Asosiy kontentga o'tish

Respublika ishchi guruhi Shofirkon tumanida boʻldi

2025-04-04 13:45:00 / Yangiliklar

Tomorqadan samarali foydalanishni tashkil qilgan holda aholi daromadlarini oshirish hamda kambagʻal oilalar bilan manzilli ishlash, obodonlashtirish va koʻkalamzorlashtirish ishlarini yanada faollashtirish orqali 2025-yilgi Navroʻz umumxalq bayramini va muborak Ramazon oyini koʻtarinki kayfiyatda oʻtkazish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 6-martdagi “Mahallalarda tomorqalardan samarali foydalanishni tashkil etish orqali aholi bandligi va daromadlarini oshirishga qaratilgan ishlarni yanada jadallashtirish toʻgʻrisida”gi 18-sonli Farmoyishi qabul qilingan. Oʻndan ortiq maqsadni oʻz ichiga olgan mazkur Farmoyish tufayli shu yil 11-mart kunidan boshlab yurtimiz, jumladan, viloyatimizda “dolzarb bir oylik” safarbarligi eʼlon qilingan.

Bu jarayonda respublika miqyosida mahallalarda 29 mingta kichik ishlab chiqarish, xizmat koʻrsatish, hunarmandchilik loyihalarini amalga oshirish, zarur qishloq xoʻjaligi texnikalari va asbob-uskunalarini ajratish, aholi xonadonlariga 1,23 million bosh parranda, 24 ming oila asalari, 21 ming bosh qoʻy-echki va qoramol yetkazib berish, 400 ming gektar aholi tomorqalarida va 180 ming gektar ijara asosidagi ekin yerlarida sabzavot-poliz, kartoshka, dukkakli va boshqa serdaromad mahsulotlarni ekib yetishtirish kabi dolzarb vazifalar ijrosiga eʼtibor qaratilmoqda. 

Jumladan, “dolzarb bir oylik” safarbarligi davrida Buxoro viloyatidagi mavjud 65 ming gektar atrofidagi aholi tomorqalaridan unumli foydalanishni tashkillashtirish, uy xoʻjaliklarida tomorqa va issiqxona faoliyatini jonlantirish barobarida chorvachilik, parrandachilik bilan birga quyonchilik, baliqchilik, asalarichilik kabi qoʻshimcha serdaromad tarmoqlarni yuritish, ijtimoiy muhofaza choralarini kuchaytirish orqali aholi yashash sharoitlarini yaxshilashga doir qator taklif va tavsiyalar ishlab chiqildi. 

Shu nuqtayi nazardan, kuni kecha respublika Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qoʻmitasi raisining oʻrinbosari Oʻktam Quronbayev viloyat hokimligi axborot-tahlil guruhi rahbari Hamid Majidov hamrohligida Shofirkon tumanida boʻlib, baʼzi ijtimoiy soha inshootlari, mahallalarda aholi tomorqalarini borib koʻrdilar.      

Tumanda foydalanishga topshiriladigan yangi inshootlardan biri tibbiyot birlashmasi zamonaviy rusumdagi binosidir. Zamonaviy meʼmoriy andoza asosida  qurilgan bu tibbiyot maskani aholiga yuqori sifatli tibbiy xizmat koʻrsatish imkoniyatini yaratadi. Shifoxona 301 bemor oʻrniga va poliklinika 260 qatnovga moʻljallangan boʻlib, besh qavatli mazkur tibbiyot birlashmasining barcha davolash boʻlimlari umumlashtirilgan. Qurilish qiymati 47 milliard 335 million soʻmlik loyiha doirasida bino yertoʻlasida yordamchi boʻlimlar, birinchi qavatda qabul va diagnostika boʻlimlari, raqamli rentgen, MRT, MSKT tekshiruvlari joylashtirilmoqda. 

Ikkinchi qavatda 17 oʻrinli anesteziologiya-reanimatsiya, 10 oʻrinli shoshilinch jarrohlik, 15 oʻrinli rejali jarrohlik, 15 oʻrinli otoloringologiya boʻlimlari tashkil etilishi belgilangan. Uchinchi qavatda 10 oʻrinli shoshilinch pediatriya, 10 oʻrinli shoshilinch terapiya, 25 oʻrinli bolalar boʻlimi, 6 ta bolalar anesteziologiyasi reanimatsiya, toʻrtinchi qavatda esa 90 oʻrinli tugʻruq majmuasi, beshinchi qavatda esa har bir boʻlim 20 oʻringa mos ravishda  kardilogiya, endokrinologiya, terapiya hamda nevrologiya boʻlimlari tashkil etilmoqda. 

Mutasaddilar bu binoda yaratilgan shart-sharoit, zamonaviy tibbiy uskuna va jihozlar bilan yaqindan tanishdilar. Yangi shifoxona binosi keng va yorugʻ xonalar, zamonaviy laboratoriyalar, shoshilinch yordam boʻlimlari, statsionar palatalar va texnologik jihatdan ilgʻor qurilmalar bilan taʼminlangani maqsadga muvofiqdir. 

Respublika Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qoʻmitasi raisining oʻrinbosari Oʻktam Quronbayev boshchiligidagi ishchi guruhi chekka tumandagi markaziy istirohat bogʻida ham boʻlib, maskanda amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdi. 

