Jahon banki missiyasi bilan texnik koʻmak dasturi doirasidagi hamkorlikning yangi bosqichi muhokama qilindi
2026-07-13 17:05:00 / Yangiliklar

Energiya samaradorligi milliy agentligida Jahon bankining energetika sohasi boʻyicha missiyasi vakillari bilan dastlabki uchrashuv boʻlib oʻtdi. Uchrashuv Agentlikni institutsional rivojlantirish hamda Oʻzbekiston Respublikasining energiya samaradorligini oshirish milliy strategiyasini amalga oshirishni qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan texnik koʻmak dasturi doirasida tashkil etildi.
Uchrashuv avvalida Agentlik tashkil etilganidan buyon amalga oshirilgan ishlar, qisqa vaqt ichida erishilgan natijalar hamda kelgusidagi ustuvor vazifalar haqida atroflicha maʼlumot berildi. Agentlik tomonidan energiya samaradorligi sohasida shakllantirilayotgan institutsional tizim, amalga oshirilayotgan davlat dasturlari, subsidiya va moliyaviy ragʻbatlantirish mexanizmlari, shuningdek, xalqaro moliya institutlari bilan hamkorlikda hayotga tatbiq etilayotgan investitsiya loyihalari haqida ham batafsil axborot taqdim etildi.
Muzokaralar davomida Oʻzbekiston Respublikasining energiya samaradorligini oshirish milliy strategiyasi va uni amalga oshirish boʻyicha chora-tadbirlar rejasining bugungi holati atroflicha muhokama qilindi. Strategiya doirasida belgilangan maqsad va vazifalar, ularni amalga oshirish mexanizmlari hamda natijadorlik koʻrsatkichlarini baholash masalalari yuzasidan fikr almashildi.
Shuningdek, sanoat korxonalari, ijtimoiy soha obyektlari, koʻp kvartirali hamda yakka tartibdagi uy-joylarda energiya samaradorligini oshirishga qaratilgan davlat dasturlari qamrovini kengaytirish, zamonaviy energiya samarador texnologiyalarni joriy etish va moliyalashtirish jarayonlariga alohida eʼtibor qaratildi.
Uchrashuv yakunida tomonlar Jahon banki texnik koʻmagi doirasidagi hamkorlikni yanada faollashtirish, Energiya samaradorligi milliy agentligining institutsional salohiyatini mustahkamlash, sohaviy dasturlarni amalga oshirish mexanizmlarini takomillashtirish, operatsion hujjatlarni ishlab chiqish, energiya samaradorligi sohasidagi normativ-huquqiy bazani yanada rivojlantirish hamda UzESCO faoliyatini takomillashtirish boʻyicha yaqin hamkorlikni izchil davom ettirishga kelishib oldilar.
