Yoqilg‘i-energetika sohasida malakali kadrlar tayyorlashda dual ta’limni joriy etish bo‘yicha yangi bosqich boshlanmoqda
2026-05-02 17:05:00 / Yangiliklar

O‘zbekistonda yoqilg‘i-energetika sohasini rivojlantirish hamda energiya samaradorligini oshirish maqsadida ilm-fan, ta’lim va ishlab chiqarish integratsiyasiga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlarni amalga oshirishda zamonaviy yondashuv sifatida dual ta’lim tizimini joriy etish ustuvor ahamiyat kasb etmoqda.
Dual ta’lim – bu ta’lim jarayonini ikki asosiy muhitda, ya’ni ta’lim muassasasi va ishlab chiqarish korxonasida parallel ravishda tashkil etishga asoslangan tizimdir. Ushbu yondashuv talabalarga nazariy bilimlarni ta’lim muassasasida, amaliy ko‘nikmalarni esa bevosita ish joyida egallash imkonini beradi. Ayniqsa, yoqilg‘i-energetikasi va energiya samaradorligini oshirish kabi yuqori texnologiyali sohada nazariya va amaliyot uyg‘unligi alohida ahamiyatga ega.
Dual ta’lim jarayonida talabalar ishlab chiqarish muhitiga erta bosqichdan jalb etiladi. Ular elektr uskunalari bilan ishlash va avtomatika tizimlarini sozlash, montaj ishlarida ishtirok etish orqali real tajribaga ega bo‘ladi. Bu esa nazariy bilimlarni mustahkamlash va kasbiy kompetensiyalarni shakllantirishga xizmat qiladi. Shu maqsadda joriy yil 15-aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzurida o‘tkazilgan yig‘ilishda berilgan topshiriq asosida Prezident Administratsiyasi, Bosh prokuratura, Energiya samaradorligi milliy agentligi, Energetika vazirligi, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, tarmoq korxonalari hamda boshqa idoralar ishtirokida ilm-fan, ta’lim va ishlab chiqarish integratsiyasi orqali yoqilg‘i-energetika sohasini rivojlantirish hamda energiya samaradorligini yanada oshirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qaror loyihasi ishlab chiqilmoqda.
Qaror loyihasida, avvalo, yoqilg‘i-energetika yo‘nalishida kadrlar tayyorlash tizimini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqish ko‘zda tutilmoqda. Jumladan, 2030 yilga qadar kamida 10 ta sohaviy oliy ta’lim muassasalarini xalqaro reytinglarda yuqori o‘rinlarga olib chiqish, bakalavriat va magistratura yo‘nalishlarini xalqaro akkreditatsiyadan o‘tkazish, xorijiy universitetlar bilan qo‘shma ta’lim dasturlarini kengaytirish rejalashtirilgan.
Shuningdek, texnikum va oliy ta’lim muassasalarida zamonaviy energiya samarador texnologiyalar va muqobil energiya manbalari qurilmalari bo‘yicha mutaxassislar tayyorlash, qayta tayyorlash va malaka oshirish tizimi yo‘lga qo‘yiladi. Bunda sun’iy intellekt va raqamli texnologiyalar asosida 3D modellashtirish, energiya menejmenti va komplayens-nazorat yo‘nalishlarida kadrlar tayyorlashga alohida e’tibor qaratiladi.
Loyihada ta’lim va ishlab chiqarish integratsiyasini kuchaytirish maqsadida 2026/2027 o‘quv yilidan boshlab dual ta’lim tizimini joriy etish nazarda tutilgan. Unga ko‘ra, talabalar o‘qish jarayonida uzoq muddatli ishlab chiqarish amaliyotiga jalb qilinib, nazariy bilimlarini amaliyot bilan uyg‘unlashtirgan holda egallaydi. Amaliyotlar dastlab o‘quv poligonlarida, keyinchalik esa bevosita ishlab chiqarish obyektlarida “ustoz-shogird” tamoyili asosida tashkil etiladi.
Dual ta’lim jarayonida talabalar uchun zarur sharoitlar yaratish ham ko‘zda tutilgan bo‘lib, ular transport, ovqatlanish va vaqtinchalik turar-joy bilan ta’minlanadi. Amaliyot davomida yuqori natijalarga erishgan talabalarga tarmoq korxonalarida ishga joylashishda ustuvorlik beriladi.
Sohada zamonaviy bilim va ko‘nikmalarni shakllantirish uchun real ish sharoitlariga yaqinlashtirilgan o‘quv markazlari va poligonlar tashkil etish rejalashtirilgan. Ushbu markazlar interaktiv trenajyorlar, laboratoriyalar va raqamli texnologiyalar bilan jihozlanadi hamda amaliy ta’lim sifatini yangi bosqichga olib chiqadi.
Xulosa qilib aytganda, dual ta’lim tizimini joriy etish “ta’lim — ilm-fan — ishlab chiqarish” integratsiyasini mustahkamlaydi. Bu esa energetika sohasida malakali kadrlar tayyorlash, energiya resurslaridan oqilona foydalanish va mamlakat iqtisodiyotining barqaror rivojlanishini ta’minlashda muhim omil hisoblanadi.
