Sirdaryoda tadbirkorlar bilan ochiq muloqot oʻtkazildi
2026-05-25 16:25:00 / Yangiliklar

Sirdaryo viloyati Boyovut tumanida aholini tadbirkorlik faoliyatiga keng jalb etish, yoshlar tadbirkorligini qoʻllab-quvvatlash, davlat dasturlari doirasida yaratilayotgan imkoniyatlar, kredit va subsidiya mexanizmlari hamda soliq imtiyozlari boʻyicha keng targʻibot ishlarini tashkil etish maqsadida tadbirkorlar va hokim yordamchilari bilan ochiq muloqot oʻtkazildi.
Tadbirda davlat tashkilotlari masʼullari, tadbirkorlar, yoshlar va faol fuqarolar ishtirok etdi. Uchrashuv davomida tadbirkorlik subyektlarini qoʻllab-quvvatlash, energiya samaradorligini oshirish, “yashil iqtisodiyot” tamoyillarini keng joriy etish hamda qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan samarali foydalanish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan batafsil maʼlumotlar berildi.
Jumladan, Energiya samaradorligi milliy agentligi masʼullari tomonidan agentlikning asosiy vazifalari, energiya tejovchi texnologiyalarni joriy etishning ahamiyati, aholi va tadbirkorlik subyektlariga taqdim etilayotgan subsidiya hamda kompensatsiya mexanizmlari haqida tushuntirishlar berildi.
Tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 673-son qarori — “Energiya servis xizmatlari bozorini shakllantirish hamda aholi uy-joylarining energiya samaradorligi oshirilishini ragʻbatlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaror mazmun-mohiyati yuzasidan atroflicha maʼlumot taqdim etildi.
Qayd etilganidek, mazkur qarorga muvofiq energiya samarador qurilma va uskunalar — geliokollektorlar, quyosh panellari, issiqlik nasoslari, qurilish izolyatsiya materiallari, energiya samarador gaz yondirgichli qozonlar va boshqa texnologiyalarni xarid qilish hamda oʻrnatish uchun kompensatsiyalar berish, aholi uy-joylarini energiya auditidan oʻtkazish xarajatlarini qoplash uchun subsidiyalar ajratish faqat Agentlik tomonidan amalga oshirilishi taʼkidlandi.
Mutasaddilarning maʼlum qilishicha, “yashil taʼmir” va “yashil” isteʼmol kreditlari boʻyicha foiz stavkasining 19 foizdan oshgan qismi, biroq 4 foizlik banddan oshmagan miqdori Agentlikning yagona reestriga kiritilgan energiya auditorlarining xulosalari asosida maxsus platforma orqali Energiya samaradorligini ragʻbatlantirish va qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan qoplab beriladi.
Bundan tashqari, qaror asosida aholi uy-joylarini energiya auditidan oʻtkazish xarajatlarining 100 foizi qoplab berilishi, quyosh panellari, geliokollektorlar va boshqa maishiy isitish qurilmalarini xarid qilish hamda oʻrnatish xarajatlarining 20 foizi, issiqlik nasoslarini xarid qilish va oʻrnatish xarajatlarining esa 40 foizi miqdorida subsidiya ajratilishi belgilangani taʼkidlandi. Bunda issiqlik nasoslari uchun ajratiladigan subsidiya miqdori bazaviy hisoblash miqdorining 50 baravaridan oshmasligi qayd etildi.
Uchrashuv davomida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “2026-yilda energiya samaradorligini yanada oshirish, energiya resurslarini tejash va ulardan oqilona foydalanishning qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF–70-sonli Farmoni mazmun-mohiyati ham keng tushuntirildi.
Mazkur Farmon bilan iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy soha obyektlarining energiya samaradorligini oshirish, energiya tejamkor texnologiyalar hamda qayta tiklanuvchi energiya manbalarini keng joriy etish orqali 2026-yilda 4,3 milliard kVt/soat elektr energiyasi va 2,8 milliard kub metr tabiiy gazni tejash vazifasi belgilangani taʼkidlandi.
Shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “2026-yilda iqtisodiyot tarmoqlarida energiya samaradorligini oshirish hamda tarmoq korxonalarida energiyadan oqilona foydalanishni tashkil qilish orqali elektr energiyasi va tabiiy gazni tejashni taʼminlash toʻgʻrisida”gi 242-sonli qarori yuzasidan ham batafsil maʼlumot berildi.
Xususan, 2026-yildan boshlab xalqaro, davlat va mahalliy ahamiyatdagi avtomobil yoʻllarida amalga oshiriladigan qurilish, taʼmirlash va modernizatsiya qilish loyihalarida yoritish tizimlari faqat qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalaridan foydalangan holda tashkil qilinishi hamda ularning elektr tarmoqlariga ulanishi taqiqlangani ishtirokchilar eʼtiboriga yetkazildi.
Tadbir interaktiv muloqot shaklida oʻtdi. Unda tadbirkorlar tomonidan kredit ajratish tartiblari, subsidiya olish shartlari, energiya tejovchi qurilmalardan foydalanish samaradorligi, soliq imtiyozlari va amaliy mexanizmlar boʻyicha koʻtarilgan savollarga mutaxassislar tomonidan atroflicha javoblar berildi.



