Rasmiy munosabat
2025-02-08 08:00:00 / Yangiliklar
Toshkent viloyatida atmosfera havosining ifloslanishi monitoringi aks etgan videolavhada oʻlchash uskunasi RM 2,5 boʻyicha bir martalik 0,209 mg/m3 ni koʻrsatgan. Mutaxassislar tomonidan aynan ushbu hudud uchun oʻrtacha bir kunlik ifloslanish darajasini aniqlash maqsadida Jahon Sogʻliqni Saqlash Tashkilotining (JSST) tavsiyalari va ularga muvofiq ishlab chiqilgan 2023-yil 7-avgustdagi 0053-23-son Sanitariya qoidalari va normalari boʻyicha kun davomida bir necha bor oʻlchov ishlari amalga oshirilgan. Hududdagi aksariyat issiqxonalar Toshkent issiqlik elektrostansiyasidan hosil boʻladigan issiq suv orqali isitish tizimidan foydalanganligi sababli, kunlik lokal ifloslanish darajasi belgilangan meʼyorlardan oshmaganligi aniqlangan.
Ijtimoiy tarmoqlarda atmosfera havosida RM 2,5 zarralarining belgilangan meʼyoridan 40 marotaba ortganligi toʻgʻrisidagi xabarda hisoblash metodikalariga amal qilinmagan, yaʼni unda 209 mg/m3 – bir martalik meʼyorni JSSTning havo sifati boʻyicha tavsiyasining erishilishi mumkin boʻlgan eng yuqori oʻrtacha yillik koʻrsatkichga – 0.005 mg/m3 (5 mkg/m3)ga boʻlish orqali hisoblangan.
Taʼkidlash lozimki, Oʻzbekiston Respublikasida JSSTning havo sifati boʻyicha global tavsiyalaridagi 1-oraliq maqsadlariga muvofiq 2023-yil 7-avgustdagi 0053-23-son Sanitariya qoidalari va normalari tasdiqlangan. Unga koʻra, (RM 2,5) bir martalak oʻlchash meʼyori belgilanmagan, uning kunlik meʼyori (0,06 mg/m3,) va yillik meʼyori (0,035 mg/m3,) etib belgilangan.
|
|
JSSTning havo sifati bo‘yicha global tavsiyalari |
SanQvaN 0053-23 |
||||
Oraliq maqsadli ko‘rsatkichlar |
Eng yuqori ko‘rsatkich |
||||||
1 |
2 |
3 |
4 |
||||
РМ 2,5 mg/m3 |
Yillik |
0.035 |
0.025 |
0.015 |
0.01 |
0.005 |
0.035 |
Kunlik |
0.075 |
0.05 |
0.0375 |
0.025 |
0.015 |
0.06 |
|
Bir martalik |
Belgilanmagan |
JSSTning havo sifati boʻyicha global tavsiyalarida havo sifatini yaxshilashda bosqichma-bosqich rivojlanish va oraliq maqsadlarga erishish aholi salomatligi uchun sharoitlarni yaxshilashda muhim ekanligi koʻrsatib oʻtilgan.
Atmosfera havosidagi PM 2.5-mayda dispersiyali zarrachalarning ruxsat etilgan konsentratsiyasi boʻyicha xalqaro meʼyorlar.
