni joriy etish, energiya samaradorligi loyihalarini moliyalashtirish mexanizmlarini takomillashtirish, shuningdek, sanoat, ijtimoiy soha va uy-joy sektorida energiya samaradorligini oshirishga qaratilgan ustuvor yo‘nalishlar yuzasidan fikr almashildi.
Jahon banki ekspertlari O‘zbekistonda energiya samaradorligi sohasida qisqa muddatda amalga oshirilgan institutsional va normativ-huquqiy islohotlarni yuqori baholab, ushbu yo‘nalishda tizimli ishlar olib borilayotganini e’tirof etdilar. Shuningdek, energiya samaradorligini oshirish milliy strategiyasini ishlab chiqish va amalga oshirish, ESCO bozorini rivojlantirish, Agentlikning institutsional salohiyatini mustahkamlash hamda ilg‘or xalqaro tajribalarni joriy etish bo‘yicha hamkorlikni izchil davom ettirishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.
Uchrashuv yakunida tomonlar Jahon bankining texnik ko‘magi doirasidagi hamkorlikni yanada kengaytirish hamda energiya samaradorligi sohasidagi ustuvor loyihalarni birgalikda amalga oshirish bo‘yicha kelgusidagi amaliy hamkorlik yo‘nalishlarini belgilab oldilar.



