“Sumitomo Corporation” kompaniyasi vakillari bilan hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi
2026-07-11 19:25:00 / Yangiliklar

Energiya samaradorligi milliy agentligi direktori Z. Badriddinov boshchiligida Yaponiyaning “Sumitomo Corporation” kompaniyasi vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuv davomida mamlakatimizda energiya samaradorligini oshirish, energiya tejamkor texnologiyalarni keng joriy etish hamda qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan samarali foydalanish yo‘nalishida amalga oshirilayotgan islohotlar va istiqbolli hamkorlik masalalari muhokama qilindi.
Xususan, Agentlik tomonidan jamoat binolarini energiya samaradorligi talablari asosida modernizatsiya qilish, ko‘cha yoritish tizimlarini zamonaviy energiya tejamkor texnologiyalar bilan yangilash, qayta tiklanuvchi energiya manbalarini joriy etish hamda issiqxona xo‘jaliklarida energiya samarador yechimlarni tatbiq etish borasida olib borilayotgan ishlar haqida batafsil ma’lumot berildi.
Muzokaralar davomida Yaponiyaning ilg‘or tajribasi va texnologiyalaridan foydalangan holda issiqlik nasoslari, quyosh fotoelektr stansiyalari, termomodernizatsiya hamda zamonaviy issiqlik izolyatsiyasi texnologiyalarini qo‘llash orqali issiqxonalarni modernizatsiya qilishga qaratilgan qo‘shma pilot loyihani amalga oshirish taklifi ilgari surildi.
O‘z navbatida, “Sumitomo Corporation” vakillari mazkur tashabbusga qiziqish bildirib, pilot loyihalarni shakllantirish maqsadida issiqxona xo‘jaliklarining texnik parametrlari hamda modernizatsiya qilinishi rejalashtirilgan jamoat binolariga oid texnik ma’lumotlar bilan o‘rtoqlashish zarurligini ta’kidladilar.
Uchrashuv yakunida tomonlar axborot almashinuvini davom ettirish, texnik hamkorlikni yo‘lga qo‘yish hamda energiya samaradorligi sohasida qo‘shma pilot loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlarini birgalikda ko‘rib chiqishga kelishib oldilar.
