JICA va Energiya samaradorligi milliy agentligi o‘rtasida energiya samaradorligini oshirish loyihalari bo‘yicha bitimlar imzolandi
2026-06-19 09:25:00 / Yangiliklar

Joriy yilning 18-iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari — Iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov hamda Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JICA) katta vitse-prezidenti Yoshifumi Yoshikava boshchiligidagi delegatsiya o‘rtasidagi uchrashuv doirasida Energiya samaradorligi milliy agentligi va JICA o‘rtasida energiya samaradorligini oshirishga qaratilgan loyihalarni moliyalashtirish bo‘yicha bitimlar imzolandi.
Mazkur bitimlar JICA ishtirokida amalga oshiriladigan “Ijtimoiy binolarda energiya samaradorligini oshirish” hamda “Sanoat korxonalarida energiya samaradorligini oshirish” loyihalarini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan.
Kelishuvlarga muvofiq, ta’lim va sog‘liqni saqlash sohasidagi ijtimoiy obyektlarda zamonaviy energiya samarador texnologiyalarni joriy etish, bino va inshootlarda energiya resurslaridan oqilona foydalanish bo‘yicha amaliy chora-tadbirlarni amalga oshirish ko‘zda tutilgan.
Shuningdek, sanoat korxonalarida energiya samaradorligini oshirish, ishlab chiqarish jarayonlarida energiya sarfini maqbullashtirish hamda korxonalarning energiya tejamkor texnologiyalarga o‘tishini rag‘batlantirish maqsadida imtiyozli moliyalashtirish mexanizmlarini joriy etish rejalashtirilmoqda.
Uchrashuv davomida tomonlar O‘zbekiston va JICA o‘rtasidagi uzoq yillik hamkorlik aloqalarining bugungi holati hamda istiqboldagi ustuvor yo‘nalishlarini muhokama qildi. Xususan, energiya samaradorligi sohasida xalqaro tajribani joriy etish, texnik ko‘mak dasturlarini kengaytirish va qo‘shma loyihalarni amalga oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Mazkur hamkorlik O‘zbekistonda energiya resurslaridan samarali foydalanish, iqtisodiyot tarmoqlarida energiya tejamkorlik tamoyillarini keng joriy etish hamda yashil rivojlanish yo‘nalishidagi islohotlarni jadallashtirishga xizmat qiladi.