Bogʻdagi yangilanishshlar, bunyodkorlik va koʻkalamzorlashtirish ishlari mehmonlar eʼtiboridan chetda qolmadi. Bogʻ umumiy koʻrinishi, ekologik muhitni yanada yaxshilash maqsadida mevali va manzarali daraxt nihollari oʻtqazilayotgani eʼtirof qilindi. Bunda bolajonlar uchun yaratilayotgan shart-sharoit, jumladan, bogʻ hududidagi turli attraksionlar, yangi argʻimchoqlar, oʻyin maydonchalari ota-onalar uchun ham farzandlari mazmunli hordiq chiqarishiga  imkon yaratmoqda.

Keyingi manzil—tuman sanoatining istiqbolli loyihasi "Amirtex" fabrikasi boʻldi. “Buxoro Agroklaster” MCHJ tarkibidagi "Amirtex" tikuvchilik kompleksi taʼsischisi Azamat Sultonov tomonidan mutasaddilarga loyihaning ahamiyati, tashkil etilishi va tuman iqtisodiyotiga qoʻshayotgan ulushi haqida maʼlumot berildi. 

Korxona “Guliston” mahalla fuqarolar yigʻinida joylashgan boʻlib, Turkiya texnologiyalari asosida barpo etilgan. 120 metrga 108 metr oʻlchamdagi asosiy sex zamonaviy tikuv dastgohlari va texnikalar bilan toʻliq jihozlangan. Loyiha umumiy qiymati esa 50 milliard 700 million soʻmni tashkil etadi.  

“Amirtex” tikuvchilik majmuasi hozirda 300 ga yaqin ish oʻrnini yaratgan boʻlib, bu tuman aholisining bandligini taʼminlashda muhim oʻrin tutmoqda. Korxona paxta xom ashyosini toʻgʻridan-toʻgʻri tayyor mahsulotga aylantirish imkonini beruvchi zamonaviy sexlar, keng omborxonalar, ofis va qoʻshimcha binolardan iborat. Ushbu kompleks faoliyati, yaratilgan infratuzilma va yuqori sifatli mahsulotlar vakillarda katta taassurot qoldirdi.

Mehmonlar zamonaviy texnologiyalar asosidagi ishlab chiqarish jarayoni, mavjud shart-sharoit, xodimlar uchun yaratilgan imkoniyatlar bilan tanishdilar. Ular “Amirtex” tikuvchilik kompleksining iqtisodiy va ijtimoiy ahamiyati, ayniqsa, tumanda bandlikni oshirishdagi oʻrnini yuqori baholadilar. Kelgusida korxonanani yanada rivojlantirish chora-tadbiri belgilanmoqda.

Respublika hamda viloyat mutasaddilari boʻlgan “Qalmaqon” MFYda aholi turmush darajasini oshirish va jinoyatchilikning oldini olish, ijtimoiy muammolarni hal etish borasida bir qator chora-tadbir amalga oshirilmoqda. Ayni kunda 5 ming nafarga yaqin aholisi boʻlgan mahallada  ijtimoiy muhit barqarorligini taʼminlash, yoshlar tarbiyasi, bandlik va huquqbuzarliklar profilaktikasini kuchaytirish boʻyicha keng koʻlamli saʼy-harakat roʻyobga chiqarilmoqda. Oʻrganishlar jarayonida "mahalla yettiligi" masʼullari oʻz yoʻnalishlari boʻyicha amalga oshirgan ishlari yuzasidan hisobot berdilar.

Mahallada ishsizlikni bartaraf etish, ehtiyojmand oilalarga manzilli yordam koʻrsatishda ham tizimli yondashuv yoʻlga qoʻyilgan. Ishsiz fuqarolar mehnat bozoriga jalb etilib, tikuvchilik, duradgorlik, xizmat koʻrsatish, tadbirkorlik kabi yoʻnalishlarda faoliyat yuritmoqda. Bu esa “mahalla — xalqqa eng yaqin tuzilma”  tamoyili amalda oʻz isbotini topayotgani dalolatidir.

Tumanning Tezguzar hududida joylashgan “Haj agro” issiqxonasi bugun nafaqat sifatli mahsulot yetishtirayotgan xoʻjalik, balki issiqxonachilikda ilgʻor tajriba markazi sifatida tanilmoqda. Ana shunday natijalarga guvoh boʻlish maqsadida Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qoʻmitasi raisi oʻrinbosari Oʻktam Quronbayev boshchiligidagi ishchi guruhi mazkur issiqxonada ham boʻldi. 

Oʻrganishlar chogʻida mehmonlar issiqxona faoliyati, ekin parvarishi va agrotexnika qoidalariga amal qilinishi bilan yaqindan tanishdilar. “Haj agro”da yil davomida ikki marotaba hosil olinadi: kuzda bodring, pomidor, bahorda esa baqlajon, bulgʻor qalampiri ekib yetishtiriladi. Hozirda issiqxonada “Barselona F1” va “Avrora” navli baqlajon hosil bera boshlagan boʻlib, iyun oyida terim toʻliq yakunlanadi. Muhimi, bu yerda zamonaviy agrotexnik usullar asosida parvarish qilinayotgan har bir tup baqlajondan 4 kilogram atrofida hosil olinmoqda. Issiqxonada faoliyat yuritayotgan jamoa har mavsumda yuqori natijalarga erishib kelmoqda. 

Tashrif davomida mutasaddilar mirishkorlar bilan suhbatlashib, tomorqa va issiqxonachilikdagi agrotexnik yondashuvlar, mahsulot sifatini oshirish va bandlik yuzasidan fikr almashdilar.Albatta, bu kabi zamonaviy loyihalar koʻpayishi aholi turmush darajasini yanada yaxshilashga xizmat qiladi. 

Viloyat hokimligi matbuot xizmati

79

Oxirgi yangilanish: 2025-04-04 16:13:18

Respublika ishchi guruhi Shofirkon tumanida boʻldi