Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirining “Ekologik ekspertiza va atrof-muhitga ta’sirni baholash to‘g‘risida”gi qonun loyihasi muhokamasidagi nutqi
2024-08-12 12:55:00 / Rahbariyatning bayonotlari va nutqlari
![Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirining “Ekologik ekspertiza va atrof-muhitga ta’sirni baholash to‘g‘risida”gi qonun loyihasi muhokamasidagi nutqi](/_next/image?url=https%3A%2F%2Fapi-portal.gov.uz%2Fuploads%2Fb46a396c-d305-3c68-11dc-8590c011cbe3_lists_slider_18566.jpg&w=3840&q=75)
Eʼtirof etish joiz, Yangi Oʻzbekiston davrida mamlakatda atrof muhit muhofazasi va iqlim oʻzgarishi sohasida mavjud ekologik muammolarni yechimiga qaratilgan hamda soha boshqaruvida transformatsiya jarayonlariga yoʻnaltirilgan keng qamrovli islohotlar amalga oshirildi.
Sohaning barcha yoʻnalishlari qatorida ekologik xavfsizlikni taʼminlashda muhim boʻlgan ekologik ekspertiza institutini xalqaro talablarga mos ravishda takomillashtirish saʼy-harakatlari olib borildi.
Oʻzbekistonda ekologik ekspertiza oʻtkazishning huquqiy asoslari bundan salkam chorak asr oldin qabul qilingan “Ekologik ekspertiza toʻgʻrisida”gi Qonun va bir qator qonunosti hujjatlarida belgilangan.
Lekin, aytish joiz, amaldagi huquqiy hujjatlar tarqoq hamda qator normalar havola xususiyatga ega ekanligi, sohani tizimli tartibga solishning xalqaro talablarga mos boʻlgan huquqiy mexanizmlari belgilanmaganligi mamlakatimizda ushbu faoliyat rivojlangan davlatlar darajasidan past koʻrsatkichlarda qolmoqda. Bu oʻz navbatida xalqaro investorlarning kirib kelishiga, mamlakat imidjiga salbiy taʼsir koʻrsatmoqda.
Shuningdek, amaldagi qonunda asosiy jumlalarga xuquqiy taʼrif berilmaganligi, ekologik ekspertiza institutida ishtirok etuvchilarning xuquq va majburiyatlari koʻrsatilmaganligi, ekologik ekspertiza obyektlarining atrof-muhitga taʼsiri boʻyicha toifasining koʻpligi, ayrim ekspertiza jarayonlarining huquqiy mexanizmlari mavjud emasligi ham ushbu tadbirni amaliyotda keng qoʻllashga toʻsqinlik qilmoqda.
Amaldagi qonun normalarini tizimlashtirish, jarayonlar ketma-ketligi taʼminlash maqsadida yangi qonun loyihasi 47 ta moddadan iborat 10 ta bobga ajratildi.
Amaldagi qonundan yangi tahrirda ishlab chiqilgan qonun loyihasi quyidagilar bilan farq qiladi:
Birinchidan, yangi tahrirdagi Qonun loyihasi Ekologik baholashning barcha jabhalarini qamrab olishi sababli “Ekologik ekspertizasi va atrof-muhitga taʼsirni baholash toʻgʻrisida” etib nomlandi.
Atrof-muhitga taʼsirni baholash rejalashtirilayotgan faoliyatni realizatsiya qilishdan oldin oʻtkaziladi. Shu bilan birga, atrof-muhitni baholash oʻz ichiga strategik ekologik baholashni qamrab oladi.
Atrof-muhitga taʼsirni baholash jarayoni ekologik ekspertizadan oʻtadigan ushbu muhim ekologik tadbir amaldagi qonun bilan tartibga solinmagan.
Ikkinchidan, “Elektron hukumat” prinsiplariga asosan atrof-muhitga taʼsirni baholash boʻyicha yagona avtomatlashtirilgan axborot tizimining xuquqiy asoslari belgilab berilmoqda.
Ushbu mexanizm tadbirkorlik subyektlari uchun ekspertizaga oid materiallarni on-layn tarzda taqdim etish va ekspertiza xulosalarini olish imkoniyatini beradi.
Bu esa sohada inson omilini cheklash orqali korrupsion holatlarni hamda tadbirkorlik subyektlarining ovoragarchiligini oldini olish va tizimning shaffofligini taʼminlaydi.
Uchinchidan, Loyihalarning atrof-muhitga taʼsirini baholash tizimini xalqaro qabul qilingan normalarga moslashtirish maqsadida strategik ekologik baholash tizimini joriy etish normalari belgilanmoqda. Mazkur xalqaro standartlarni qabul qilinishi jozibador investitsion muhitni taʼminlash imkonini beradi.
Toʻrtinchidan, amaldagi Qonun bilan ekologik ekspertiza obyektlari atrof muhitga taʼsir darajasi boʻyicha toʻrtta toifaga ajratilgan boʻlib, bunda atrof muhitga lokal taʼsir koʻrsatuvchi toʻrtinchi toifa obyektlari, yaʼni bunda asosan minglab kichik tadbirkorlik subyektlari faoliyatiga noqulayliklarni, byurokratik toʻsiqlarni va ortiqcha vaqt va moliya xarajatlarini keltirib chiqarmoqda.
Xalqaro amaliyotdan kelib chiqqan holda, ekspertiza obyektlari atrof-muhitga taʼsiri boʻyicha uch toifaga boʻlinmoqda, bunda amaldagi toʻrtinchi toifadagi obyektlar uchun atrof-muhitga taʼsirni baholashning – skrining va skouping mexanizmlarini joriy etishni nazarda tutuvchi normativ-xuquqiy xujjat ishlab chiqilishi belgilanmoqda.
