O‘zbekistonda yer va o‘rmonlarni barqaror boshqarish loyihasi amalga oshirilmoqda
2025-02-20 17:00:00 / Yangiliklar

Tadbirda Ekologiya vaziri Aziz Abduhakimov, BMTning doimiy koordinatori Sabina Mahl, Qishloq xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Qahramon Yo‘ldoshev, loyiha texnik mutaxassisi Feras Ziadat va boshqalar ishtirok etdi.
Global ekologik fond tomonidan moliyalashtiriladigan 5 yilga mo‘ljallangan 3,8 million dollarlik loyiha O‘zbekistonning yer degradatsiyasiga betaraflik (LDN) bo‘yicha majburiyatlariga erishish uchun barqaror yer va o‘rmon boshqaruvi hamda landshaftni tiklash bo‘yicha milliy sa’y-harakatlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan.
"Bugungi kunda tuproq eroziyasi, cho‘llanish, qum-chang bo‘ronlari, boshqa tabiiy va antropogen ta’sirlar natijasida yerlarning degradatsiyasi atrof-muhitga jiddiy zarar yetkazmoqda. Deyarli 2 million gektar (45 foiz) sug‘oriladigan yerlar ikkilamchi sho‘rlanishga duchor bo‘lib, 800 ming gektar yerimiz suv eroziyasi bilan bog‘liq muammolarga duch kelmoqda. Ana shu vazifalarga javoban davlatimiz rahbari ko‘magida mamlakatimizda “Yashil makon” umummilliy loyihasi, Orolbo‘yida 2 million gektardan ortiq maydonda yashil hududlar barpo etish va boshqa shu kabi keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda", – dedi A.Abduhakimov.
Shuningdek, vazir xalqaro va donor tashkilotlar bilan hamkorlikda yerlarning degradatsiyasiga qarshi kurashish, cho‘llanishning oldini olish, bioxilma-xillikni saqlash va iqlim o‘zgarishiga moslashish bo‘yicha qator loyihalar amalga oshirilayotganini ta’kidladi.
Sabina Mahl esa 2025-yil O‘zbekistonda Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan "Atrof-muhitni asrash va "yashil iqtisodiyot" yili" deb e'lon qilinishini alohida e'tirof etdi.
"Yerlarning degradatsiyaga uchrashi iqlim o'zgarishi bilan bog'liq global muammo bo'lib, O'zbekistonda ham bu borada bir qancha ishlar amalga oshirilmoqda. Mazkur seminar esa kelajakda bu borada qilinadigan ishlarni belgilab olish, o‘zaro hamkorlikni yanada mustahkamlashga imkon yaratadi", — dedi Sabina Mahl.
Loyihaning asosiy tarkibiy qismlari institutsional asoslarni mustahkamlash, tuproq holatini yaxshilash uchun barqaror yer boshqaruvini rag‘batlantirish, mahalliy aholining imkoniyatlarini kengaytirish va iqlim o‘zgarishiga chidamliligini oshirishdan iborat.
Seminarda, shuningdek, “O‘zbekistonda qum va chang bo‘ronlari: ta’sirlarni tushunish va bartaraf etish uchun atmosferani modellashtirish” ma’ruzasi taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Ma'ruza quruq hududlarda qishloq xo'jaligi tadqiqotlari xalqaro markazi (ICARDA) tomonidan tayyorlangan va RAMS/ICLAMS tizimi ma'lumotlariga asoslangan. U chang bo'ronlari sabablarini tahlil qiladi va ularni kamaytirish uchun yechimlar taklif etadi.
Loyihadan kutilayotgan natijalar
Loyiha yakuniga ko'ra quyidagi ko'rsatkichlarga erishish rejalashtirilgan:
— 13 ming gektar degradatsiyaga uchragan yerlarni tiklash;
— 225 ming gektar yer resurslarini barqaror boshqarish;
— yaylovlar va o‘rmon yerlari holatini yaxshilash, bioxilma-xillikni ko‘paytirish;
— sut mahsulotlari, asalarichilik va dorivor o‘simliklarni rivojlantirish hisobiga fermerlar daromadini oshirish;
— 6,1 million tonna CO₂ chiqindilarini kamaytirish;
— yerdan barqaror foydalanishni boshqarish mexanizmlarini kuchaytirish;
— ayollarni barqaror qishloq xo‘jaligiga jalb qilish bo‘yicha gender tenglikka asoslangan strategiyalarni amalga oshirish.
Loyiha O‘zbekiston ekotizimlarini saqlash va ularning iqlim o‘zgarishiga chidamliligini oshirish yo‘lidagi muhim qadamdir.