Energiya samaradorligi milliy agentligi mutaxassislari xalqaro amaliy seminarda ishtirok etmoqda
2026-07-16 09:45:00 / Yangiliklar

Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtirilayotgan hamda BMT Taraqqiyot Dasturi va O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan amalga oshirilayotgan “O‘zbekistonda davlat xizmatlari ko‘rsatishni yanada takomillashtirish” loyihasi doirasida Samarqand shahrida “Master rejalardan fazoviy-hududiy rejalashtirishga: raqamli boshqaruv va ilg‘or yondashuvlar” mavzusidagi amaliy seminarda Energiya samaradorligi milliy agentligi mutaxassislari faol ishtirok etmoqda.
Mazkur seminar hududlarni kompleks rivojlantirish, zamonaviy shaharsozlik yondashuvlarini joriy etish, raqamli boshqaruv tizimlarini keng qo‘llash hamda xalqaro tajribalarni o‘rganishga qaratilgan bo‘lib, unda vazirlik va idoralar, mahalliy hokimliklar, loyiha ofislari hamda xorijiy ekspertlar ishtirok etmoqda.
Tadbir O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 20-dekabrdagi PF–223-son Farmoni ijrosi doirasida tashkil etilgan bo‘lib, mazkur hujjatga muvofiq Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklarining Loyiha ofislari xodimlarining malakasini muntazam oshirish, hududlarni ilmiy asoslangan master-rejalar asosida rivojlantirish hamda zamonaviy rejalashtirish yondashuvlarini amaliyotga joriy etish belgilangan.
Seminar davomida Energiya samaradorligi milliy agentligi mutaxassislari tomonidan “Ijtimoiy soha obyektlarining energiya samaradorligini oshirish dasturi” yuzasidan taqdimot o‘tkazildi.
Taqdimotda mamlakatimizdagi maktabgacha ta’lim, maktab ta'limi, sog‘liqni saqlash va boshqa ijtimoiy soha obyektlarida amalga oshirilayotgan energiya samaradorligi loyihalari, binolarni kompleks modernizatsiya qilish, zamonaviy energiya samarador texnologiyalarni joriy etish, qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish hamda ushbu yo‘nalishda amalga oshirilayotgan davlat dasturlarining asosiy yo‘nalishlari haqida batafsil ma'lumot berildi. Shuningdek, mazkur loyihalarning energiya iste'molini kamaytirish, budjet mablag‘larini iqtisod qilish va ijtimoiy obyektlarda qulay shart-sharoitlarni yaratishdagi ahamiyati alohida ta'kidlandi.
Shuningdek, seminar doirasida energiya samarador qurilish standartlarini joriy etish, qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanishni kengaytirish, yashil infratuzilmani rivojlantirish hamda hududlarning energiya resurslariga bo‘lgan ehtiyojini kamaytirishga qaratilgan zamonaviy yondashuvlar muhokama qilinmoqda.

