Asosiy kontentga o'tish

Birlashgan Millatlar Tashkiloti kuni

2025-10-24 / Voqealar taqvimi

Birlashgan Millatlar Tashkiloti (BMT) — dunyoda tinchlikni mustahkamlash va xavfsizlikni ta’minlash, davlatlarning o‘zaro hamkorligini rivojlantirish maqsadida tashkil etilgan xalqaro tashkilot hisoblanadi. 1945-yil 26-iyunda qabul qilingan BMT ustavi o‘sha yili 24-oktabr sanasida kuchga kirgan.

Keyinchalik Bosh assambleyaning 1948-yildagi rezolyutsiyasi bilan mazkur kun tashkilot tomonidan Birlashgan Millatlar Tashkiloti kuni sifatida nishonlanishi belgilandi. 1971-yilda esa Bosh assambleya o‘z rezolyutsiyasida a’zo davlatlarga 24 oktyabrni bayram sifatida nishonlashni tavsiya qiladi. Shu bilan mazkur sana xalqaro bayramga aylandi. Bu yil tashkilot tashkil etilganiga 77 yil bo‘ldi.    

BMT tarixiga nazar tashlaydigan bo‘lsak, uni tashkil etish haqidagi qaror AQSH, Birlashgan Qirollik, Xitoy va Sovet Ittifoqi tashqi ishlar vazirlarining Moskvadagi kengashida 1943 yilda qabul qilindi. BMT Ustaviga dastlab 51 davlat imzo chekkan, 2000-yilda esa ular soni 189 taga yetgan. bugungi kunda 200 ga yaqin davlat BMTga a’zo hisoblanadi.  

BMTning doimiy ish o‘rni (shtab kvartirasi) — Nyu-York, tashkilotning rasmiy tillari — ingliz, fransuz, rus, ispan va xitoy tillari bo‘lib, ingliz, fransuz, ispan tillarida ish yuritiladi. 

BMT Ustavida ko‘rsatilganidek, u xalqaro tinchlik va xavfsizlikni saqlash, xalqlarning teng huquqli bo‘lishi va o‘z taqdirini o‘zi belgilashi qoidasiga amal qilib, millatlar o‘rtasida do‘stlik munosabatlarini rivojlantirishni, iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy muammolarni hal etishda xalqlar o‘rtasida hamkorlik bo‘lishini ta’minlaydi.    

Ma’lumki, O‘zbekiston 1992-yil 2-martda BMTga a’zo bo‘ldi. Shu kuni BMT Bosh Assambleyasi binosi oldida O‘zbekiston Respublikasining Davlat bayrog‘i baland ko‘tarildi. 1993-yil 24-avgustda BMTning Toshkentdagi vakolatxonasi ochildi. BMTda O‘zbekiston Respublikasi vakolatxonasi ish boshladi. O‘zbekiston Respublikasi BMTning ta’lim, fan va madaniyat masalalari bilan shug‘ullanuvchi tashkiloti — YUNESKOga ham a’zo bo‘ldi.  

523

Oxirgi yangilanish: 2024-11-05 09:34:20