Taʼkidlash joiz, ushbu progressiv norma mamlakatimizda faoliyat olib borayotgan xalqaro mexanizm talablariga javob berish imkoniyatlariga ega boʻlishi mumkin boʻlgan 50 mingdan oshiq tadbirkorlik subyektlariga ekologik ekspertiza xulosalarisiz faoliyat olib borish hamda salkam 8 mlrd sumni tadbirkorlik subyektlarining oʻzida qolish imkoniyatlarini beradi.
Beshinchidan, atrof-muhitga taʼsirni baholash boʻyicha materiallar va ekologik normativlar loyihalarini ishlab chiquvchilarga nisbatan malaka sertifikatini joriy etish va tashkilotlarning reytingini shakllantirishning xuquqiy asoslari belgilanayotganligi oʻz navbatida ular tomonidan sifatsiz, belgilangan ekologik normalarga zid boʻlgan hujjatlarni tayyorlashni oldini oladi.
Oltinchidan, davlat ekologik ekspertizasi xulosalarining xolisligi va asoslanganligini taʼminlash, ekspertiza organlariga kelib tushgan murojaatlarni koʻrib chiqish, ularga uslubiy rahbarlik qilish, shuningdek, ekspertizani oʻtkazish bilan bogʻliq muammoli va bahsli masalalarni hal etish uchun doimiy faoliyat yurituvchi ekspertlar kengashi tashkil etilmoqda.
Bu esa oʻz navbatida amaldagi davlat ekologik ekspertizasini oʻtkazishga ekspert va mutaxassislarni jalb etish oʻrniga ushbu masalalarni kollegial ravishda koʻrib chiqish va hal etish imkoniyatlarini yaratadi.
Shu bilan birga, obyektlarning davlat ekologik ekspertizasini oʻtkazish uchun ekspertlar Kengashining tashkil etilishi va ular vakolatlarining belgilanishi hamda jamoatchilik ekologik ekspertizasining oʻtkazishning tashkiliy huquqiy asoslarini belgilanishi ekologik ekspertiza xulosalarini shaffofligini taʼminlashga xizmat qiladi.
Yettinchidan, ekologik ekspertizadan oʻtkazish muddatlari qayta koʻrib chiqilmoqda, bu esa oʻz navbatida ekspertiza xulosasini kechiktirmagan holda rasmiylashtirib berish va ekspertiza xulosasi talablarini keyingi bosqichlarda ijro etilishining toʻlaqonli nazoratini taʼminlash imkonini beradi.
Sakkizinchidan, qonun loyihasini Espo va Orxus konvensiyalari talablari doirasida takomillashtirish, jumladan, atrof-muhitga taʼsirni baholash jarayonlariga jamoatchilikni keng jalb etish, jamoatchilikning atrof-muhit bilan bogʻliq maʼlumotlarga ega boʻlishi, jamoatchilik eshituvlarining samarali huquqiy asoslarini yaratish koʻzda tutilgan.
Shuningdek, jamoatchilik ekologik ekspertizasini hamda jamoatchilik eshituvini oʻtkazish tartibini belgilash boʻyicha alohida normalar kiritilmoqda.
Muhtaram Spiker, hurmatli deputatlar!
Qonunning qabul qilinishi oʻz navbatida yangilangan Konstitutsiyaning 49-moddasida belgilangan fuqarolarning ekologik xuquqlarini, xususan ularning qulay atrof-muhitga va atrof-muhit holati toʻgʻrisida ishonchli axborotga ega boʻlish huquqini, shaharsozlik hujjatlari loyihalarini jamoatchilik muhokamasidan oʻtkazilishining xuquqiy asoslarini yaratadi.
Shuningdek, sohaga oid qonunchilik hujjatlari oʻrtasidagi tafovutlarni bartaraf etish imkonini berib, ekologik ekspertiza xulosasini berish tartib-taomillarini samarali va toʻgʻridan-toʻgʻri tartibga soluvchi normalar amaliyotga kiritiladi.
Xalqaro talablarni joriy etish hisobiga, xorijiy investor va tadbirkorlar uchun ishonchli va shaffof ekologik baholash tizimi taʼminlanadi, davlat ekologik ekspertizasi ekolog-ekspertining masʼuliyatini hamda davlat ekologik ekspertizaga taqdim etilayotgan atrof-muhitga taʼsirni baholash hujjatlari va ekologik normativlar loyihalarini sifati oshiriladi.
Davlat ekologik ekspertizasi obyektlari, strategik rejalashtirish hujjatlari loyihalarini tayyorlash va qabul qilishda davlat va jamoatchilikning ekologik, ijtimoiy va iqtisodiy manfaatlarini koʻrib chiqilishini taʼminlaydi.
Hurmatli deputatlar!
Qonun loyihasi tegishli vazirlik va idoralar bilan kelishilgan va maxsus elektron tizimda jamoatchilik fikrini oʻrganishga joylashtirilgan.
Qonun loyihasini qabul qilish va amalga oshirilishda Davlat byudjetidan qoʻshimcha mablagʻ talab etilmaydi.
Yuqoridagilarni inobatga olgan holda mazkur qonun loyihasini birinchi oʻqishda konseptual qoʻllab-quvvatlab berishlaringizni soʻraymiz!
Eʼtiboringiz uchun rahmat!