Ijtimoiy soha obyektlarida energiya samaradorligini oshirish bo‘yicha yangi chora-tadbirlar belgilandi
2026-06-05 12:45:00 / Yangiliklar

“2026–2027-yillarda hududlardagi ijtimoiy soha muassasalarida energiya samaradorligi loyihalari ko‘lamini kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Vazirlar Mahkamasi qarori qabul qilindi.
Mazkur qaror “Yangi O‘zbekiston qiyofasidagi tuman (shahar)” maqomi berilgan hududlarni energiya samarador hududlarga aylantirish, aholi xonadonlari, ko‘p kvartirali uylar, ijtimoiy soha obyektlari, davlat tashkilotlari hamda tadbirkorlik subyektlarida energiya resurslaridan samarali foydalanish bo‘yicha amalga oshirilayotgan islohotlarni davom ettirishga qaratilgan.
Qarorga muvofiq, hududlarda energiya samaradorligi loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha qator manzilli dasturlar tasdiqlandi. Jumladan, Jizzax viloyatidagi ijtimoiy soha muassasalarida energiya samaradorligi loyihalarini amalga oshirish, Denov va G‘allaorol tumanlaridagi ko‘p kvartirali uylarni modernizatsiya qilish, ijtimoiy soha obyektlarini geliokollektorlar bilan jihozlash hamda binolarni “Nol energiya sarfli bino” tamoyillari asosida modernizatsiya qilish choralari belgilandi.
Shuningdek, davlat tashkilotlari, shu jumladan ijtimoiy soha muassasalari binolarini qurish, rekonstruksiya qilish va mukammal ta’mirlashda energiya samaradorligi bo‘yicha minimal talablarni qo‘llash tartibi joriy etiladi.
2026-yil 1-iyuldan boshlab davlat tashkilotlari, shu jumladan ijtimoiy soha muassasalari obyektlarini rekonstruksiya (modernizatsiya) qilish va mukammal taʼmirlash jarayonlarida energiya samaradorligini oshirishga qaratilgan talablar joriy etiladi. Unga koʻra, obyektlarni loyihalash, shaharsozlik ekspertizasidan oʻtkazish, qurish, rekonstruksiya qilish hamda taʼmirlash ishlarida energiya samaradorligini taʼminlash boʻyicha chora-tadbirlar va ish hajmlarini qisqartirishga yoʻl qoʻyilmaydi. Shuningdek, mavjud obyektlar boʻyicha loyiha hujjatlari energiya auditi natijalari asosida ishlab chiqiladi hamda energiya auditi hisobotlarini buyurtmachilarga Energiya samaradorligini oshirish raqamli platformasi orqali taqdim etish imkoniyati yaratiladi.
Bundan tashqari, davlat obyektlarini ijaraga berishda ularda o‘rnatilgan qayta tiklanuvchi energiya manbalari ulushi va amalga oshirilgan energiya samaradorligi tadbirlariga qarab ijara to‘lovlariga imtiyozlar qo‘llash mexanizmi ishlab chiqiladi.
Mazkur qaror doirasida mehmonxonalar va ixtisoslashtirilgan joylashtirish vositalarini balli asosda tasniflash jarayonida energiya samaradorligi talablarini joriy etish bo‘yicha ham takliflar ishlab chiqiladi.
Ushbu chora-tadbirlar energiya resurslaridan oqilona foydalanishni kengaytirish, davlat obyektlarining energiya sarfini kamaytirish va hududlarda barqaror energiya samarador muhitni shakllantirishga xizmat qiladi.

