Asosiy kontentga o'tish

Viloyat hokimining oʻrinbosari ishtirokida Poyjoʻyda ehtiyojmand oilalar tomorqasiga nihol oʻtqazildi

2025-03-18 18:30:00 / Yangiliklar

Viloyatda ehtiyojmand oilalarni kambagʻallikdan chiqarish va doimiy daromad manbaiga ega boʻlishini taʼminlashga doir zarur chora-tadbirlar koʻrilmoqda. Viloyat hokimining qishloq va suv xoʻjaligi masalalari boʻyicha oʻrinbosari Amrillo Nazarov tomonidan Romitan tumani “Poyjoʻy” MFYda oʻziga biriktirilgan kambagʻal oilalar aʼzolari bilan yuzma-yuz koʻrishib, ular tashvish-muammolari hal qilinmoqda.

— Ayni kunda Qalʼabolo, Oʻzbakon, Yuqori va Quyi Poyjoʻy qishloqlarini oʻz ichiga olgan mahallamizda 810 ta xonadon, 1040 ta oila boʻlib, ularda jami 4 mingdan ortiq aholi umrguzaronlik qilib kelmoqda, – deydi “Poyjoʻy” mahalla fuqarolar yigʻini raisi Navroʻz Gadoyev. — Ayni kunda umumiy hisobda mahalla ijtimoiy reestridan 99 ta oila joy olgan boʻlib, ularni moddiy «sogʻlomlashtirish», ishsizlari bandligini taʼminlash orqali ularga daromad manbaini yaratishda muayyan ishlar qilinmoqda. Viloyat hokimining oʻrinbosari bevosita birkitilgan xonadonlarga kelsak, Laylo Toʻrayeva, Maftuna Qoʻziyeva, Dilshoda Roʻziyeva, Sojida Zayniyeva, Nodirabegim Sayfiyevalar oilalari moddiy qoʻllab-quvvatlanmoqda.  

Masalan, yashash sharoiti yaqindan koʻzdan kechirilib, turmushini yaxshilash uchun avvalo chuqurlashtirilgan tibbiy koʻrikka jalb qilinayotgan bu fuqarolarning har biriga layoqati va xohishiga mos ish bilan taʼminlash harakatiga kirishilgan.  Xususan, Dilshoda Roʻziyeva hududdagi “Romiteks” yengil sanoat korxonasiga, oylik maoshi 2,5 million soʻmga teng ish taklif qilingani holda yashash uyining fasad qismi taʼmirlab berilmoqda. Qolaversa, xonadonda 5 sotixli tomorqa yerini obod qilib, har mavsumda undan sabzavot mahsulotlarini ekib yetishtirish orqali roʻzgʻor ehtiyojini qoplash mumkinligi tushuntirilgan.    

Xuddi shunday, Laylo Toʻrayeva hamda Maftuna Qoʻziyevalar oilalarida ham oylik daromad 1 million soʻm atrofida boʻlib, har birida 10 sotixdan ziyod tomorqa yeridan unumli foydalanilsa, bemalol daromad topish mumkinligi tavsiya qilingan. Qaramogʻida norasida farzandlari boʻlgan bu oilalar bekalarini ish bilan taʼminlab, tibbiy koʻrikka jalb qilib, salomatliklari tiklanmoqda. 

Bundan tashqari, aynan Poyjoʻy mahallasida ijtimoiy muhofazaga olingan Soniya Rahmonova, Kenjagul Beshimova, Farida Nurova, Qunduz Ergasheva singari ehtiyojmand, yakka-yolgʻiz onalar holidan xabar olinib, ular turmush sifatini yaxshilash choralari koʻrilmoqda. 
Erta bahor koʻchat oʻtqazish mavsumi munosabati bilan kuni kecha bu oilalar vakillari ham xonadonlari atrofida, tomorqa yerlari chetida 100 tupga yaqin mevali va manzarali daraxt koʻchatlarini oʻtqazdilar.  

Viloyat hokimligi matbuot xizmati

 

75

Oxirgi yangilanish: 2025-03-18 18:37:07

Viloyat hokimining oʻrinbosari ishtirokida Poyjoʻyda ehtiyojmand oilalar tomorqasiga nihol oʻtqazildi