Davlat |
Kunlik mg/m3 |
Yillik mg/m3 |
Bir martalik |
O‘zbekiston |
0.06 |
0.035 |
Qabul qilmagan |
Xitoy |
0.075 |
0.035 |
Qabul qilmagan |
Hindiston |
0.06 |
0.04 |
Qabul qilmagan |
АQSH |
0.035 |
0.012 |
Qabul qilmagan |
Yaponiya |
0.035 |
0.015 |
Qabul qilmagan |
Yevropa Ittifoqi |
Qabul qilmagan |
0.025 |
Qabul qilmagan |
Maʼlumot uchun: JSSTning havo sifati boʻyicha global tavsiyalari (https://iris.who.int/bitstream/handle/10665/345334/9789240035409-rus.pdf)
Shu oʻrinda taʼkidlash lozimki, Toshkent shahriga tutash 5 km hududda joylashgan 1875 ga yaqin issiqxona xaritasi tuzilgan. Toshkent shahriga kirib keladigan “Shamol guli” oqimining oʻrtacha yillik 80 foizi issiqxonalar maksimal joylashgan hududlar orqali oʻtadi. Havo haroratining pasayishi kuzatilayotgan kunlarda issiqxonalar maksimal ravishda joylashgan hududda isitish tizimlaridan foydalanganligi hisobiga atmosfera havosiga ifloslantiruvchi moddalarning yuklamasi ortmoqda. Shu sababli reyd va laborator izlanishlarning asosiy qismi tungi vaqtlarga toʻgʻri keladi. Maʼlumot uchun, noyabr-fevral oylarida 607 ta issiqxona oʻrganilgan. Ulardan faqat 53 tasida chang-gaz tozalash filtrlari oʻrnatilganligi (ular ham talabga javob bermaydigan (99,5 foiz) qoʻlbola usulda ishlab chiqarilgan boʻlib, samaradorligi 60 foizdan oshmaydi), 199 tasida ekologik ekspertiza xulosalari olinmaganligi, 18 tasida koʻmirdan tashqari rezina qoldiqlari, shox-shabbalar va boshqa chiqindilar yoqilganligi aniqlangan.
Mazkur holatlar boʻyicha issiqxonalarning 154 tasiga nisbatan qatʼiy jazo choralari koʻrildi, jumladan, 95 tasi faoliyati toʻxtatildi va 49 tasiga maʼmuriy jarima qoʻllanildi, 376 tasiga ekologik talablarga rioya etilishi boʻyicha koʻrsatmalar berildi.
Ushbu muammoning yechimi borasida, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 25-sentyabrdagi “Chang boʻronlariga qarshi kurashish va atmosfera havosi sifatini yaxshilash boʻyicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ–338-son qarorida Toshkent viloyatining Toshkent shahriga tutash hududlarida koʻmir bilan ishlaydigan issiqxonalarda samaradorligi kamida 99,5 foiz boʻlgan sertifikatlangan chang-gaz tozalash uskunalarini oʻrnatish vazifasi belgilangan.
Bu boʻyicha hozirda Hukumat, Markaziy bank hamda Investitsiya, sanoat va savdo vazirligi tomonidan chang-gaz tozalash uskunalarini xarid qilishni moliyalashtirish va ushbu uskunalarni ishlab chiqarishni mahalliylashtirish borasida aniq choralar koʻrilmoqda.
Shuningdek, “Oʻzbekiston-2030” strategiyasini “Atrof-muhitni asrash va “yashil iqtisodiyot” yilida amalga oshirishga oid davlat dasturi loyihasida ekologik holatni yaxshilash, jumladan atmosfera havosi ifloslanishining oldini olishga qaratilgan chora-tadbirlar belgilab berilmoqda.
Xususan:
– atrof-muhitga yuqori darajada salbiy taʼsir koʻrsatuvchi faoliyat turlarini amalga oshirishni taqiqlash va ularni Toshkent va Nukus shaharlari hamda viloyat markazlaridan bosqichma-bosqich koʻchirish;
– “Yevro – 4” standartidan past ekologik toifadagi motor yoqilgʻisidan foydalanish va sotishni cheklash;
– issiqlik va elektr energiyasi ishlab chiqarish korxonalarida yoqilgʻi sifatida mazutdan foydalanishni taqiqlash;
– atrof-muhitga taʼsir koʻrsatish boʻyicha I va II toifalarga mansub korxonalarga atmosfera havosi ifloslanishi fon monitoringi stansiyalari, chang-gaz va lokal suv tozalash uskunalari oʻrnatishni moddiy ragʻbatlantirish;
– xoʻjalik faoliyatini yurituvchi korxona va tashkilotlar tomonidan yetkazilgan ekologik zararlarni majburiy sugʻurtalash tizimini bosqichma-bosqich joriy etish nazarda tutilgan.
Bundan tashqari, atmosfera havosini muhofaza qilish boʻyicha uzoq muddatli strategiyani ishlab chiqish vazifasi yuklatilgan.
Yuqoridagilarni inobatga olib, soha yuzasidan berib borilayotgan maʼlumotlarning aniqligiga shubha paydo boʻlgan taqdirda, Ekologiya vazirligi axborot xizmati hamda tashkilot masʼullariga murojaat qilishingizni soʻraymiz.