Chiroqchi tumani hokimi Xudoyqulov Bahodir Xudoyorovichning tuman ahliga murojaati
2026-05-20 10:45:00 / Rahbariyatning bayonotlari va nutqlari

Chiroqchi tumani hokimi Xudoyqulov Bahodir Xudoyorovichning tuman ahliga murojaati
Assalomu alaykum, hurmatli tumandoshlar!
Aziz ota-onalar, nuroniylar, ustoz va murabbiylar, mahalla faollari hamda kelajagimiz egalari bo‘lgan yoshlar! Bugun men sizlarga tuman rahbari sifatida emas, avvalo yurt taqdiriga daxldor inson, farzandlar kelajagi uchun qayg‘uradigan vatanparvar fuqaro sifatida murojaat qilmoqdaman. Hozirgi kunda butun dunyoda inson salomatligi, ayniqsa yoshlar tarbiyasi va ma’naviyatiga tahdid solayotgan eng xavfli illatlardan biri — giyohvandlik va psixotrop moddalarning tarqalishi bo‘lib qolmoqda. Afsuski, bu illat endi faqat ayrim joylarda emas, balki internet, ijtimoiy tarmoqlar va turli yot ta’sirlar orqali har bir xonadon ostonasigacha kirib kelmoqda.
Muhtaram Prezidentimiz rahbarliklarida mamlakatimizda inson qadrini ulug‘lash, aholi tinchligi va xavfsizligini ta’minlash, yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishiga aylandi. Ayniqsa, yoshlarni bilimli, kasb-hunarli, vatanparvar va ma’naviy yetuk insonlar qilib tarbiyalash bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Chunki barchamiz yaxshi anglaymiz: sog‘lom farzand — oilaning baxti, millatning kelajagidir.
Aziz tumandoshlar!
Bugungi kunda giyohvandlikka qarshi kurashish faqat huquqni muhofaza qiluvchi idoralarning emas, balki har bir ota-ona, har bir mahalla, har bir ta’lim muassasasi va butun jamiyatning umumiy vazifasiga aylanishi kerak. Shu maqsadda Chiroqchi tumanida bu borada profilaktika va ogohlik ishlarini yanada kuchaytirishga alohida e’tibor qaratamiz. Avvalo, mahallalarda sog‘lom muhitni shakllantirish, yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, ularni sport, kitobxonlik, san’at va kasb-hunarga keng jalb qilish ishlari yanada kuchaytiriladi. Har bir mahalla yoshlar tarbiyasi va xavfsizligi uchun mas’ul ekanini chuqur his qilishi lozim. Chunki farzand taqdiriga befarqlik — kelajakka befarqlikdir.
Hurmatli ota-onalar!
Farzand tarbiyasi eng katta mas’uliyat va eng ulug‘ vazifadir. Bugun farzandim qayerga bormoqda, kimlar bilan muloqot qilmoqda, internetda nimalarni kuzatmoqda — bularning barchasiga e’tiborli bo‘lish har bir ota-onaning burchidir. Chunki ba’zan bir lahzalik e’tiborsizlik yoshlar taqdiriga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
Aziz yoshlar!
Sizlar — Yangi O‘zbekistonning ishonchi, xalqimiz orzu-umidlarining davomchisisiz. Bugun sizlar uchun yaratilayotgan imkoniyatlardan samarali foydalanib, ilm olish, zamonaviy kasblarni egallash, chet tillarini o‘rganish va yurt taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shishingiz kerak. Yot g‘oyalar, zararli odatlar va giyohvandlik esa insonning nafaqat sog‘lig‘ini, balki orzu-intilishlari va kelajagini ham barbod qiladi. Shuning uchun har bir yosh o‘z hayotiga mas’uliyat bilan qarashi, sog‘lom turmush tarzini tanlashi va atrofidagilarga ham ijobiy namuna bo‘lishi zarur.
Qadrli tumandoshlar!
Biz bugun birlashsak, hamjihat bo‘lsak, farzandlarimiz uchun sog‘lom, tinch va xavfsiz muhitni albatta yarata olamiz. Keling, barchamiz birgalikda Chiroqchi tumanini giyohvandlik va turli salbiy illatlardan xoli, yoshlar erkin bilim oladigan, orzu qiladigan va kelajagini qurishga intiluvchi namunaviy hududga aylantiraylik.
Zero, yurt kelajagi — sog‘lom fikrli, ma’naviy yetuk va vatanparvar yoshlar qo‘lidadir. Barchangizni yurt tinchligi, oilalar farovonligi va farzandlar kelajagi yo‘lida hamjihatlikka chaqiraman.
E’tiboringiz uchun rahmat!
