Xatirchi tumanida energiya samaradorligi va subsidiya mexanizmlari bo‘yicha videokonferensiya o‘tkazildi
2026-06-17 10:50:00 / Yangiliklar

Navoiy viloyati Xatirchi tumanida aholi xonadonlarida energiya samaradorligini oshirish, energiya resurslaridan oqilona foydalanish hamda ajratilayotgan subsidiya va kompensatsiyalardan samarali foydalanish masalalariga bag‘ishlangan videokonferensiya tashkil etildi. Tadbirda tuman hokimining birinchi o‘rinbosari, hokim yordamchilari, tadbirkorlik subyektlari hamda mutaxassislar ishtirok etdi.
Seminar davomida aholi xonadonlarida energiya tejamkor texnologiyalarni joriy etish, zamonaviy qurilmalardan foydalanish orqali energiya sarfini kamaytirish bo‘yicha tushuntirishlar berildi. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 673-sonli “Energiya servis xizmatlari bozorini shakllantirish hamda aholi uy-joylarining energiya samaradorligi oshirilishini rag‘batlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori asosida aholi uy-joylarini energiya auditidan o‘tkazish xarajatlarini qoplash, quyosh panellari, geliokollektorlar, issiqlik nasoslari, zamonaviy isitish qozonlari va boshqa energiya samarador uskunalarni xarid qilish hamda o‘rnatish xarajatlarining bir qismini qoplash uchun subsidiya ajratish tartiblari haqida ma’lumot berildi.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 242-sonli “2026 yilda iqtisodiyot tarmoqlarida energiya samaradorligini oshirish hamda tarmoq korxonalarida energiyadan oqilona foydalanishni tashkil qilish orqali elektr energiyasi va tabiiy gazni tejashni taʼminlash toʻgʻrisida”gi qarori doirasida yuridik shaxslar uchun energiya samarador loyihalarni amalga oshirish, energiya resurslarini tejash hamda belgilangan subsidiya va kompensatsiyalardan foydalanish imkoniyatlari tushuntirildi.
Tadbirda tadbirkorlar uchun energiya samarador texnologiyalarni joriy etish, aholiga zamonaviy energiya yechimlarini taklif qilish va ushbu yo‘nalishda xizmatlar bozorini rivojlantirish masalalari ham muhokama qilindi. Subsidiya va kompensatsiyalarni ajratish mexanizmi bo‘lgan energiya samaradorligini oshirish raqamli platformasi – esma.uzex.uz orqali shaffoflikni ta’minlash, korrupsiyaviy xavflarning oldini olish ustuvor vazifa ekanligi tushuntirildi.
Videokonferensiya yakunida ishtirokchilarning savollariga javob berilib, aholi va tadbirkorlarni energiya samarador loyihalarga keng jalb etish bo‘yicha fikr almashildi.


