Namangan shahrida sayyor qabul: fuqarolar va tadbirkorlar murojaatlari o‘rganildi
2026-06-29 13:50:00 / Yangiliklar

Energiya samaradorligi milliy agentligi tomonidan aholi va tadbirkorlik subyektlari bilan ochiq muloqotni yo‘lga qo‘yish, energiya samaradorligini oshirishga oid islohotlarning mazmun-mohiyatini keng targ‘ib etish hamda fuqarolar murojaatlarini joyida o‘rganish maqsadida hududlarda sayyor qabullar izchil tashkil etilmoqda.
Navbatdagi sayyor qabul Namangan shahrining “Obod” mahallasida o‘tkazildi. Unda fuqarolar hamda tadbirkorlik subyektlari tomonidan energiya samarador uskunalarni o‘rnatish, davlat tomonidan ajratilayotgan subsidiya va kompensatsiyalardan foydalanish, elektron platforma orqali ro‘yxatdan o‘tish hamda boshqa masalalar yuzasidan murojaatlar bildirildi.
Sayyor qabul davomida Agentlik mas’ullari tomonidan har bir murojaat individual tartibda ko‘rib chiqilib, amaldagi qonunchilik va hukumat qarorlarida belgilangan tartiblar asosida huquqiy hamda amaliy tushuntirishlar berildi. Joyida hal etilishi mumkin bo‘lgan masalalar yuzasidan tegishli tushuntirish va tavsiyalar berildi, qo‘shimcha o‘rganishni talab etadigan murojaatlar esa belgilangan tartibda ko‘rib chiqish uchun nazoratga olindi.
Shuningdek, energiya samarador uskunalarni xarid qilish va o‘rnatish uchun ajratilayotgan subsidiya va kompensatsiyalarni olish tartibi, maxsus elektron platforma orqali murojaatlarni rasmiylashtirish hamda davlat xizmatlaridan foydalanish imkoniyatlari haqida ma’lumot taqdim etildi. Uchrashuv yakunida ishtirokchilarni qiziqtirgan masalalar yuzasidan batafsil tushuntirishlar berilib, murojaatlar bo‘yicha tegishli tavsiyalar bildirildi.



