Namanganda 20 mingga yaqin muxlis guvohligida «Navbahor» «Nasaf»ni yengdi
2026-08-22 10:00:00 / Yangiliklar

Unda «Navbahor» o‘z maydonida amaldagi kuchli raqiblardan biri — «Nasaf»ni qabul qildi. Qariyb 20 ming nafar muxlis tomosha qilgan keskin va murosasiz uchrashuvda namanganliklar 1:0 hisobida g‘alaba qozondilar.
Uchrashuvdagi yagona gol birinchi bo‘lim yakunida, 45+2-daqiqada kiritildi. «Navbahor» futbolchisi Benjamin Teydining uzatmasidan so‘ng «Nasaf» himoyachisi Gʻolib Gʻaybullayev to‘pni o‘z darvozasiga kiritib qo‘ydi.
Ikkinchi bo‘limda mehmonlar hisobni tenglashtirish uchun jiddiy harakat qilgan bo‘lsa-da, «Navbahor» futbolchilari oxiriga qadar hisobni saqlab qoldilar.
Uchrashuvning 53-daqiqasida namanganliklar bir kishi kam bo‘lib qolganiga qaramay, jamoa munosib himoyalanib, muhim uch ochkoni qo‘lga kiritdi.
Shu tariqa, «Navbahor» Superliga-2026dagi navbatdagi g‘alabasini rasmiylashtirib, turnir jadvalida 3-o‘ringa ko‘tarildi.
Namangandagi futbol oqshomi yana bir bor «Navbahor»ning muxlislar bilan birgalikda katta maqsadlar sari intilayotganini namoyon etdi.
Davlatobod tumani hokimligi Axborot xizmati





