Energiya samaradorligi va toza energiya yo‘nalishlarida xalqaro hamkorlikning yangi bosqichi boshlandi
2026-06-18 12:05:00 / Yangiliklar

Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida Energiya samaradorligi milliy agentligi va Global Green Growth Institute (GGGI) o‘rtasida O‘zaro anglashuv memorandumi imzolandi.
Mazkur hujjat O‘zbekiston Respublikasida energiya samaradorligini oshirish, toza energiya texnologiyalarini rivojlantirish hamda yashil iqtisodiyot tamoyillarini keng joriy etish yo‘nalishlarida xalqaro hamkorlikni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
Memorandum doirasida tomonlar energiya samaradorligi va toza energiya sohalarida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish, ilg‘or xalqaro tajribalarni tatbiq etish, investitsiyalarni jalb qilish hamda soha mutaxassislarining salohiyatini oshirish bo‘yicha hamkorlik qiladi.
Hamkorlikning asosiy yo‘nalishlari qatoridan ESCO xizmatlari bozorini rivojlantirish, bino va inshootlarda energiya samaradorligini oshirish, sanoat tarmoqlarida energiya resurslaridan oqilona foydalanishni ta’minlash, shuningdek, kam va nol chiqindili binolarni rivojlantirish masalalari o‘rin olgan.
Shuningdek, memorandum energiya samaradorligi sohasidagi qonunchilik va institutsional mexanizmlarni takomillashtirish, energiya auditi va energetik sertifikatlash tizimini rivojlantirish, raqamli yechimlarni joriy etish hamda xalqaro moliyalashtirish manbalaridan samarali foydalanish imkoniyatlarini kengaytirishni nazarda tutadi.
Global Green Growth Institute (GGGI) — Koreya Respublikasining Seul shahrida joylashgan xalqaro hukumatlararo tashkilot bo‘lib, rivojlanayotgan davlatlarda barqaror va “yashil” iqtisodiy oʻsishni qoʻllab-quvvatlash maqsadida tashkil etilgan. Tashkilot mamlakatlarga past uglerodli, energiya samarador va iqlim o‘zgarishiga bardoshli rivojlanish modellariga o‘tishda ko‘maklashadi.
GGGI O‘zbekistonda energiya samaradorligini oshirish, ESCO bozorini shakllantirish, iqlim moliyalashtirish mablag‘larini jalb qilish, toza energiya texnologiyalarini joriy etish hamda “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi doirasidagi ustuvor vazifalarni qo‘llab-quvvatlash yo‘nalishlarida hamkorlik qilib kelmoqda.
Energiya samaradorligi milliy agentligi va GGGI o‘rtasida imzolangan mazkur Memorandum mamlakatimizda energiya tejamkor texnologiyalarni rivojlantirish, “yashil” investitsiyalar oqimini kengaytirish va energiya samarador iqtisodiyotni shakllantirish yo‘lida muhim amaliy qadam hisoblanadi.

