Yoshlarning ekologiyaga oid huquqiy bilimlari mustahkamlanmoqda
2025-02-07 13:00:00 / Yangiliklar
Ma’lumot uchun, tanlov Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi, Bosh prokuratura, Oliy ta'lim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamda Maktabgacha va maktab ta'limi vazirligi tomonidan har yili yanvar-mart oylarida o‘tkaziladi. Tanlovda O‘zbekiston Respublikasida istiqomat qilayotgan 14 yoshga to‘lgan va 17 yoshdan oshmagan barcha yoshlar ishtirok etishlari mumkin.
Ekologiya vazirligi bo‘lim boshlig‘i, ko‘rik-tanlov doirasida tanlovning tashkiliy qo‘mitasi mas’ul kotibi Zarrina Abdullayeva hududlarda bo‘lib, ekofaol yoshlar bilan uchrashdi. Xususan, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Samarqand, Jizzax, Navoiy, Xorazm, Surxondaryo va boshqa viloyatlardagi uchrashuvlarda koʼrik-tanlovni yuqori saviyada oʼtkazishga e’tibor qaratildi. Shuningdek, yoshlarning sohaga oid huquqiy ongini mustahkamlash, atrof-muhitni muhofaza qilish borasidagi tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash muhim ekanligi ta’kidlandi.
“Tanlovda barcha ta’lim muassasalaridan 8 kishidan iborat jamoalar qatnashmoqda. Hozirda tanlovning uchinchi bosqichi bo‘lib o‘tmoqda. Biz har bir viloyatda bo‘lib, tanlov jarayonlarini bevosita kuzatib boryapmiz, tanlov har tomonlama shaffof, adolatli o‘tishiga e’tibor qaratyapmiz, — dedi Zarrina Abdullayeva. — Maqsadimiz yoshlarning atrof-muhitni muhofaza qilishga oid huquqiy bilimlarini mustahkamlashdir. Ekologiyani asrashda har tomonlama yetuk kadrlarni tayyorlash juda muhim hisoblanadi”.
Tanlovning uchinchi – tuman (shahar) bosqichi 14-fevralgacha davom etadi. Shuningdek, 17–28-fevral kunlari hududiy (Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri) bosqich bo‘lib o‘tadi. Tanlovning respublika bosqichi esa 10–12-mart kunlari maktab o‘quvchilari uchun Samarqandda, 17–19-martgacha esa kasb-hunar ta’lim muassasalari uchun Xorazmda o‘tkaziladi.
Tanlovda jamoalar "Bu bizning hudud”, "Intellektual ring", "Ekologiya uchun barchamiz mas'ulmiz", "Eng yaxshi ekologik loyiha" kabi shartlar bo‘yicha bellashishmoqda. Bunda yoshlarning respublikamiz ekologiyasini asrab-avaylashga, ekomadaniyatni targ‘ib qilishga, plogging, iqlim o‘zgarishlari, daraxt kesish hamda suv muammolari, yosh ekologlar sonini ko‘paytirish, sohaga investitsiyalarni jalb qilish va boshqa shu kabi dolzarb masalalarga qaratilgan loyihalari va tashabbuslariga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Bu kabi tanlovlar yoshlarning ekologik huquqiy ongi va madaniyatini yuksaltirish, qonun ustuvorligini ta'minlash va qonuniylikni mustahkamlash, shuningdek, yoshlarni O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiya va boshqa qonun hujjatlariga hurmat ruhida tarbiyalash, huquqiy immunitetni shakllantirishga xizmat qiladi.