Chinozdagi energiya samaradorligi bo‘yicha loyihalar o‘rganildi
2026-06-22 16:45:00 / Yangiliklar

Energiya samaradorligi milliy agentligi tashabbuslari doirasida hududlarda energiya resurslaridan oqilona foydalanish, bino va inshootlarda energiya tejamkor texnologiyalarni keng joriy etish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar izchil davom ettirilmoqda.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimlarining birinchi o‘rinbosarlari Toshkent viloyati Chinoz tumanida amalga oshirilayotgan energiya samaradorligi yo‘nalishidagi loyihalar bilan tanishdilar.
Tadbir davomida dunyoning yetakchi muhandislik kompaniyalaridan biri — Avstriyaning “ILF Consulting Engineers” kompaniyasi ishtirokida ko‘p qavatli turar joylarda olib borilayotgan modernizatsiya ishlari taqdim etildi.
Mazkur loyihalar doirasida turar joylarning energiya samaradorligini oshirish, issiqlik yo‘qotishlarini kamaytirish, zamonaviy muhandislik-kommunikatsiya tizimlarini joriy etish hamda aholiga qulay va tejamkor yashash sharoitlarini yaratishga e’tibor qaratilmoqda.
Shuningdek, Chinoz tumanidagi umumta’lim maktablarida olib borilayotgan modernizatsiya ishlari ham ko‘zdan kechirildi. Ta’lim muassasalarida energiya tejamkor va energiya samarador texnologiyalarni joriy etish, bino infratuzilmasini yaxshilash va o‘quvchilar uchun zamonaviy sharoitlar yaratish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar namoyish etildi.
Tashrif davomida energiya samaradorligi sohasidagi ilg‘or tajribalarni hududlarda keng qo‘llash, xalqaro tajriba asosida ishlab chiqilayotgan yechimlarni amaliyotga tatbiq etish va energiya resurslaridan samarali foydalanish masalalari muhokama qilindi.
Energiya samaradorligi milliy agentligi tomonidan amalga oshirilayotgan bunday loyihalar nafaqat energiya sarfini kamaytirish, balki bino va inshootlarning xizmat muddatini oshirish, iqtisodiy tejamkorlikni ta’minlash hamda aholining yashash sifatini yaxshilashga xizmat qiladi.




