Qoraqalpog‘istonda sayyor qabul o‘tkazildi
2026-07-17 16:25:00 / Yangiliklar

Qoraqalpog‘iston Respublikasida Energiya samaradorligi milliy agentligi mutasaddilari ishtirokida fuqarolar va tadbirkorlik subyektlari uchun navbatdagi sayyor qabul tashkil etildi.
Sayyor qabul davomida energiya resurslaridan oqilona foydalanish, energiya samaradorligini oshirish, qayta tiklanuvchi energiya manbalarini joriy etish, energiya auditi hamda amaldagi qonunchilik yuzasidan murojaatlar ko‘rib chiqildi.
Xususan, ishtirokchilarni qiziqtirgan yoritish tizimlarida energiya tejash masalalari yuzasidan LED yoritish texnologiyalaridan foydalanish, avtomatik boshqaruv tizimlarini joriy etish, tabiiy yorug‘likdan samarali foydalanish hamda energiya samaradorligi yuqori bo‘lgan yoritish uskunalarini qo‘llashning afzalliklari haqida tushuntirishlar berildi.
Shuningdek, sanoat korxonalarida energiya auditining ahamiyati, ishlab chiqarishdagi energiya sarfini tahlil qilish, yo‘qotishlarni aniqlash, energiya samarador texnologiyalarni joriy etish hamda ishlab chiqarish xarajatlarini kamaytirishdagi o‘rni yuzasidan mutaxassislar tomonidan batafsil ma'lumot berildi.
Bundan tashqari, fuqarolar tomonidan qayta tiklanuvchi energiya manbalarini joriy etish, subsidiya va kompensatsiyalar olish tartibi, energiya samaradorligini oshirish bo‘yicha davlat tomonidan yaratilgan imkoniyatlar hamda sohaga oid boshqa masalalar yuzasidan berilgan savollarga mutaxassislar tomonidan atroflicha javoblar taqdim etildi.
Energiya samaradorligi milliy agentligi tomonidan hududlarda muntazam tashkil etilayotgan sayyor qabullar fuqarolar va tadbirkorlik subyektlari bilan ochiq muloqotni yo‘lga qo‘yish, ularni energiya samaradorligi sohasidagi islohotlar, amaldagi imtiyozlar hamda qonunchilikdagi yangiliklar bilan yaqindan tanishtirishga xizmat qilmoqda. Bu kabi uchrashuvlar orqali murojaatlar joyida ko‘rib chiqilib, sohaga oid dolzarb masalalar yuzasidan amaliy tavsiyalar va huquqiy tushuntirishlar berilmoqda.

